Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Otamiz odamdan merosdir bu ish

09.04.2024   366   4 min.
Otamiz odamdan merosdir bu ish

 

Yashil makon 


Yurtimizda qadimdan bog‘ barpo etish, daraxtlar ekish, gulzorlar va chamanlar bunyod qilish ezgu an’ana sifatida avloddan-avlodga o‘tib, bu amallar aynan bahor faslida ko‘proq amalga oshiriladi. Har yili bahor boshlanishi bilan, xalqimiz ta’biricha, “Hamal keldi – amal keldi” bo‘lsa, qishloqlarda qimirlagan jon borki, dalaga oshiqadi. Ezgu niyatlar bilan yerga nihol qadaydi. Ayniqsa, o‘g‘il farzandli bo‘lgan otalarning xayrli niyatlar bilan teraklar ekishi millat davomiyligini ta’minlaydi.
Shugina emas, balki bahor bebaho qadriyatlarimizning nasldan-naslga bezavol o‘tishini ta’minlovchi fasldir. E’tibor bergan bo‘lsangiz, otaxonlar hasharlar uyushtirib, farzadlariga, nabira-abiralariga daraxtlarni qanday butashni, oqlashni, yerga nihol qadashni o‘rgatishadi. Bu xalqimizga xos katta maktab.
Mamlakatimizda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida yurtimiz bog‘u bo‘stonga aylanmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi jamoasi ham “Yashil makon” doirasida poytaxtimizdagi barcha masjidlar hududlariga turli mevali va manazarali ko‘chatlar, gulu rayhonlar ekishni boshlab yubordi.
Kuni kecha Chilonzor tumanidagi “Do‘mbirobod” jome masjidi, shu bilan birga, tumandagi barcha masjidlar hovlilariga daraxtlar o‘tqazildi, rayhonlar ekildi. Bu an’ana izchil davom etadi.
Muqaddas dinimizda ham ziroat, ya’ni dehqonchilik qilish ulug‘lanadi. Yerdan unib chiqayotgan o‘simliklar Alloh taoloning mo‘jizasidir. Qur’oni karimda: «Sizlar ekayotgan ziroatlaringizni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni sizlar undirurmisiz yoki Biz undiruvchimizmi?!» (Voqea surasi, 63–64-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Bu hadis ko‘chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog‘li ulug‘ ekaniga dalolat qiladi va ko‘chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham manfaat yetkazib turadi, qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.
Boshqa bir rivoyatda “Agar musulmon banda biror tup ko‘chat ekadigan bo‘lsa, undan inson, hayvon yoki qush yesa, bu o‘sha bandaga qiyomat kunigacha sadaqai joriya bo‘ladi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko‘chalaridan o‘tayotsa, ko‘chat ekayotgan odamga ko‘zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilayapsiz, axir, siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Shoshma, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Kim bir ko‘chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi» (Imom Ahmad rivoyati).
Muqaddas dinimizning ana shu buyruqlari millatimizning qadriyatlari qatoridan joy olib, istiqlol tufayli yangicha ma’no-mazmun kasb etayotgani ayni haqiqat.
Zaminimiz serunum, yerga cho‘p tiqsak, nihol bo‘lib ko‘kka bo‘y cho‘zishini tajribada ko‘p marta kuzatganmiz. Lekin, afsuski, ayrimlarning hayhotdek tomorqasi yil bo‘yi bo‘sh yotishi kishi dilini xufton qiladi. Bunday holatlarni ko‘rib, hatto bashariyat otasi Odam alayhissalom ham yerdan unumli foydalangani, dehqonchilik bilan shug‘ullangani esimizga tushadi. Allohning erka bandasi ham serg‘ayrat bo‘lgani bizga namunadir.
Demak, ko‘chat ekish, ekin-tikin qilish, tomorqalardan unumli foydalanish savobli amallar sirasiga kiradi. Kishi dunyodan o‘tib, amal sahifasi yopilgandan so‘ng ham uning haqiga muttasil ravishda savob borib turishi uchun yerga nihol qadashi kerak. Shunday ekan, bu ezgu ishdan chetda qolmaylik.

Abduqahhor domla YUNUSOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

16.07.2025   4159   1 min.
“Rasululloh, sizga salavot qanday aytiladi?”

حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.

Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.

U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.

Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.


Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD