Muhammad alayhissalomga payg'ambarlik kelishidan oldin arablar tartibsiz hayot kechirar edilar. Ular na bir qonunga bo'ysunar va na birorta yagona dinga e'tiqod qilar edilar. Osmonlarini jaholat buluti qoplagan edi. Buning natijasida turli xil botil aqidalar ularning qon-qonlariga singib ketgan bo'lib, gohida o'z qo'llari bilan yasab olgan haykallarni iloh desalar, gohida ko'z o'ngilarida chiqib-botib turgan yulduzlarni iloh der edilar. Shu sababli har kim o'z ota-bobosidan meros qilib olgan e'tiqodni haq deb bilar edi. Lekin shunga qaramay ularning o'zlariga yarasha kichkinagina kengashlari bo'lib, bu kengash orqali o'rtalaridagi mojaro va turli muammolarni hal qilar edilar. Bundan tashqari ba'zi yaxshi odat va qadriyatlar ham yo'q emas edi. Bu odatlarning ba'zisi ularga otalari Ismoil alayhissalomning shariatlaridan qolgan bo'lsa, ba'zilari qo'shni diyorlarda yashayotgan yahudiy va nasroniylardan kirib kelgan, boshqalari esa urf-odat va hayot tajribasi orqali yuzaga kelgan edi. Masalan, ularda ham taloq, nikoh, zihor kabi ijtimoiy masalalar mavjud bo'lib, o'zlarining tartib intizomlariga muvofiq o'tkazar edilar. Ayol kishi o'z valiysiga kimga tegmoqchi ekanligini aytar, valiy esa xabarni yigitga etkazar, agar yigit rozi bo'lsa valiy orqali kelinga mahr berar va shundan keyin kelin kuyovnikiga kelar edi.
Shuningdek, qasos olishda ham arablarning mashhur qoidalari bor edi. Masalan, “ikkinchi qatl birinchi qatlni bekor qiladi”, “yanglishib o'ldirib qo'yilganda o'lgan kishining diyasi qotilning ota tomonidan bo'lgan eng yaqin qarindoshi zimmasiga yuklanadi” va hokazo kabi qoidalar mavjud edi. Lekin mazkur qonun va qoidalar xalq orasidagina mavjud bo'lib, birorta ham kitobga qayd qilib yozib qo'yilmagan va bu qonunlari hayotlarini tartib-intizomga solib turish uchun etarli emas edi. Arablarning ahvollari to Islom dini kelgunicha shunday davom etdi. Alloh taolo qurib-qaqshab yotgan arab yarim orolini Islom diniga beshik, dunyo bo'ylab hidoyat va ilm quyoshi chiqadigan joy bo'lishini, urushqoq va qahri qattiq a'robiylarni Islom dinining da'vatchisi va uning himoyachisi bo'lishligini hoxladi.
اللَّهُ أَعْلَمُ حَيْثُ يَجْعَلُ رِسَالَتَهُ
ya'ni: “Alloh payg'ambarlikni qayerga qo'yish (ravo ko'rish)ni yaxshi biluvchidir” (An'om surasi, 124-oyat).
Payg'ambarlik davridagi qonunchilik
Islom dini barcha insonlarga bab-barobar kelgan, lekin shundoq bo'lsa ham u birinchi bo'lib arablarning hayot tarzlarini isloh qilishdan boshladi. Chunki, Alloh taolo ularni O'z dinining yordamchisi va uning da'vatchisi bo'lishlarini ixtiyor qilgan edi. Siz yuqoridagi mavzuda tanishib o'tganingizdek, arablarning ahvollari ikki holat bilan ajralib turar edi: diniy hayotlarida butparastlik, ijtimoiy hayotda beqarorlik. Arablarni bunday tartibsizlikdan olib chiqish va Allohning diniga yordamchi qilib tarbiyalash uchun ulardagi mana shu ikki holatni tuzatmoq lozim edi. Bu holatni tuzatish esa arablarning qalbiga yolg'iz Allohga bo'lgan e'tiqod urug'ini ekish, xolis Uning o'zigagina ibodat qilmoqqa yo'llash, ulardagi razil axloqlarni butkul qo'porib tashlash, yomon odatlarga chek qo'yish, chiroyli va namunali odob va axloqlarni ularning tabiatlariga singdirish bilan hamda ularning barcha ishlarida qo'llanadigan, turmush tarzlarida uning ko'rsatmasiga amal qiladigan qat'iy qonun joriy qilish bilan amalga oshar edi.
Makkadagi qonunchilik
Islom dini birinchi ishni e'tiqodni isloh qilishdan boshladi. Chunki, e'tiqod asosiy poydevor hisoblanib, boshqa narsalar uning ustiga bino qilinadi. Shuning uchun ham avval shu maqsadni amalga oshirish, undan keyingina ijtimoiy hayot qonunlarini joriy qilishga kirishdi.
Aynan shu sababli Makkada – hijratdan oldin – nozil bo'lgan Qur'on oyatlariga nazar tashlaydigan bo'lsangiz, unda mushriklarni shirkdan qaytarishga, ularni tavhid (yakka xudolik)ga da'vat qilishga, Osmon va Yer haqida, mavjudotlarning yaratilishi haqida fikr qilishga undovchi, ota-bobolarning noto'g'ri e'tiqodlariga taqlid qilishni bas qilishga chaqiruvchi, ajdodlardan qolgan johiliyat odatlari bo'lmish odam o'ldirish, zino, qizlarni tiriklayin ko'mish kabi ishlardan yuz o'girishga buyuruvchi ma'nolarni ko'rishingiz mumkin. Shuningdek, Makkiy oyatlarda Islom axloq-odoblaridan namunalar keltiriladi, masalan, adolat, vafo, ehson, yaxshilik ishlarda o'zaro hamkorlik qilish, adovat va gunoh ishlarda birovga yordam bermaslik va hokazo. Ko'pgina oyatlarda Alloh bergan aqlni ishlatishga, o'z aql-idroklari orqali to'g'ri yo'lni topib olishga chaqiradi. O'zlariga yuborilgan payg'ambarga qarshi chiqmaslikka, aks holda ilgari yashab o'tgan kishilarning boshiga kelgan balo va ofatlar ularga ham kelib qolishi mumkin ekanligini ta'kidlaydi. Ularni qon-qonlariga singib ketgan johiliyat odatlaridan xalos qilib, yaxshi odat va an'analarni hayotlariga singdirish uchun barcha uslublarni qo'llaydi.
Qur'oni karim ushbu davrda nozil bo'lgan oyatlarda shariatning ikkinchi tomoniga (ya'ni ibodatlar) juda oz miqdorda e'tibor qaratgan, hattoki ibodatlarning aksari hijratdan keyingina joriy qilingan. O'limtik, qon va Allohdan boshqaga atab so'yilgan go'shtni eyish haromligi haqidagi ahkomlar Islom aqidasini saqlash uchun zarur bo'lganligi sababidan ham hijratdan oldin joriy qilingan edi.
Mana shu Islomning Qur'oni karimning ko'pgina oyatlarida tutgan yo'li va uslubidir. Qur'on oyatlari olti mingdan ziyod bo'lishiga qaramay undagi ahkom oyatlar soni ikki yuzta atrofidadir, undan boshqalari esa yuqorida biz zikr qilib o'tgan mavzularga tegishlidir.
Qur'oni karim o'n uch yil davomida mana shu uslubda nozil bo'ldi. Islom e'tiqodi ko'pchilikning qalbida ildiz otib shirk zalolati aqida nuri oldida g'oyib bo'ldi. Islom diniga kiruvchilarni turli azob va xo'rlashlar bilan undan to'suvchi dushmanlarning hiyla va nayranglari eng yuqori darajaga chiqdi. Shu vaqtda Alloh taolo avval mo'minlarga, so'ngra Payg'ambar alayhissalomga ansorlarning diyori, musulmonlarning yangi vatani hamda kelajakda Allohning yo'liga da'vat qilishda asosiy o'rin tutuvchi quvvat manbai bo'lmish Madinai Munavvaraga hijrat qilishga izn berdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, futbol o‘ynash va shaxmat donalarini surib turish aqlni peshlaydi, tafakkurni teran qiladi, kishida tez qaror qabul ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida shaxmat va mini futbol sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etib, musobaqani kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tabiiyki, har bir musobaqada g‘oliblar aniqlanadi. Bu bellashuvlarda ham g‘alaba kuchlilarga, tajribalilarga kulib boqdi.
Hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra shaxmat bo‘yicha:
I o‘rin Dilshodbek domla Umirtoyevga (Shayxontohur tumani);
II o‘rin Komiljon domla Nuraliyevga (Yashnobod tumani);
III o‘rin Sarvar domla Muhammadiyevga (Sergeli tumani) nasib etdi.
Shuningdek, mini futbol bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
I o‘rinni Chilonzor tumani imom-xatiblari jamoasi;
II o‘rinni Yunusobod tumani jamoasi;
III o‘rinni Uchtepa tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchi va homiylarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati