Dunyo kun-sayin rivojlanmoqda, texnologiya sohasi ham soat sayin taraqqiy etmoqda. Lekin insonlarning axloqiy-ma'naviy jihati tobora yomonlashib bormoqda.
Insoniyat turmush tarzi, transport, aloqa va barcha sohalar o'ta zamoniylashgan bo'lsada, ammo hayot tobora murakkablashib, qiyinlashib bormoqda.
Tartibsizlik, umidsizlik, tushkunlik kun tartibimizga aylanyapti. Baxtli, quvonchli kunlar o'tmishdagi orzu bo'lib qolyapti. “Kambag'al bo'lib qolsamchi”, “Saraton kasaliga duchor bo'lsamchi” degan qo'rquv va hadiksirash insonlar aqlini band qilmoqda. Bu kabi kishilar qalbi va ongida yashiringan qo'rquvlar insonlarni tushkunlikka olib bormoqda.
Shuni bilingki, bandaning rizqi keng yoki tor bo'lishi, bemor yo sog'lom bo'lishi faqat Alloh taoloning izni va irodasi bilan bo'ladi. Hatto bitta dona barg ham Allohning iznisiz uzilib erga tushmaydi. Agar inson har bir ish faqatgina Allohning xohishi bilan bo'lishiga chin qalbdan ishonsa turli shubhalar, xavotirlar aslo uni tashvishga solmaydi. Bugungi kunda zamonaviy qashshoqlik hukm surmoqda. Bu – boylik bor, lekin baxt yo'q deganidir.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Abu Zarr, molning ko'pligini boylik deb o'ylaysanmi?” dedilar. “Ha, yo Allohning Rasuli”, dedim. U zot alayhissalom: “Molning kamligini kambag'allik deb o'ylaysanmi?” dedilar. “Ha, yo Allohning Rasuli”, dedim. U zot alayhissalom bunday dedilar: “Haqiqiy boylik qalbning boyligidir, haqiqiy kambag'allik esa qalbning kambag'alligidir. Kimning qalbi boy bo'lsa, dunyoda duch kelgan narsasi (qiyinchiliklari) unga zarar qilmaydi. Kimning qalbi kambag'al bo'lsa, dunyoni qancha ko'p to'plamasin, foyda bermaydi. Ziqnaligi unga zarar etkazadi, xolos”.
Qanoatli banda dunyo tashvishlaridan mahzun bo'lmaydi, tushkunlikka tushmaydi. Zero, pulga uyni sotib olish mumkin, lekin xotirjamlikni emas, pulga to'shak sotib olish mumkin, lekin uyquni emas. Shifokorlar bugungi kunda juda ko'plab odamlar uyqusizlik kasaliga duchor bo'layotganidan ogohlantiradilar.
Boshqa tomondan, yo'l ustida, shovqin, tirband joyda, odamlarga ishga shoshayotgan vaqtda daraxtning soyasi tagida bir tilanchi kambag'alning uxlab yotganini ko'rishingiz mumkin.
Insonni tushkunlikka tushiradigan eng katta sabab va omil bu – gunohdir. Bu haqda psixotrop yoki giyohvand modda iste'mol qilgan yosh yigitdan so'rab ko'ring. U dastlab osmonlarda, bulutlar uzra uchib yuradi. Ammo o'ziga kelganda shunday tushkunlikka tushadiki, uning ko'ziga faqatgina ikki yo'l ko'rinadi: birinchisi: o'z joniga qasd qilish, ikkinchisi: yana dorilarni qabul etish...
Insonni tinchlantiruvchi dorilar vaqtinchalik aldovdir. Bu bilan o'zingizni-o'zingiz aldaysiz. Haqiqatni yashirayotganingizni o'zingiz yaxshi bilasiz. Bunday niqob orqali siz baribir tinchlikka erisha olmaysiz, muammodan chiqmaysiz.
Sizning bu holatingiz go'yoki mashina ustasiga borib, “mashinamdan qandaydir ovoz chiqyapti, lekin muammo nimada ekanini topa olmayapman” degan kishiga o'xshaydi. Usta ham mashinani tekshirib ko'rib, u ham muammo nimada ekanini topa olmaydi. Shunda haydovchiga bir taklif beradi. “Men bu muammoni hal qilib bera olaman. Agar mashinangizni haydaganingizdagi ovoz sizni qattiq bezovta qilayotgan bo'lsa, radio ovozini biroz ko'tarib qo'ying, xolos. Bu bilan va'da beraman sizning muammoingiz tekinga hal bo'ladi”.
Ammo bu bilan siz muammoni hal qilganingiz yo'q! Faqatgina unga niqob kiydirdingiz, berkitib, yashirdingiz. Lekin muammo sizning o'y-hayolingizda turaveradi, kun sayin kattalashib, yomonlashib ketaveradi.
“Alloh siz bilan birga” degani bu – to'lqinsiz dengizda suzish degani emas. Alloh siz bilan degani bu – to'lqin, to'fon ta'sir qila olmaydigan kemada suzish deganidir.
Chunki dengizga tushgan odam to'lqinga duch kelmaydi deb hech kim kafolat bermaydi. Demak, inson hayotda albatta muammoga yo'liqadi. Lekin Alloh siz bilan birga ekan, hech qanday bo'ron yoki to'fon kemangizni cho'ktira olmaydi. Bu ruhiy xotirjamlik, Allohga chin qalb ila ishonishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadislarida aytganlaridek: “Kimning qalbi boy bo'lsa, dunyoda duch kelgan narsasi (qiyinchiliklari) unga zarar qilmaydi”.
Qalbi boy bandani sinovlar tushkunlikka tushira olmaydi. Bu bilan banda har qanday musibatga bee'tibor bo'ladi demoqchi emasmiz. Yo'q, aslo. Bunday bandaga Alloh taolo O'zi kuch-quvvat, diqqatni jamlay olish qobiliyatini beradi. Natijada, banda musibat vaqtida asabiylashmaydi, o'zini yo'qotib ham qo'ymaydi. Oxiratdagi mukofot va savoblar umidida go'zal sabr qiladi, faqat Allohga suyanadi...
Davron NURMUHAMMAD
Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.
"موت العالم موت العالم"
— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi:
"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."
"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."
Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...
Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.
Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.
Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.
Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.
Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
“Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.
Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li