قُلۡ إِن كَانَتۡ لَكُمُ ٱلدَّارُ ٱلۡأٓخِرَةُ عِندَ ٱللَّهِ خَالِصَةٗ مِّن دُونِ ٱلنَّاسِ فَتَمَنَّوُاْ ٱلۡمَوۡتَ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ٩٤
94. Ayting: "Alloh huzuridagi oxirat diyori boshqalar qolib yolg‘iz sizlarniki sanalsa, rostgo‘y bo‘lsangizlar, o‘zingizga tezroq o‘lim tilanglar".
O‘zi yo‘qligida buzoqqa sig‘inib, Allohga shirk keltirgan nodon qavmga Muso alayhissalom bunday dedi: "Ey qavmim, sizlar buzoqqa sig‘inish bilan o‘zlaringizga zulm qildinglar, bu mushriklik albatta jazosiz qolmasligi kerak. Endi bir-birlaringizni o‘ldirish bilan Yaratuvchingizga tavba qilinglar. Parvardigor nazdida bunday o‘lim o‘zlaringizga yaxshiroqdir". Bu gapdan keyin buzoqqa sig‘inmaganlar qo‘llariga qurol olib, mushriklarni tig‘dan o‘tkaza boshladi. Bir kechaning o‘zida shu tariqa yetmish ming kishi halok bo‘ldi, ba’zi rivoyatlarda esa uch ming kishi qatl etilgani aytiladi.
وَلَن يَتَمَنَّوۡهُ أَبَدَۢا بِمَا قَدَّمَتۡ أَيۡدِيهِمۡۚ وَٱللَّهُ عَلِيمُۢ بِٱلظَّٰلِمِينَ٩٥
95. Ular qilmishlari sababli hargiz-hargiz o‘limni orzu qila olishmaydi. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir!
Bani Isroilning mushriklari gunoh ishlar qilishdan uyalishmasa-da, o‘limdan nihoyatda qo‘rqishar edi. Yahudiylar maqtanib: "Jannatga bizlardan boshqa hech kim kirmaydi va bizga azob ham yo‘q", deyishar edi. Parvardigor: "Agar rostdan ham jannatiy bo‘lsanglar, nechun o‘limdan qo‘rqasizlar?" deb marhamat qilmoqda. Ajal yetib kelsa, Alloh bir insonning jonini olishni iroda qilsa, u banda qayerda va qay holatda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘lim farishtasi bir zumda uning jonini qabz qiladi. Bu borada Jaloliddin Rumiyning "Masnaviy"ida ibratli bir rivoyat bor: "Bir kuni Sulaymon alayhissalom do‘stlari bilan o‘tirgan edi. Shu payt o‘lim farishtasi Azroil alayhissalom kirib, o‘tirganlardan biriga diqqat bilan qaradi. U odam hazrati Azroilning bunday qarashidan juda qo‘rqib ketdi. So‘ngra Sulaymon alayhissalomga: "Ey Payg‘ambarim, menga yordam qiling, hozirgina Azroil alayhissalom menga juda qattiq tikilib qaradi, jonimni olsa kerak?" dedi. "Xo‘sh, nima qilay, mendan nima istaysan?" deb so‘radi undan hazrati Sulaymon. "Shamolga buyuring, meni bir zumda Hindistonga eltib tashlasin. Shoyad, shunda Azroil panjasidan qutulib qolsam..." Sulaymon alayhissalom uning istagini bajo keltirdi. Shamolga buyurib, uni Hindistonga jo‘natdi. Ertasiga yana Azroil alayhissalom ko‘rishish uchun Hazrati Sulaymonning oldilariga keldi. Suhbat asnosida Sulaymon alayhissalom undan: "Kechagi odamga bunchalar tikilib qolganingiz sababi nima edi?" deb so‘radi. Shunda Azroil alayhissalom bunday dedi: "Alloh taolo menga u odamning jonini Hindistonda olishni buyurgan edi. Uning oldingizda o‘tirganini ko‘rib, juda hayron bo‘ldim. Alloh amrini yanglish angladimmikin, deya hayratlandim. Shu bois, unga diqqat bilan tikilgan edim... Buyruqni to‘g‘ri anglagan ekanman. Oradan biroz o‘tgach, Hindistonga bordim. Uni o‘sha yurtdan topib, jonini oldim".
وَلَتَجِدَنَّهُمۡ أَحۡرَصَ ٱلنَّاسِ عَلَىٰ حَيَوٰةٖ وَمِنَ ٱلَّذِينَ أَشۡرَكُواْۚ يَوَدُّ أَحَدُهُمۡ لَوۡ يُعَمَّرُ أَلۡفَ سَنَةٖ وَمَا هُوَ بِمُزَحۡزِحِهِۦ مِنَ ٱلۡعَذَابِ أَن يُعَمَّرَۗ وَٱللَّهُ بَصِيرُۢ بِمَا يَعۡمَلُونَ٩٦
96. (Ey Muhammad), ularning hayotga mushriklardan ham ko‘proq hirs qo‘yganini bilasiz. Ularning har biri ming yil umr ko‘rishni xohlaydi, holbuki uzoq umr ham ularni Allohning azobidan qutqarolmaydi. Alloh ularning har bir kirdikorini ko‘rib turadi.
Yahudiylar butun tarixlari davomida uzoq yashashga ishtiyoqmand bo‘lishgan, o‘limni nihoyatda yomon ko‘rishgan. Ammo ularga bu hayotlarining pokiza, insofli bo‘lishi yoxud fojirlarcha o‘tishining mutlaqo ahamiyati yo‘q. Nima qilib bo‘lsayam, qanday hayot kechirishsayam, gunohlarga to‘la bo‘lsa ham, uzoq yashashsa bo‘ldi. "Yahudiy qomusi"ning 308-betida yozilishicha, "Yahudiylar mamlakatda ham, xorijda ham umrboqiylikda ajralib turishadi, ular uzoq umr ko‘rish bo‘yicha hatto nasroniy aholini ham ortda qoldirishgan".
Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga xitob qilyaptiki, ummatingizga ayting, dunyo hayotiga aldanib, oxiratni esdan chiqarishmasin, chukni bu dunyoda qancha ko‘p yashashsa ham u foniydir, abadiy hayot bo‘lmish oxirat dunyosi esa orzumand bo‘lishga arziydi. «Dunyoni yamadik yirtib olib dinimizdan, din ham ketdi, dunyo ham ketdi qo‘limizdan», deya fig‘on chekdi ulug‘ shayx Ibrohim Adham. Yana bir tasavvuf shayxi va ulug‘ olim Hasan Basriy: «Dunyo kezib oxiratini topganni ko‘rmadik, lekin oxiratini qidirib, dunyosini topganlarni ko‘rdik. Allohga ont ichib aytamanki, pul aziz qilgan har insonni Alloh xor aylagay», deydi afsuslanib. Shu zotning aytishicha, «Odamzot uch narsaga afsuslanib bu dunyodan ko‘chadi: to‘plagan moli va boyligi bilan to‘ymaydi, orzulariga erisholmaydi, oxirat uchun hozirligini qilolmaydi».
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.