Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2025   |   11 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:22
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:39
Xufton
21:04
Bismillah
05 Avgust, 2025, 11 Safar, 1447

Pok yigitlar sardori

08.04.2024   370   7 min.
Pok yigitlar sardori

«“U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayho) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?! Zolimlar, zotan, najot topmaslar”. (Zulayho) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik. Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir”»(Yusuf, 24).

Barcha payg'ambarlar gunohdan ma'sumdirlar. Shuning uchun muhaqqiq mufassirlar o'z tafsirlarida Yusuf (alayhissalom)ning botil, harom ishlarga moyillikdan pok bo'lganlarini bayon etganlar.

«“U (Yusuf) uyida bo'lgan ayol (Zulayho) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” dedi».

«(Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo'lsa?!”» Mujohid, Ibn Ishoq va Suddiy kabi ko'plab mufassirlar, tarjimada “hojam” deb berilgan, oyatdagi “Robbiy” kalimasinidan murod ayolning eri deyishgan. Mufassir Zajjoj esa, undan murod Alloh taolodir degan. Yusuf (alayhissalom) Alloh taoloning o'zlariga bergan ne'matlarini eslab, shuncha ne'matlar bergan Zotga osiylik qilmasliklarini aytganlar, deb tafsir qilgan.

“Zolimlar, zotan, najot topmaslar”. O'ziga sanoqsiz ne'matlar berilgan Zotga osiy bo'lgan kishi, o'z nafsiga zulm qilgan bo'ladi va undaylar, albatta, halokatga yo'liqadi.

(Zulayho) unga moyil, u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi”. Ma'lumki, ba'zi hollarda gaplar orasida to'xtamay, bir-biriga ulab so'zlanganda, ma'no o'zgarib ketadi. Shuning uchun mufassirlar oyatning (Zulayho) unga moyil” deyilgan qismida to'xtab, tin olib, keyin “u (Yusufning dili) ham bunga moyil bo'lgandi. Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi), qismini o'qish kerak, deyishadi. Bunday yomon-munkar ishni amalga oshirish yo'lida harakat qilish gunoh hisoblanadi. Mufassirlarning yozishlaricha, Zulayhoning xohishi ana shunday bo'lgan.

Qalbga beixtiyor kelgan, ammo qasd va harakat qilinmagan xohish, agar tilga chiqarilmasa va u asosida ish tutilmasa, kishi uning uchun gunohkor bo'lmaydi. Payg'ambarimiz Muhammad (sollalllohu alayhi va sallam): “Ummatimning xayolidan biron narsa o'tganda, toki uni gapirmasa yoki amalga oshirmasalar, Alloh ularni kechirib yuboradi”, deganlar.

Abu Nasr Qushayriy aytadi: “Alloh rizosi uchun ro'za tutayotgan odam jazirama kunda muzdek suvni ko'rib qolsa, tabiiy ravishda ichkisi keladi. Ammo imoni ro'za tutgani uchun suv ichishdan qaytaradi. O'sha odam suv ichishga moyil bo'lgani uchun gunohkor bo'lmaydi” (Qurtubiy).

“Agar Robbining hujjatini ko'rmaganda (bo'lar ish bo'lar edi). Oyatdagi “hujjat”dan murod Yusuf (alayhissalom)ning kuchli iymoni edi. Alloh o'z bandalarini doim kuzatib turganligini bilish, undan qo'rqish, banda uchun gunohlardan saqlovchi qo'rg'ondir. Zinoning gunohi og'ir va oqibati sharmandalik ekanini bilish va undan saqlanish haqiqiy iymonning mevasidir.

Mufassirlar oyatdagi “hujjat” so'zi tafsirida bir necha rivoyatlarni keltirishgan:
1. Otalari Ya'qub (alayhissalom) barmoqlarini tishlagan holatda ko'rindilar va ko'ksiga urib yubordilar.
2. Alloh Yusuf (alayhissalom)ga yaxshilik qilayotgan xojasini ko'z oldiga keltirib, hushyor qildi.
3. Honada: “Albatta, sizlarni nazorat qilib turuvchi, amallaringizni yozib turuvchi farishtalar bor”, deb yozilgan oyatga ko'zi tushdi...” (Ibn Kasir tafsiri, 2-juz).

“Shu tarzda undan yomonlik va fahshni burib yubordik”. Mufassirlar oyatdagi “yomonlik”ni shahvat, “fahsh”ni esa noshar'iy jinsiy aloqa deb ham tafsir qilishgan. Ba'zi mufassirlar: «Oyatdagi “yomonlik”dan murod kishining birodariga, yaqiniga xiyonat qilishidir», deyishgan.

“Albatta, u (dili) xolis bandalarimizdandir”. Yusuf (alayhissalom) bu tur yomonliklardan himoya qilingan, barcha ishlarini Alloh taolo ko'rib turganini biladigan, ixlosli va tanlangan banda, payg'ambar edilar. Alloh taolo imonli, taqvoli bandasini O'ziga do'st tutadi va gunohdan asraydi.

**  **  **

Bu oyatdan ayollarning yomon yo'llardan qaytishi or-nomusli erkaklarga bog'liqligini bilib olamiz. Ha, yigitlar oriyatli, ilmli, sharmu hayoli bo'lib tarbiya topishlari, qiz bolalarning tarbiyasidan ko'ra ahamiyatliroq. Lekin taassufki, keyingi paytda ko'pchilik bunga e'tibor bermay qo'ydi. Ularning fikricha, hayo va ibo faqat xotin-qizlarga xos. Shu sabab, o'g'il farzandlarining ba'zi beodobona qiliqlari va behayo so'zlariga e'tibor bermay, beparvo qarashadi. Bu, albatta, katta xato! Chunki odob-axloq barchaga birdek zaruriy xislatlardir.

Alloh taolodan qo'rqish har bir yaxshilikning kafolatidir. Jamiyatning asosi bo'lgan oilaning farovonligi, ahilligi, farzandlarning kamoli ham erkaklarimizga bog'liq. Buni Payg'ambarimiz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning so'zlari ham tasdiqlaydi: «Qiyomat kunida Arshning soyasidan boshqa soya bo'lmagan vaqtda, Parvardigori olam etti (toifa) kishini O'z panohida asraydi... ulardan biri, go'zal va badavlat ayol zinoga chaqirganida “Men Allohdan qo'rqaman deb”, zinodan qochgan odam...»

Alloh taolo barchalarimizni taqvoli va ixlosli bandalardan qilsin. O'zi adashtirmasin.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

“Jumadan jumagacha” (03.08.2025)

04.08.2025   1905   1 min.
“Jumadan jumagacha” (03.08.2025)

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Videolavhalar