Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi hijriy 971 sana, milodiy 1563 sana shavvol oyining o‘n to‘rtinchi kuni, jum’a kechasida Hindistonning Sarhand shahrida tavallud topganlar va hijriy 1034 sana, milodiy 1625 sanada o‘sha yerda vafot etganlar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi uzun bo‘yli, bug‘doy rangli, kulcha yuzli, qirmizi ko‘zli va qora soqolli zot edilar. U kishi hazrati Umar roziyallohu anhuning nasllaridan edilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi shariat ilmlarini yuksak darajada bilishlari bilan «ikkinchi ming yillikning mujaddidi» laqabini olgan edilar. U kishi bir yo‘la Naqshbandiya, Qodiriya, Chishtiya, Suhravardiya, Shetoriya, Virdoriya va Kubraviya kabi bir necha tariqatlarning shayxi edilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhining yoshlik chog‘lari shar’iy ilmlarni talab qilish bilan o‘tdi. U kishining otalari katta olim bo‘lganlari uchun xonadonlariga o‘sha paytning zabardast ulamolari tez-tez tashrif buyurib turar edilar. Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi ulardan juda ko‘p foydalar olar edilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi tezda Qur’oni Karimni to‘liq va puxta yod oldilar. So‘ngra o‘z otalaridan turli ilmlarni o‘rgana boshladilar. Tez orada u kishining iste’dodlari namoyon bo‘la boshladi. Keyinroq o‘sha paytning ilmiy markazlaridan biri bo‘lgan Saylakutga safar qilib, mashhur olim shayx Kamoliddin Kashmiriydan oliy darajadagi kitoblarni xatm qildilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi boshqa olimlardan ham darslar olib, barcha shar’iy ilmlarda peshqadamlikni qo‘lga kiritdilar. Keyin boshqa ilm markazlariga ham safar qilib, ko‘pgina foydalarga ega bo‘ldilar.
Hijriy 1008 sanada haj safariga ketayotgan Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi Dehli shahriga tushdilar va o‘zlarining eski tanishlari shayx Hasan Kashmiriydan Naqshbandiya tariqati shayxi xoja Muhammad Boqiy hazratlarining Dehliga kelganlarini eshitdilar. U kishi otalaridan Naqshbandiya tariqati madhida ko‘pgina yaxshi so‘zlarni eshitgan edilar. Shuning uchun mazkur shayx bilan uchrashib, u kishini ziyorat qilishni lozim ko‘rdilar.
Xoja Muhammad Boqiy hazratlari Imomi Robboniy rahmatullohi alayhini xuddi oldindan kelishib olganday kutib oldilar. Biroz suhbat va ishoratlardan keyin Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi u kishidan Naqshbandiya tariqatini o‘rganishga kirishdilar.
Avval Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi shayxga qo‘l berib, bay’at qildilar. Shayx u kishini xilvatxonalariga olib kirib, qalbiy zikrni talqin qildilar. O‘sha kundan boshlab Imomi Robboniy rahmatullohi alayhining hayotlarida katta o‘zgarish sodir bo‘ldi. O‘sha yerda ikki yarim oy davomida o‘z shayxlaridan olgan ilmlari u kishini yana ham oliy darajalarga ko‘tardi. So‘ngra Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi Sarhandga qaytib ketdilar.
Ko‘p o‘tmay, Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi Dehliga, o‘z shayxlarining huzuriga yana qaytib keldilar. Bu safar shayx u kishiga ijozat berib, xalifalik xirqasini kiygizdilar va toliblarga ilm, soliklarga ta’lim va muridlarga tarbiya berishga ruxsat berdilar. Shu bilan birga, o‘zlarining xos muridlaridan ba’zilarini ham u kishiga topshirdilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi o‘z shayxlarining huzurlariga uchinchi marta yo‘l olganlarida shayx Muhammad Boqiy hazratlari u kishini kutib olish uchun uzoq masofani bosib, peshvoz chiqdilar va ko‘pgina yaxshiliklar haqida bashorat berdilar. Shayx o‘zlarining qarib qolganliklarini aytib, tariqat ishlarini ham, o‘z farzandlarini ham Imomi Robboniy rahmatullohi alayhiga topshirgandek ishora qildilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi shundan keyin butun umrlarini shariat va tariqat ilmlarini tarqatishga bag‘ishladilar. U kishining tariqatga oid asarlari ichida o‘z yaqinlariga yozgan maktublari jamlangan «Maktubot» nomli kitoblari hozirgi kungacha barcha tasavvuf ahli uchun qo‘llanma bo‘lib kelmoqda.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi Islom olamida keng shuhrat taratgan zotlardan biridirlar. U kishining ilmiy asarlari va qilgan ishlari tillarda doston bo‘lib ketgan. Imomi Robboniy rahmatullohi alayhiga turli oliy unvon va sharafli laqablar berilgan. Chunonchi, u kishini «ikkinchi ming yillikning mujaddidi» ham deydilar.
Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi silsila omonatini xoja Muhammad Boqiy rahmatullohi alayhi hazratlaridan olganlar.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi hijriy 1007 sana, milodiy 1598 sanada Hindistonning Sarhand shahrida tavallud topib, hijriy 1079 sana, milodiy 1669 sanada o‘sha yerda vafot etganlar.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi uzun bo‘yli, kulcha yuzli, bug‘doy rangli va ko‘zlarida qirmizi bor zot edilar. U kishi Imomi Robboniy rahmatullohi alayhining yetti o‘g‘illaridan biri bo‘lib, o‘z otalarining bosh xalifasi ham edilar. Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi o‘zlarining otalariga juda ham o‘xshar edilar.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi o‘z otalari Imomi Robboniy rahmatullohi alayhi ustozlari xoja Muhammad Boqiy hazratlari bilan topishgan kunlari tug‘ilganlar. Shuning uchun ham otalari shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi haqlarida: «Bu o‘g‘lim xayrli va barakalidir. Zero, Xoja Boqiy hazratlariga buning tug‘ilishi ortidan yetishganman», der edilar.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi ulug‘ iste’dod sohibi edilar. U kishi o‘n olti yoshlarida barcha zohiriy va diniy ilmlarni egallab, ustozlarining olqishiga sazovor bo‘lganlar hamda barchaning orasida shuhrat qozonganlar. Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi matematika va boshqa ilmlarda ham peshqadam edilar. U kishi zohiran hech gunoh ish qilmaganlari uchun «ma’sum» laqabi berilgandi.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi o‘z otalarining barcha ilmlarini olgan, ma’rifat va haqiqatlarini sharh qilgan va xalifalari bo‘lgan edilar. Qisqa vaqtda shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi vaqtning qutbi va zamonning murshidi bo‘ldilar. Otalarining yoshi ulg‘ayib qolganda, u kishining shogirdlari va muridlarining tarbiyasi ila mashg‘ul bo‘ldilar.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi otalaridan keyin Naqshbandiya tariqatining bosh shayxligi sharafiga musharraf bo‘ldilar. U kishining qo‘llarida arab, ajam va hindulardan ko‘plab kishilar ilm oldilar. Tariqat ilmlari ham o‘sha kishidan tarqay boshladi.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhining risolalari otalari Imomi Robboniy rahmatullohi alayhining kitoblariga sharh o‘rnida kelgan. Bular uch mujalladdan iborat bo‘lib, «Xazinatul ulum val ma’orif», «Al-asror» va «Ad-daqoiq» deb nomlangandir.
Shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhi silsila omonatini otalari Imomi Robboniy rahmatullohi alayhidan olganlar.
Imomi Robboniyning nabiralari, shayx Muhammad Ma’sum rahmatullohi alayhining o‘g‘illari bo‘lmish shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi hijriy 1049 sana, milodiy 1639 sanada Sarhandda tavallud topganlar va o‘sha yerda hijriy 1096 sana, milodiy 1694 sanada vafot etganlar.
Shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi uzun bo‘yli, qoramtir rangli, kulcha yuzli, ko‘zlari katta va soqollarining ikki tarafi biroz siyrak bo‘lgan zot edilar. U kishi zohiriy va botiniy ilmlarga hamda zuhdu taqvoga sohib edilar. Shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishda barchaga o‘rnak edilar. U kishi o‘z qo‘llariga tushgan mol-mulkni muhtojlarga bo‘lib berishni afzal ko‘rar edilar.
Shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi ahli dunyo bilan birga bo‘lmoqni yoqtirmas va dindor kishilarning suhbatidan zavq olar edilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga qat’iy rioya qilishlari sababli «sunnatni tiriltiruvchi» laqabi bilan ham atalar edilar.
Shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhining suhbatiga kelganlarga har kuni laziz taomlar tortilar edi. Shu tariqa soliklar ham moddiy, ham ma’naviy ozuqa olar edilar. Bir kuni kishilardan biri shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhiga bu haqda savol berib:
«Bu yo‘ldagilar uchun oz yemoq lozim emasmi?» dedi.
«G‘izoni oz yemoq kishining quvvati va toqatini ozaytiradi. Bizning tariqatimizning pirlari davomli ravishda vuqufi qalbiy va suhbatlar asosida ish olib borganlar. Ortiqcha riyozat va ochlik ila vujudga mashaqqat bermoq ba’zi noxush holatlarni yuzaga chiqaradi. Biz bu narsani ish hisoblamaymiz. Bizning g‘oyamiz davomli zikr, Allohga yo‘nalmoq va sunnatga ergashmoq hamda shar’iy ishlarga mashg‘ul bo‘lmoqdir», dedilar shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi savolning javobiga.
Shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhi silsila omonatini o‘z otalari Muhammad Ma’sum hazratlaridan olganlar.
Bu zotning tug‘ilgan yerlari va yillari haqida ma’lumotga ega emasmiz. Ammo hijriy 1135 sana, milodiy 1722 sanada Badavunda vafot etganlari ma’lum va mashhurdir.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi o‘rta bo‘yli, qoramtir rangli va siyrak soqolli bir zot edilar. U kishining peshonalarida nur alomati bor edi.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi yoshlik chog‘laridanoq o‘zlarini ilm va taqvoga bag‘ishlagan edilar. U kishi sarf, nahv, mantiq, hadis va tafsir kabi ilmlarda peshqadam edilar. Shariat va tariqat ilmlarida o‘z zamonasining allomasi edilar.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi shayx Sayfuddin rahmatullohi alayhiga shogird tushdilar va tez orada u zotning xalifalariga aylandilar.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi taqvoda yuksak darajalarga erishgan edilar. O‘zlariga kerakli nonning unini haloldan topib, o‘zlari xamir qorib, o‘zlari non yopar va uni quritib olib, faqat juda muhtoj bo‘lganlaridagina tanovul qilar edilar.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi ahli dunyo bilan ko‘rishishdan qochar edilar. Biror kitobni olsalar, uch kundan keyin mutolaa qilishga kirishar edilar.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi qalblardan voqif edilar. O‘z shogirdlarining mushkulotlaridan doimo xabardor bo‘lib, ularni tezda hal etar edilar.
Sayyid Nurmuhammad Badavuniy rahmatullohi alayhi silsila omonatini shayx Sayfuddin hazratlaridan olganlar.
Bu zotning tug‘ilgan va vafot etgan yerlari haqida ma’lumotga ega emasmiz. Ammo tug‘ilgan yillari hijriy 1113 sana, milodiy 1701 sana, vafot etgan yillari esa hijriy 1195 sana, milodiy 1781 sanadir.
Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi uzun bo‘yli, haybatli, kulcha yuzli, bug‘doy rangli, siyrak soqolli va mahobat sohibi bo‘lgan bir zot edilar.
U kishi Muhammad ibn Hanafiy roziyallohu anhuning nasllaridan bo‘lgan sayyidlardan edilar.
Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi o‘n olti yoshga kirganlarida otalari Mirzajon vafot etdilar. Otadan ajrab qolgan Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi o‘n sakkiz yoshlarida sayyid Muhammad Badavuniy rahmatullohi alayhiga bay’at qildilar. U kishining xizmatlarida to‘rt yil bo‘lib, sayri suluk ilmini oxiriga yetkazdilar. Keyinroq o‘z ustozlariga xalifa bo‘lib, xirqa kiydilar.
Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi o‘z ustozlari va shayxlarining vafotlaridan keyin boshqa shayxlarga ham xizmat qildilar. U kishi Naqshbandiya, Qodiriya, Mujaddidiya, Chishtiya va Suhravardiya tariqatlari bo‘yicha izn olib, izn berganlar.
Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi hijriy 1195 sana, to‘qqizinchi muharram, juma kuni Fotiha surasini o‘qib bo‘lib, «Alloh! Alloh!» deya jon taslim qildilar.
Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhi silsila omonatini sayyid Muhammad Badavuniy rahmatullohi alayhidan olganlar.
Ulug‘ shayx Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi hijriy 1158 sana, milodiy 1745 sanada Panjobning Vaytala nomli yerida tavallud topdilar va hijriy 1240 sana, milodiy 1824 sanada Dehlida vafot etdilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi o‘rta bo‘yli, qoramtir rangli, siyrak soqolli va kulcha yuzli bir zot edilar. U kishining nasablari hazrati Ali roziyallohu anhuga mansub bo‘lib, sayyidlardan edilar. Ilmda esa nodir allomalardan bo‘lganlar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhining padari buzurukvorlari sayyid Abdullatif hazratlari ahli fazl kishilardan bo‘lib, Qodiriya tariqatiga mansub soliklardan edilar. Sayyid Abdullatif hazratlari bir kuni tush ko‘rsalar, hazrati Ali roziyallohu anhu u kishiga:
«Ey Abdullatif! Haq taolo senga bir o‘g‘il farzand berajak. Sen uni ismimiz ila atagin», debdilar.
Bola tug‘ilganda otasi unga Ali Abdulloh degan ismni qo‘ydi. Bola yoshligidan odob va ilm yo‘lida ulg‘aydi. U o‘n uch yoshga kirganda otasi uni qodiriy shayxlarga darsga berdi. Shoh Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi ayni ilm olish bosqichida turganlarida ustozlari shayx Nasruddin hazratlari vafot etib qoldilar. Shunda otalari u kishiga:
«O‘g‘lim! Bu yerda qolish tuzsiz tosh yalash bilan barobar bo‘lib qoldi. Boshqa bir zavqli va shavqli yerni axtar», dedilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi o‘n besh yoshlarida Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhining xizmat va suhbatlariga kirdilar. Bu ustozning huzurlarida Naqshbandiya tariqatining sayri sulugini batamom egalladilar. Keyinchalik sa’y-ko‘shish qilib, Qodiriya, Chishtiya va Suhravardiya tariqatlaridan ham dars olib, xalifa bo‘ldilar. Ustozlari foniy dunyoni tark etganlaridan keyin esa u kishining o‘rinlarini egalladilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi: «Naqshbandiya yo‘li to‘rt masaladan iboratdir:
Xavotirni daf etmoq;
Huzur holining bardavom bo‘lmog‘i;
Jazba;
Varidat», der edilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhining muridlari juda ham ko‘p edi. U kishi ularning tarbiyasini a’lo darajada olib borar edilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi hijriy 1240 sana, safar oyining yigirma ikkinchi kuni ishroq vaqtida, yetmish ikki yoshlarida bu dunyoni tark etdilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Habibulloh Mazhar Joni Jonon Shamsuddin rahmatullohi alayhidan olgan edilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi hijriy 1193 sana, milodiy 1779 sanada Mosil viloyatining qishloqlaridan biri bo‘lgan Sehrizorda tavallud topdilar va hijriy 1242 sana, milodiy 1826 sanada Shomda vafot etdilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi uzun bo‘yli, haybatli jussali, oq qirmizi rangli, yirik va qora ko‘zli, burunlarining o‘rtasi ingichka, siyrak tishli, kulcha yuzli, katta va siyrak soqolli, keng ko‘krakli, uzun qo‘lli va mahobatli bir zot edilar.
U kishi hazrati Usmon roziyallohu anhuning naslidan edilar. O‘zlari alloma va mujaddid edilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi yoshliklaridan ilmga juda ham qiziqqan edilar. U kishi Sulaymoniya madrasasida zamonning ulug‘ olimlaridan sarf, nahv, fiqh, mantiq, ilmi kalom va boshqa ilmlardan dars oldilar. Keyinroq Bag‘dodda tafsir va usuli hadis kabi katta ilmlarni ham puxta o‘zlashtirdilar. Ammo bu bilan ham u kishining ilmga bo‘lgan tashnaliklari qonmadi. Qo‘shni yurtlarga borib, hisob, handasa, istirlob, hay’at kabi zohiriy ilmlarni ham hosil qildilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi bu ilmlarni puxta o‘rganib olganlaridan keyin tariqat ilmini o‘zlashtirishga kirishdilar. U kishi haj qilish maqsadida Haramayni Sharifayniga bordilar. Yo‘lda Shomga kirdilar va u yerda hadisning ulug‘ olimlaridan hadis ilmini o‘rgandilar. Bir qodiriy shayxdan ul tariqatning ijozatini oldilar. So‘ngra haj ibodatini ado etdilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi hajdan qaytishda Sulaymoniyaga kirdilar. U yerda Muhammad Darvesh Azimobodiy hazratlari bilan ko‘rishdilar. U kishi mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhiga Hindistonga borib, Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy hazratlariga shogird tushishni tavsiya qildilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi hajda yurganlarida ham ba’zi kishilardan xuddi shu tavsiyani olgan edilar. U kishi bu tavsiyalarga amal qilib, bir yil yo‘l yurib, Hindistonga yetib bordilar va Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy hazratlariga qo‘l berdilar. U kishining tarbiyasida kamolga yetdilar.
Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy hazratlari mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhini juda ham hurmat qilar edilar. U kishi bu shogirdlari otining uzangisini tutar va otga mingazar hamda haqlariga ko‘pgina maqtov so‘zlarini aytar edilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi o‘z ustozlari bilan oxirgi marta ko‘rishganlarida u kishidan Naqshbandiya, Qodiriya, Suhravardiya, Chishtiya va Kubroviya tariqatlaridan ijozat oldilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi hijriy 1226 sanada yana Sulaymoniyaga qaytib keldilar. U kishi o‘ttiz besh yoshlarida irshodga boshladilar va muridlardan qo‘l olishni yo‘lga qo‘ydilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi keyin Bag‘dodga kelib, yetti yil davomida talaba yetishtirdilar. Keyin Shomga qaytib, Solihiya degan joyda dargoh qurib, xalqning tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ldilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi mujaddid o‘laroq shariat va tariqatga asri saodat nafasini qaytargan zot edilar, deyishadi tarixchilarimiz.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi Shomning Solihiya nomli joyida oltmish uch yoshlarida vafot etdilar.
Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Shoh Ali Abdulloh Dehlaviy hazratlaridan olgan edilar.
SILSILAGA XULOSA
Tariqat silsilalarini anglashimiz uchun keltirgan Naqshbandiya tariqati silsilasini shu yerda to‘xtatishimiz va aqlimiz yetganicha ba’zi bir xulosalar chiqarishimiz lozim bo‘ladi. Chunki silsilaning shu qismigacha keltirilgan hamma shayxlarni barcha e’tirof qiladi. Ularning hammalari bu tariqatning buyuk vakillari sifatida e’zozlanadi. Shuningdek, mazkur azizlarimizni boshqalarga o‘rnak sifatida taqdim qilishga ham arziydi.
Albatta, silsilaning boshida turgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, u zotning ikki buyuk sahobalari Abu Bakr Siddiq va Salmon Forsiy roziyallohu anhumo va xayru barakasiga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik bergan asrning vakillari bo‘lmish Qosim ibn Muhammad va Ja’far Sodiq roziyallohu anhumo haqida gapirib o‘tirishning hojati ham yo‘q. Ular har qanday mulohazadan yuqori turadilar.
Qolgan yigirma besh shayxning tarjimayi hollaridan ba’zi bir xulosalar chiqarsak, tasavvuf haqidagi tasavvurimizning shayxlar haqidagi bobiga ko‘pgina foydalar kelsa, ajab emas, degan umiddamiz.
Silsilaning mazkur shayxlari silsila omonatini bevosita o‘z pirlaridan olganlar. Faqat Boyazid Bistomiy rahmatullohi alayhi silsila omonatini Ja’far Sodiq roziyallohu anhudan ma’nan olganlar. Hazrati Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayhi esa silsila omonatini zohiran sayyid Amir Kulol rahmatullohi alayhidan, botinan xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy rahmatullohi alayhidan olganlar. Bundan silsilani bevosita ruxsat olish bilan ham, bilvosita – ma’naviy bog‘lanish bilan ham davom ettirish mumkinligi kelib chiqadi.
Asl tasavvuf kitoblarida Naqshbandiya tariqati silsilasi mashoyixlarining tarjimayi hollarini zikr qilish mavlono Xolid Bag‘dodiyning zikrlari bilan to‘xtaydi.
Buning bir necha sabablari bor. Ammo eng bosh sabab shuki, boshqa tariqatlar kabi, Naqshbandiya tariqatida ham mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhigacha dunyo bo‘yicha bir dona tan olingan shayx bo‘lib kelgan. Yuqoridagi satrlarda qisqacha tarjimayi hollari keltirilgan buyuk zotlar xuddi o‘sha mazkur sharafga muyassar bo‘lgan zotlardir. Faqat bir shayxni tutish o‘sha paytlarda oson bo‘lgan. Islom olami bir butun bo‘lgan. Orada chegaralar bo‘lmagan, tariqat ishlari avjida bo‘lgan.
Ammo mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhining vaqtlaridan keyin sharoit tamoman o‘zgardi. Islom olami parchalanib ketdi. Islomning amaliy qismi susaydi. Odamlarning e’tiqodi ham susaydi. Binobarin, tasavvuf masalasida ham ko‘plab muammolar paydo bo‘ldi. Endi bitta shayx dunyoning hamma taraflaridagi o‘z tariqati muxlislarini idora qilishi qiyin bo‘lib qoldi.
Ehtimol, mazkur omillar tufaylidir yoki boshqa sabablarga ko‘radir, har holda ba’zi muhaqqiqlarning ta’kidlashlaricha, mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi o‘zlarining bir yuz o‘n yettita xalifalariga irshodga, odamlarning bay’atini qabul qilishga ruxsat berganlar.
Ba’zi bir kishilar: «Mavlono Xolid Ziyouddin Bag‘dodiy rahmatullohi alayhi uch yuz kishiga irshodga, odamlarning bay’atini qabul qilishga ruxsat berganlar», deydilar.
Ana shu tarzda boshqa tariqatlar kabi, Naqshbandiya tariqatida ham ko‘pshayxlik vujudga keldi. Kezi kelganda bir shahar yoki qishloqda bir necha naqshbandiy shayxlar odamlardan qo‘l oladigan bo‘ldilar. Bu ishning salbiy taraflari ham ko‘zga ko‘rina boshladi. Ba’zi bir noloyiq kishilar tariqat shayxi sifatida ish yurita boshladilar.
Oqibatda hammamizga ma’lum va mashhur sunniy tasavvufdan og‘ish va turli bid’atlarga berilish kabi noxush holatlar ko‘paydi. Bu holatning achchig‘ini hozirgacha tatib kelyapmiz.
Doktor Saljuq Eroydinning «Tasavvuf va tariqatlar» nomli kitobida aytilishicha, Naqshbandiya tariqatining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigan yana ikkita silsilasi bor.
Mazkur ikki silsiladan birining avvalida:
Hazrati Ali roziyallohu anhu;
Imom Husayn roziyallohu anhu;
Imom Zaynul Obidin;
Imom Muhammad Boqir;
Va mazkur silsilalarning ikkinchisining avvalida:
Hazrati Ali roziyallohu anhu;
Imom Hasan Basriy;
Habib A’jamiy;
Dovud Toiy;
Ma’ruf Karxiy;
Sarriy Saqatiy;
Junayd Bag‘dodiy;
Abu Ali Rudboriy;
Abu Ali Kotib;
Abu Usmon Mag‘ribiy bor.
Har ikki silsila Abu Ali Farmadiyga kelib birlashadi va Yusuf Hamadoniydan boshlab avvalgi silsila kabi davom etadi.
Naqshbandiya tariqati o‘z tarixi davomida bir necha nomlar bilan atalgan.
Bu tariqat Boyazid Bistomiyga qadar «Siddiqiya» nomi bilan atalgan.
Bistomiydan G‘ijduvoniygacha «Tayfuriya» nomi bilan atalgan.
G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha «Xojagoniya» nomi bilan atalgan.
Bahouddin Naqshbanddan Ubaydulloh Ahrorgacha «Naqshbandiya» nomi bilan atalgan.
Ubaydulloh Ahrordan Imomi Robboniygacha «Naqshbandiya-Ahroriya» nomi bilan atalgan.
Imomi Robboniydan Shamsuddin Mazhargacha «Naqshbandiya-Mujaddidiya» nomi bilan atalgan.
Shamsuddin Mazhardan Mavlono Xolidgacha «Naqshbandiya-Mazhariya» nomi bilan atalgan.
Mavlono Xoliddan «Naqshbandiya-Xolidiya» nomi bilan atalgan.
Keyin esa «Naqshbandiya» nomining o‘zi sobit bo‘lib qolgan.
KЕYINGI MAVZU:
SHAYX MASALASI
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD