Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

MUBORAK  ASHURO OYINING MUBORAK FAZILATLARI

26.08.2020   5248   6 min.
MUBORAK  ASHURO OYINING MUBORAK FAZILATLARI

Hozirgi oylarimizni nomlari taqvimlarda «muharram» deb yozilsada, bizni dono xalqimiz necha asrlardan beri bu oylarni «ashuro» (arab t. «o‘n kunlik») oyi deb ulug‘lab kelgan. Shuning uchun ham shunday  ulug‘, muqaddas, fazilatli oylarning hurmat-sharofatlaridan, muqaddas pok Islom dinimizga bo‘lgan beqiyos mehri yuzasidan, payg‘ambarlarimizga bo‘lgan kamoli ehtiromidan va cheksiz hurmatidan ota-bobokalonlarimiz o‘zlarining shakardan shirin farzandlarini «Ashurali», «Ashurbek», «Ashurgul», «Ashuraxon», «Ashurmat», «Muharram», «Muharrambek», «Muharramxon» kabi ismlar bilan nomlab kelgan. Sababi – bu oyda insoniyat tarixidagi ko‘p payg‘ambarlarning hayotlarida olamshumul voqealar sodir bo‘lgan.

Eng qiziqarli joyi va eng taajjublanarli joyi shundaki, har bir payg‘ambarlarning yashab o‘tgan davrlari oralarida necha ming yillar bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, har birlarining hayotlaridagi bo‘lgan olamshumul voqealar aynan ashuro oyining aynan 10 kunida ro‘y bergan! (Bu yil 29 avgustga to‘g‘ri keladi). Jumladan, Odam alayhissalom va Momohavoning 40 yil davomida qilgan tavbalari aynan shu kunda qabul bo‘ldi, Nuh alayhissalomning to‘fondan qutulishlari, Ibrohim alayhissalomning uloqtirilgan olovdan omon qolganlari, Yoqub alayhissalomning o‘g‘illari bilan topishishlari, Yunus alayhissalomning baliq qornidan chiqishlari, Ayyub alayhissalomning xastalikdan shifo topishlari, Muso alayhissalomning ashaddiy dushmanlari Fir’avnning g‘arq bo‘lishi Ashuro kunida, ya’ni muharram oyining 10 kunida yuz berdi.

Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro kuni, bu oyning to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlarini bog‘lagan kecha Ashuro kechasi bo‘lib, muborak fursatlardir. Hadisi shariflarda ushbu muborak kun Ashuro kunining fazilatlari to‘g‘risida quyidagi bitiklar yozilgan: 

– "Ashuro kuni zarra qadar sadaqa bergan kishiga Alloh taolo Uxud tog‘icha savob beradi";

– "Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforatdir"; 

– "Kim muharram oyining o‘ninchi kunida ro‘za tutsa, Alloh taolo unga o‘n mingta farishtaning savobini beradi. Kim muharram oyining o‘ninchi kunida ro‘za tutsa, unga o‘n mingta hoji va umra qilgan kishining hamda o‘ng ming shahidning savobi beriladi";

– "Kim muharram oyida ro‘za tutsa, bir kun ro‘zasi uchun o‘ttiz kun ro‘zani savobi beriladi";

– "Kim Ashuro kunida bitta yetimning boshini silasa, Alloh taolo har bir soch tolasi barobarida uning darajasini ko‘taradi" (bugungi kunlarda moddiy ta’minot ham beqiyos katta ahamiyatga ega); 

– "Kim Ashuro kechasi bitta mo‘minga iftor qilib bersa, go‘yo Muhammadning barcha ummatlariga iftorlik qilib bergan va ularning qorinlarini to‘yg‘azganlik savobiga erishadi" (bugungi kunlarda ota-onamizga, o‘z xonadonimizda o‘z oilamizga qilsak, balki undan ham behisob ko‘proq savob bo‘ladi);

– "Kim Ashuro kunida o‘z ahli oilasiga qo‘proq nafaqa qilsa (ya’ni, ro‘zg‘orini but qilib bersa), Alloh taolo yil davomida o‘ning rizqiga kengchilik beradi".

Bu xususda Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.

Endi bir fikr yuritaylik… Shunday ulug‘ payg‘ambarlarni boshlaridagi katta tashvishlaridan, chekkan azoblaridan, og‘ir qiyinchiliklaridan, turli mashaqqatlaridan qutulishlarini Alloh taolo nega oylarni podshosi bo‘lgan, oylarning sultoni bo‘lgan Ro‘za oyida emas, nega butun dunyodan musulmonlar bir joyga – Makkai mukarrama, Madinai munavvara, Ka’batulloxga – yig‘iladigan Xaj oyida emas, nega Yer yuzidagi musulmonlarning bayramlari bo‘lgan Ramazon xayitida emas, nega Islom dinining katta xayit kuni bo‘lgan Qurbon xayitida emas? Vaholangki, bir yilda 365 kun bor! Ular yashab o‘tgan davrlari oralarida necha ming yillar bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, balki aynan shu oyda va eng taajjublanarlisi, aynan shu kunda ixtiyor etgan?

Demak, bu oyning o‘zgacha xislatlari bor ekan! Demak, bu oyda Yer yuziga Alloh taolo o‘zgacha iloxiy nazari bilan, o‘zgacha rahmat nazari bilan qaraydigan oy ekan! Demak, bu oyda bandalariga Xudoi taolo tomonidan insonni aqli ojizlik qiladigan ko‘p yaxshiliklar, beqiyos ne’matlar, ulug‘ xislatlar, fayzu baraka yog‘iladigan oy ekan! Shuning uchun ham buyuk zotlarni – katta payg‘ambarlarni tashvishdan xotirjamlikka, azobdan rohatga, qiyinchilikdan yengillikka, mashaqqatdan farog‘atga chiqishlarini Alloh taolo aynan shu oyda ixtiyor etgan!

Hozirgi oylarimiz shunday ulug‘ fazilatli oylar ekan! Mazkur buyuk, muhim va olamshumul voqealar Xudoi taoloning inoyati ila aynan shu oyda sodir etilganligi bejiz emas! Bandaning Yaratgandan yalinib so‘rayotganlari ijobat bo‘ladigan oylar ekan! Xudoga aytayotgan iltijolari mustajob bo‘ladigan oylar ekan! Parvardigorga yolvorayotgan nolalari qabul bo‘ladigan oylar ekan! Alloh taologa kechayu-kunduzlari turli xil o‘rinlarda qilayotgan duolari maqbul bo‘ladigan oylar ekan!

Ulug‘larimizni dono, purhikmatli so‘zlari bor: «O‘zligini anglab yetgan, qalbiga quloq solgan har bir inson o‘ziga, men bu foniy dunyoda nima ish qildim, yana qanday ishlar qilishga vaqtim va qurbim yetadi, degan savolni berishi kerak. Ana shu savol inson qalbini tozartiradi, uni bosavob, ezgu ishlarga  chorlaydi».

Keling, muhtaram azizlar, bunday ulug‘ oylarni, fazilatli kunlarni bizlar ham g‘animat bilib, yurtimiz, el-xalqimiz, mahallamiz, oilamiz, qarindoshlarimiz, qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, yaqinlarimiz xaqlariga Yaratgandan yaxshi tilaklar so‘raylik…

Iloho jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimizni ravnaqi, dono xalqimizni salomatligi va farovonligi uchun muhtaram Yurtboshimiz rahbarliklari ostida hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin!

Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-barakalar berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

Ibrohimjon INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi

07.05.2025   3309   3 min.
Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi

Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda,  uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].

Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.

“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.

Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu  anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.

Shoir aytadi:

Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.

Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:

– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Baqara surasi, 214-oyat.
[2]  Yusuf surasi, 83-oyat.