Hozirgi oylarimizni nomlari taqvimlarda «muharram» deb yozilsada, bizni dono xalqimiz necha asrlardan beri bu oylarni «ashuro» (arab t. «o‘n kunlik») oyi deb ulug‘lab kelgan. Shuning uchun ham shunday ulug‘, muqaddas, fazilatli oylarning hurmat-sharofatlaridan, muqaddas pok Islom dinimizga bo‘lgan beqiyos mehri yuzasidan, payg‘ambarlarimizga bo‘lgan kamoli ehtiromidan va cheksiz hurmatidan ota-bobokalonlarimiz o‘zlarining shakardan shirin farzandlarini «Ashurali», «Ashurbek», «Ashurgul», «Ashuraxon», «Ashurmat», «Muharram», «Muharrambek», «Muharramxon» kabi ismlar bilan nomlab kelgan. Sababi – bu oyda insoniyat tarixidagi ko‘p payg‘ambarlarning hayotlarida olamshumul voqealar sodir bo‘lgan.
Eng qiziqarli joyi va eng taajjublanarli joyi shundaki, har bir payg‘ambarlarning yashab o‘tgan davrlari oralarida necha ming yillar bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, har birlarining hayotlaridagi bo‘lgan olamshumul voqealar aynan ashuro oyining aynan 10 kunida ro‘y bergan! (Bu yil 29 avgustga to‘g‘ri keladi). Jumladan, Odam alayhissalom va Momohavoning 40 yil davomida qilgan tavbalari aynan shu kunda qabul bo‘ldi, Nuh alayhissalomning to‘fondan qutulishlari, Ibrohim alayhissalomning uloqtirilgan olovdan omon qolganlari, Yoqub alayhissalomning o‘g‘illari bilan topishishlari, Yunus alayhissalomning baliq qornidan chiqishlari, Ayyub alayhissalomning xastalikdan shifo topishlari, Muso alayhissalomning ashaddiy dushmanlari Fir’avnning g‘arq bo‘lishi Ashuro kunida, ya’ni muharram oyining 10 kunida yuz berdi.
Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro kuni, bu oyning to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlarini bog‘lagan kecha Ashuro kechasi bo‘lib, muborak fursatlardir. Hadisi shariflarda ushbu muborak kun Ashuro kunining fazilatlari to‘g‘risida quyidagi bitiklar yozilgan:
– "Ashuro kuni zarra qadar sadaqa bergan kishiga Alloh taolo Uxud tog‘icha savob beradi";
– "Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforatdir";
– "Kim muharram oyining o‘ninchi kunida ro‘za tutsa, Alloh taolo unga o‘n mingta farishtaning savobini beradi. Kim muharram oyining o‘ninchi kunida ro‘za tutsa, unga o‘n mingta hoji va umra qilgan kishining hamda o‘ng ming shahidning savobi beriladi";
– "Kim muharram oyida ro‘za tutsa, bir kun ro‘zasi uchun o‘ttiz kun ro‘zani savobi beriladi";
– "Kim Ashuro kunida bitta yetimning boshini silasa, Alloh taolo har bir soch tolasi barobarida uning darajasini ko‘taradi" (bugungi kunlarda moddiy ta’minot ham beqiyos katta ahamiyatga ega);
– "Kim Ashuro kechasi bitta mo‘minga iftor qilib bersa, go‘yo Muhammadning barcha ummatlariga iftorlik qilib bergan va ularning qorinlarini to‘yg‘azganlik savobiga erishadi" (bugungi kunlarda ota-onamizga, o‘z xonadonimizda o‘z oilamizga qilsak, balki undan ham behisob ko‘proq savob bo‘ladi);
– "Kim Ashuro kunida o‘z ahli oilasiga qo‘proq nafaqa qilsa (ya’ni, ro‘zg‘orini but qilib bersa), Alloh taolo yil davomida o‘ning rizqiga kengchilik beradi".
Bu xususda Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.
Endi bir fikr yuritaylik… Shunday ulug‘ payg‘ambarlarni boshlaridagi katta tashvishlaridan, chekkan azoblaridan, og‘ir qiyinchiliklaridan, turli mashaqqatlaridan qutulishlarini Alloh taolo nega oylarni podshosi bo‘lgan, oylarning sultoni bo‘lgan Ro‘za oyida emas, nega butun dunyodan musulmonlar bir joyga – Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Ka’batulloxga – yig‘iladigan Xaj oyida emas, nega Yer yuzidagi musulmonlarning bayramlari bo‘lgan Ramazon xayitida emas, nega Islom dinining katta xayit kuni bo‘lgan Qurbon xayitida emas? Vaholangki, bir yilda 365 kun bor! Ular yashab o‘tgan davrlari oralarida necha ming yillar bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, balki aynan shu oyda va eng taajjublanarlisi, aynan shu kunda ixtiyor etgan?
Demak, bu oyning o‘zgacha xislatlari bor ekan! Demak, bu oyda Yer yuziga Alloh taolo o‘zgacha iloxiy nazari bilan, o‘zgacha rahmat nazari bilan qaraydigan oy ekan! Demak, bu oyda bandalariga Xudoi taolo tomonidan insonni aqli ojizlik qiladigan ko‘p yaxshiliklar, beqiyos ne’matlar, ulug‘ xislatlar, fayzu baraka yog‘iladigan oy ekan! Shuning uchun ham buyuk zotlarni – katta payg‘ambarlarni tashvishdan xotirjamlikka, azobdan rohatga, qiyinchilikdan yengillikka, mashaqqatdan farog‘atga chiqishlarini Alloh taolo aynan shu oyda ixtiyor etgan!
Hozirgi oylarimiz shunday ulug‘ fazilatli oylar ekan! Mazkur buyuk, muhim va olamshumul voqealar Xudoi taoloning inoyati ila aynan shu oyda sodir etilganligi bejiz emas! Bandaning Yaratgandan yalinib so‘rayotganlari ijobat bo‘ladigan oylar ekan! Xudoga aytayotgan iltijolari mustajob bo‘ladigan oylar ekan! Parvardigorga yolvorayotgan nolalari qabul bo‘ladigan oylar ekan! Alloh taologa kechayu-kunduzlari turli xil o‘rinlarda qilayotgan duolari maqbul bo‘ladigan oylar ekan!
Ulug‘larimizni dono, purhikmatli so‘zlari bor: «O‘zligini anglab yetgan, qalbiga quloq solgan har bir inson o‘ziga, men bu foniy dunyoda nima ish qildim, yana qanday ishlar qilishga vaqtim va qurbim yetadi, degan savolni berishi kerak. Ana shu savol inson qalbini tozartiradi, uni bosavob, ezgu ishlarga chorlaydi».
Keling, muhtaram azizlar, bunday ulug‘ oylarni, fazilatli kunlarni bizlar ham g‘animat bilib, yurtimiz, el-xalqimiz, mahallamiz, oilamiz, qarindoshlarimiz, qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, yaqinlarimiz xaqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik…
Iloho jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimizni ravnaqi, dono xalqimizni salomatligi va farovonligi uchun muhtaram Yurtboshimiz rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin!
Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!
Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-barakalar berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!
Kecha, 29 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari xalqaro konferensiya doirasida Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot hamda Qirol Abdulloh II nomidagi Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, mamlakatlar rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi munosabatlarga zamin bo‘layotgani, aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgani, unda diniy ta’lim, zamonaviy fatvo ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganiga urg‘u qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga Davlatimiz Rahbari sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Diniy idora Fatvo markazi ulamolari mazkur institutdagi o‘quvlarda muntazam ishtirok etib kelayotgani, iordaniyalik ulamolar mamlakatimizdagi anjumanlarda doimiy qatnashib kelayotgani, xususan, Islomiy ilmlar dorulfununi doktori Shayx Saloh Abul Hoj faolligi uchrashuvda alohida ta’kidlandi.
Iordaniya muftiysi zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi mutafakkirlar yetishib chiqqani, yurtimiz ulamolari din rivojiga katta hissa qo‘shgani, Islom aqidasini himoya qilishdagi beqiyos xizmatlariga urg‘u qaratdi.
Ahmad Ibrohim Hasanot Samarqandda o‘tayotgan konferensiyaning dolzarbligi haqida gapirib, bugungi kunda moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotgani, moturidiylik maktabining ilm-ma’rifat, mo‘tadillik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdagi o‘rnini yuqori baholadi. Shuningdek, u o‘zbekistonliklar fayzu baraka, ilm-ma’rifatni arab olamidan emas, balki o‘zlarining o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari merosidan olishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekanini izohladi.
Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda ushbu o‘quv dargohi masjid imom-xatiblari tayyorlanishi va ularning malakasi oshirish, diniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, ekstremizm va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish ishlari bilan shug‘ullanishini bildirdi.
Uchrashuv nihoyasida zamonaviy fatvolarni ishlab chiqish, diniy soha xodimlari malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot olib borishda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati