«“U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayho) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, najot topmaslar”. (Zulayho) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir”»(Yusuf, 24).
Barcha payg'ambarlar gunohdan ma'sumdirlar. Shuning uchun muhaqqiq mufassirlar o'z tafsirlarida Yusuf (alayhissalom)ning botil, harom ishlarga moyillikdan pok bo'lganlarini bayon etganlar.
«“U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayho) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” dedi».
«(Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?!”» Mujohid, Ibn Ishoq va Suddiy kabi ko'plab mufassirlar, tarjimada “hojam” deb berilgan, oyatdagi “Robbiy” kalimasinidan murod ayolning eri deyishgan. Mufassir Zajjoj esa, undan murod Alloh taolodir degan. Yusuf (alayhissalom) Alloh taoloning o'zlariga bergan ne'matlarini eslab, shuncha ne'matlar bergan Zotga osiylik qilmasliklarini aytganlar, deb tafsir qilgan.
“Zolimlar, zotan, najot topmaslar”. O'ziga sanoqsiz ne'matlar berilgan Zotga osiy bo'lgan kishi, o'z nafsiga zulm qilgan bo'ladi va undaylar, albatta, halokatga yo'liqadi.
“(Zulayho) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi”. Ma'lumki, ba'zi hollarda gaplar orasida to'xtamay, bir-biriga ulab so'zlanganda, ma'no o'zgarib ketadi. Shuning uchun mufassirlar oyatning “(Zulayho) unga moyil” deyilgan qismida to'xtab, tin olib, keyin “u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi)”, qismini o'qish kerak, deyishadi. Bunday yomon-munkar ishni amalga oshirish yo'lida harakat qilish gunoh hisoblanadi. Mufassirlarning yozishlaricha, Zulayhoning xohishi ana shunday bo'lgan.
Qalbga beixtiyor kelgan, ammo qasd va harakat qilinmagan xohish, agar tilga chiqarilmasa va u asosida ish tutilmasa, kishi uning uchun gunohkor bo'lmaydi. Payg'ambarimiz Muhammad (sollalllohu alayhi va sallam): “Ummatimning xayolidan biron narsa o'tganda, toki uni gapirmasa yoki amalga oshirmasalar, Alloh ularni kechirib yuboradi”, deganlar.
Abu Nasr Qushayriy aytadi: “Alloh rizosi uchun ro'za tutayotgan odam jazirama kunda muzdek suvni ko'rib qolsa, tabiiy ravishda ichkisi keladi. Ammo imoni ro'za tutgani uchun suv ichishdan qaytaradi. O'sha odam suv ichishga moyil bo'lgani uchun gunohkor bo'lmaydi” (Qurtubiy).
“Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi)”. Oyatdagi “hujjat”dan murod Yusuf (alayhissalom)ning kuchli iymoni edi. Alloh o'z bandalarini doim kuzatib turganligini bilish, undan qo'rqish, banda uchun gunohlardan saqlovchi qo'rg'ondir. Zinoning gunohi og'ir va oqibati sharmandalik ekanini bilish va undan saqlanish haqiqiy iymonning mevasidir.
Mufassirlar oyatdagi “hujjat” so'zi tafsirida bir necha rivoyatlarni keltirishgan:
1. Otalari Ya'qub (alayhissalom) barmoqlarini tishlagan holatda ko'rindilar va ko'ksiga urib yubordilar.
2. Alloh Yusuf (alayhissalom)ga yaxshilik qilayotgan xojasini ko'z oldiga keltirib, hushyor qildi.
3. Honada: “Albatta, sizlarni nazorat qilib turuvchi, amallaringizni yozib turuvchi farishtalar bor”, deb yozilgan oyatga ko'zi tushdi...” (Ibn Kasir tafsiri, 2-juz).
“Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik”. Mufassirlar oyatdagi “yomonlik”ni shahvat, “fahsh”ni esa noshar'iy jinsiy aloqa deb ham tafsir qilishgan. Ba'zi mufassirlar: «Oyatdagi “yomonlik”dan murod kishining birodariga, yaqiniga xiyonat qilishidir», deyishgan.
“Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir”. Yusuf (alayhissalom) bu tur yomonliklardan himoya qilingan, barcha ishlarini Alloh taolo ko'rib turganini biladigan, ixlosli va tanlangan banda, payg'ambar edilar. Alloh taolo imonli, taqvoli bandasini O'ziga do'st tutadi va gunohdan asraydi.
** ** **
Bu oyatdan ayollarning yomon yo'llardan qaytishi or-nomusli erkaklarga bog'liqligini bilib olamiz. Ha, yigitlar oriyatli, ilmli, sharmu hayoli bo'lib tarbiya topishlari, qiz bolalarning tarbiyasidan ko'ra ahamiyatliroq. Lekin taassufki, keyingi paytda ko'pchilik bunga e'tibor bermay qo'ydi. Ularning fikricha, hayo va ibo faqat xotin-qizlarga xos. Shu sabab, o'g'il farzandlarining ba'zi beodobona qiliqlari va behayo so'zlariga e'tibor bermay, beparvo qarashadi. Bu, albatta, katta xato! Chunki odob-axloq barchaga birdek zaruriy xislatlardir.
Alloh taolodan qo'rqish har bir yaxshilikning kafolatidir. Jamiyatning asosi bo'lgan oilaning farovonligi, ahilligi, farzandlarning kamoli ham erkaklarimizga bog'liq. Buni Payg'ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning so'zlari ham tasdiqlaydi: «Qiyomat kunida Arshning soyasidan boshqa soya bo'lmagan vaqtda, Parvardigori olam etti (toifa) kishini O'z panohida asraydi... ulardan biri, go'zal va badavlat ayol zinoga chaqirganida “Men Allohdan qo'rqaman deb”, zinodan qochgan odam...»
Alloh taolo barchalarimizni taqvoli va ixlosli bandalardan qilsin. O'zi adashtirmasin.
Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.
Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi
imom noibi Anvarxon Akramov
Manba: @Softalimotlar