Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

E’tiqod durdonalari: QUR’ONI KARIMGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI

23.08.2020   4787   21 min.
E’tiqod  durdonalari: QUR’ONI KARIMGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI

Qur’oni karimga iymon keltirish bayoni

11 - وَمَا الْقُرْآنُ مَخْلُوقًا تَعَالَى     كَلاَمُ الرَّبِّ عَنْ جِنْسِ الْمَقَالِ

 

Ma’nolar tarjimasi:

Qur’on yo‘qdan bor qilingan emas, Robning kalomi maqol jinsidan (ya’ni bandaning tili oshkor qiladigan lafzdan) oliy bo‘lgandir.

 

Nazmiy bayoni:

Qur’on ijodiymas, kalomi ilohiy

Rob kalomi maqol jinsidan oliy.

 

Lug‘atlar izohi:

 مَا – nafiy harfi. لَيْسَ ning amalini qiladi[1].

الْقُرْآنُ – bu kalima مَا ning ismi bo‘lgani uchun raf bo‘lib turibdi.

مَخْلُوقًا – “yo‘qdan bor qilingan” ma’nosini anglatadi. مَا ning xabari bo‘lgani uchun nasb bo‘lib turibdi.

تَعَالَى – “oliy bo‘ldi” ma’nosidagi moziy fe’li.

تَعَالَى – كَلاَمُ fe’lining foili. Kalom ikki xil ma’noda ishlatiladi:

  1. Hissiy kalom. Harflar va ovozlardan iborat talaffuz;
  2. Nafsiy kalom. Harf ham, ovoz ham bo‘lmagan, harflar va ovozlar unga dalolat qiladigan ma’no.

الرَّبِّ – lug‘atda “ega” ma’nosini anglatadi. اَلْ bilan kelganda faqat Alloh taologa nisbatan ishlatiladi.

عَنْ  – jor harfi.

جِنْسِ – lug‘atda biror narsaning jinsini va sinfini bayon qilish uchun ishlatiladi. Jins “nav”dan umumiy hisoblanadi. Chunki jins haqiqati har xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Nav esa haqiqati bir xil narsalarga nisbatan ishlatiladi.  

الْمَقَالِ – lug‘atda to‘liq yoki to‘liq qilmasdan til oshkor qilgan lafz tushuniladi.

 

Matn sharhi:

Qur’on lug‘aviy jihatdan “o‘qish”, “jamlash”, “bir-biriga qo‘shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Ulumul Qur’on istilohida: 

اَلْقُرْآنُ كَلاَمُ اللهِ تَعَالَى اَلْمُنَزَّلُ عَلَى مُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ اَلْمُتَعَبَّدُ بِتِلاَوَتِهِ.

“Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan hamda tilovati ibodat sanaladigan Alloh taoloning kalomi – Qur’on deb ataladi”[2].

Maqol lug‘aviy jihatdan “so‘zlash”, “mulohaza qilish” ma’nolarini ifodalaydi. 

Ahli sunna val-jamoaning e’tiqodini bayon qiluvchi barcha kitoblarda Qur’oni karimning maxluq emasligi, ya’ni bir paytlar yo‘q bo‘lib keyin yaratilgan emasligi, balki Alloh taoloning kalom sifati ekani alohida ta’kidlanadi. Chunki adashgan toifalar Qur’oni karim to‘g‘risidagi e’tiqodlariga boshqalarni ham tortish uchun ko‘plab fitnalarni keltirib chiqarganlar. Ana shu ma’noda O‘shiy rahmatullohi alayh Qur’oni karim haqidagi Ahli sunna val-jamoa e’tiqodini bayon qilgan. Bu masala deyarli barcha aqoid kitoblarida keltirilib, atroflicha bahs yuritilgan. Jumladan, Umar Nasafiy rahmatullohi alayh “Aqoidun Nasafiy” kitobida Qur’on haqida quyidagilarni yozgan:

اَلْقُرْآنُ كَلاَمُ اللَّهِ تَعَالَى غَيْرُ مَخْلُوقٍ وَ هُوَ مَكْتُوبٌ فِى مَصَاحِفِنَا مَحْفُوظٌ فِى قُلُوبِنَا مَقْرُوءٌ بِاَلْسِنَتِنَا مَسْمُوعٌ بِآذَانِنَا غَيْرُ حَالٍّ فِيهَا.

“Qur’on Alloh taoloning kalomi bo‘lib, u maxluq (yo‘qdan bor qilingan) emasdir. U mus'haflarimizda yozilgan, qalblarimizda yodlangan, tillarimiz vositasida o‘qilgan, quloqlarimiz vositasida eshitilgandir, ularga (mazkur narsalarning birortasiga ham) o‘rnashuvchi emasdir”.

Ushbu matndagi “ularga o‘rnashuvchi emasdir” so‘zlarini alloma Taftazoniy shunday sharhlagan: Qur’on mus'haflarga ham, qalblarga ham, tillarga ham, quloqlarga ham o‘rnashuvchi emas, balki u Alloh taoloning zotida azaldan bor bo‘lgan sifati ma’nosidadir. Unga dalolat qiladigan nazm vositasida talaffuz qilinadi, eshitiladi, hifz qilingan lafzlar bilan yoddan aytiladi. Unga dalolat qiladigan harflarning shakllari bilan yoziladi. Tushuntirish ma’nosida aytiladiki, olov yondiruvchi modda bo‘lib lafzda zikr qilinadi, qalam bilan yoziladi, lekin bundan olovning haqiqati ovoz va harf ekanligi lozim bo‘lib qolmaydi”[3].  

 

Qur’oni karimning oldingi ilohiy
kitoblardan farqlari

Qur’oni karim oldingi ilohiy kitoblardan bir qancha jihati bilan farq qiladi:

– Oldingi ilohiy kitoblar ma’lum bir qavmlarga xoslab, Qur’oni karim esa butun bashariyatga umumiy qilib tushirilgan.

– Oldingi ilohiy kitoblarning asl holida saqlanishi Alloh tomonidan tayin qilinmagan, Qur’oni karimning esa saqlanishi tayin qilingan. Buning sababi shuki, oldingi  kitoblardagi hukmlar muayyan zamon va qavmlarga xos bo‘lgan.

– Oldingi ilohiy kitoblardan keyin yana ilohiy kitoblar tushavergan, Qur’oni karimdan keyin esa ilohiy kitob aslo tushmaydi, chunki u qiyomatgacha bashariyatga dasturulamal bo‘ladigan oxirgi ilohiy kitobdir.

 

Qur’oni karimga iymon keltirish ma’nosi

 Har bir musulmon Qur’oni karimning oxirgi ilohiy dastur ekaniga iymon keltirishi lozim. Bu esa quyidagi ma’nolarni bilish va ularga shak-shubhasiz ishonish orqali yuzaga chiqadi: 

  1. Qur’oni karim nozil qilingan kitoblarning eng oxirgisi, o‘zidan oldingi kitoblarda keltirilgan ilohiy ta’limotlarni tasdiqlaydi va ular ustidan nazorat etadi:

﴿وَأَنزَلۡنَآ إِلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبَ بِٱلۡحَقِّ مُصَدِّقٗا لِّمَا بَيۡنَ يَدَيۡهِ مِنَ ٱلۡكِتَٰبِ وَمُهَيۡمِنًا عَلَيۡهِۖ

“Sizga (esa, ey Muhammad!) o‘zidan oldingi Kitob(lar)ni tasdiq etuvchi va u (kitoblar)ni muvofiqlashtiruvchi sifatida Kitob (Qur’on)ni haqiqatan nozil qildik”[4].     

Ushbu oyat tafsirida Zamaxshariy rahmatullohi alayh: “Bu kitob boshqa kitoblar ustidan nazoratchi etib nozil qilingan, chunki bu kitob boshqa kitoblarning to‘g‘ri va aniqligiga guvohlik beradi”, – degan. 

  1. Qur’oni karimga insoniyat tarafidan biror o‘zgartirish kiritilmagan va kiritilishi mumkin ham emas, chunki u Alloh taolo tomonidan muhofaza qilinadi:

﴿إِنَّا نَحۡنُ نَزَّلۡنَا ٱلذِّكۡرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ٩

“Albatta, bu zikrni (ya’ni Qur’onni) Biz O‘zimiz nozil qildik va uni O‘zimiz asraguvchidirmiz”[5]

Ushbu oyat tafsirida mufassirlar: “Alloh taolo ushbu Qur’onni muhofaza qilishni o‘z zimmasiga olgan. Shunga ko‘ra boshqa kitoblarda bo‘lgani kabi unga biror narsani qo‘shib qo‘yishga yoki undan biror narsani olib tashlashga yoki uning biror joyini almashtirishga yo o‘zgartirishga hech kimning kuchi yetmaydi”, – deganlar.   

  1. Qur’oni karim aziz, ya’ni kuchli va izzatli kitobdir, shuning uchun unga kufr keltirganlar kuchsiz va xor bo‘ladilar:

﴿ وَإِنَّهُۥ لَكِتَٰبٌ عَزِيزٞ٤١

“Shubhasiz, u aziz Kitobdir”[6].  

Ya’ni Qur’oni karim har qanday inkor qiluvchini mot qilib qo‘yadigan hujjati kuchli tengsiz kitobdir. 

  1. Qur’oni karimga botil narsalar, ya’ni yolg‘on va behuda narsalar mutlaqo yaqinlasha olmaydi. U doimo musaffo holatida ilohiy mo‘jiza bo‘lib turaveradi:

﴿لَّا يَأۡتِيهِ ٱلۡبَٰطِلُ مِنۢ بَيۡنِ يَدَيۡهِ وَلَا مِنۡ خَلۡفِهِۦۖ تَنزِيلٞ مِّنۡ حَكِيمٍ حَمِيدٖ٤٢

“Unga oldidan ham, ortidan ham (hech qanday) botil (nohaqlik) kelmas. (U) hikmat va hamd egasi (tomoni)dan nozil qilingandir”[7].    

Ya’ni Qur’oni karimga biror tarafdan ham botil kela olmaydi, uni inkor qilishning umuman iloji yo‘qdir. 

  1. Qur’oni karim taqvodor bandalarni dunyo va oxirat saodatiga yo‘llovchi hidoyatdir:

﴿ذَٰلِكَ ٱلۡكِتَٰبُ لَا رَيۡبَۛ فِيهِۛ هُدٗى لِّلۡمُتَّقِينَ٢

“Ushbu Kitob (Qur’on) shubhadan xoli va taqvodorlar uchun hidoyat (manbai)dir”[8].  

Ya’ni ushbu kitobning Alloh taolo huzuridan tushirilganiga shak-shubha yo‘q. Bu kitob buyruqlariga bo‘ysunish va qaytariqlaridan qaytish bilan Alloh taoloning g‘azabidan qo‘rqadigan bandalarga hidoyatdir. 

  1. Qur’oni karim namozni to‘kis ado etadigan, zakotni beradigan va oxiratga aniq ishonadigan ixlos bilan amal qiluvchi bandalarga hidoyat va rahmatdir:

﴿هُدٗى وَرَحۡمَةٗ لِّلۡمُحۡسِنِينَ٣ ٱلَّذِينَ يُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَهُم بِٱلۡأٓخِرَةِ هُمۡ يُوقِنُونَ٤

“Ezgu amal qiluvchilar uchun hidoyat va rahmat (manbai ekani) jihatidan. Ular namozni barkamol ado etadilar, zakotni (o‘z joyiga) beradilar va oxiratga aniq ishonadilar”[9].     

  1. Qur’oni karim mo‘min bandalarning barcha moddiy va ma’naviy kasalliklariga shifo va rahmatdir. Unga iymon keltirmay zolim bo‘lganlarga esa ziyonlarini orttiruvchidir:

﴿وَنُنَزِّلُ مِنَ ٱلۡقُرۡءَانِ مَا هُوَ شِفَآءٞ وَرَحۡمَةٞ لِّلۡمُؤۡمِنِينَ وَلَا يَزِيدُ ٱلظَّٰلِمِينَ إِلَّا خَسَارٗا٨٢

(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz. (Lekin bu oyatlar) zolim (kofir)larga faqat ziyonni orttirur”[10].    

  1. Qur’on qalblarni jonlantiradigan ilohiy zikr bo‘lib, uning tilovati ruhlarga huzur baxsh etadi:

﴿صٓۚ وَٱلۡقُرۡءَانِ ذِي ٱلذِّكۡرِ١

“Sod. Zikr manbai bo‘lmish Qur’onga qasamyod etaman!” [11].     

  1. Qur’on insonning baxtli hayot kechirishi uchun lozim bo‘lgan ma’naviy ruhdir:

﴿وَكَذَٰلِكَ أَوۡحَيۡنَآ إِلَيۡكَ رُوحٗا مِّنۡ أَمۡرِنَاۚ

(Ey Muhammad!) Shunday qilib, amrimiz bilan Sizga Ruhni (Qur’onni) vahiy qildik”[12].   

Alloh taolo Qur’oni karimni ruh deb nomladi, chunki bu kitobning ichida nafsni jaholat o‘limidan saqlaydigan hayot bor. Molik ibn Dinorning quyidagi so‘zlari buni tushunishimizga yaqindan yordam beradi: “Ey Qur’on ahli, Qur’on qalblaringizga nimani ekdi? Yomg‘ir yerning bahori bo‘lgani kabi Qur’on ham qalblarning bahoridir”.

 

Qur’oni karim suralari

Qur’oni karimda 114 ta sura bo‘lib, ular turli voqea va munosabatlar bilan 23 yil davomida bosqichma-bosqich nozil qilingan. Qur’on suralari to‘rt qismga bo‘linadi:

 

  1. Tivol (uzunlar). Uzun hisoblanadigan suralar yettita: 1. Baqara, 2. Oli Imron, 3. Niso, 4. Moida, 5. An’om, 6. A’rof, 7. Ba’zilar oralarida “Basmala” bo‘lmaganidan Anfol va Baroat suralari deyishgan, ba’zilar Yunus surasi deyishgan.
  2. Miun (“yuz”lar). “Yuz”lar deb hisoblanadigan suralar: Yuz yoki shunga yaqin adaddagi oyatlari bo‘lgan suralardir.
  3. Masaniy (takrorlanganlar). Ushbu suralar qiroatda "tivol" va "miun"lardan ko‘p takrorlangani sababli shunday nomlangan.
  4. Mufassal (ajratilganlar). Bu suralar oralari “Basmala” bilan ko‘p ajratilgani uchun “ajratilganlar” deb nomlangan. Mufassalni ba’zilar “Qof” surasidan boshlanadi deyishsa, ba’zilar “Hujurot” surasidan boshlanadi, deyishgan. Mufassalning o‘zi ham uch turga bo‘linadi:
  5. Uzun;
  6. O‘rtacha;
  7. Qisqa.

Uzun “Qof” yoki “Hujurot” dan “Amma”gacha yoki “Buruj”gachadir.

O‘rtacha “Amma”dan yoki “Buruj”dan “Zuho” gacha yoki “Lam yakunillazi”gachadir. Qisqa “Zuho”dan yoki “Lam yakunillazi”dan Qur’onning oxirigachadir” [13].

 

Havas qilinadigan amal

Qur’oni karimni doimiy tilovat qilib yuradiganlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday vasf qilganlar:

عَنْ سَالِمٍ عَنْ أَبِيهِ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ لَا حَسَدَ إِلَّا فِي اثْنَتَيْنِ رَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ الْقُرْآنَ فَهُوَ يَتْلُوهُ آنَاءَ اللَّيْلِ وَآنَاءَ النَّهَارِ وَرَجُلٌ آتَاهُ اللَّهُ مَالاً فَهُوَ يُنْفِقُهُ آنَاءَ اللَّيْلِ وَآنَاءَ النَّهَارِ.  مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

Solim otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Hasad qilish yo‘q, faqat ikki kishidagi narsaga hasad qilish bundan mustasnodir. Bir kishiki Alloh unga Qur’onni ato qilgan, u tungi vaqtlarda ham, kunduzgi vaqtlarda ham (ertayu kech) uni tilovat qiladi. Yana bir kishiki Alloh unga mol ato qilgan, u tungi vaqtlarda ham, kunduzgi vaqtlarda ham uni infoq qiladi (yaxshi ishlarga sarflaydi)”, dedilar”.    Muttafaqun alayh.

Mazkur hadisi sharifni sharhlagan ulamolar, matnda حَسَدَ ya’ni “hasad qilish” so‘zi kelgan bo‘lsa ham undan اَلْغِبْطَةُ  ya’ni “havas qilish” ma’nosi iroda qilingan, deganlar.

“Hasad haqida Miyruk shunday degan: Hasad ikki xil bo‘ladi:

  1. Haqiqiy;
  2. Majoziy.

Haqiqiy hasad – birovdagi ne’matning zavol topishiga ko‘z tikish.

Majoziy hasad – birovdagi ne’matning zavol topishiga ko‘z tikmasdan, o‘shanga o‘xshash ne’mat o‘zida ham bo‘lishini orzu qilish. 

Havas qilish dunyo ishlarida muboh bo‘ladi. Toat ibodatlarda esa mustahab bo‘ladi. Hadisi sharifdagi hasaddan murod havasdir. Ya’ni ikki xislat to‘g‘risidagi havas, maqtalingan havasdir”[14].    

Ha, mazkur hadisi sharif ko‘rsatmasiga binoan ikki kishiga havas qilish mustahabdir. Biri tungi vaqtlarda ham, kunduzgi vaqtlarda ham Qur’on tilovat qilib, ma’nolarini anglashga astoydil harakat qiladigan hamda uning buyruqlariga amal qilib, qaytariqlaridan qaytadigan insondir. Bunday inson Qur’oni karimda ham madh etilgan:

﴿إِنَّهُۥ لَقُرۡءَانٞ كَرِيمٞ٧٧ فِي كِتَٰبٖ مَّكۡنُونٖ٧٨ لَّا يَمَسُّهُۥٓ إِلَّا ٱلۡمُطَهَّرُونَ٧٩

“Albatta, u Qur’oni karimdir. U saqlangan kitobda (Lavhul mahfuzda) dir. Uni faqat poklangan kishilargina ushlaydi”[15].      

Ikkinchisi esa qo‘lidagi molni asosiy maqsad deb emas, balki maqsadga erishtiruvchi vosita deb biladigan va shu tushunchasiga ko‘ra kecha-yu kunduz uni yaxshilik yo‘liga sarflash payida bo‘ladigan insondir. Bu insonning havas qilsa arziydigan pok inson ekanini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bildirdilar.

 

Ilohiy kitoblarga iymon keltirish

Qur’oni karimga iymon keltirish, iymon ruknlaridan biri bo‘lgan ilohiy kitoblarga iymon keltirishning bir bo‘lagidir. Alloh taolo Muhammad alayhissalomga Qur’onni nozil qilgani kabi boshqa payg‘ambarlarga ham kitoblar nozil qilgan. Qur’oni karimda o‘sha kitoblardan ba’zilarining nomlari keltirilgan:

 

  1. Tavrot. Bu kitob Muso alayhissalomga nozil qilingan bo‘lib, unda hidoyat va nur bo‘lgan. U bilan xalq tarbiyasiga mas’ul kishilar va yahudiy ulamolari hukm yuritganlar:

﴿إِنَّآ أَنزَلۡنَا ٱلتَّوۡرَىٰةَ فِيهَا هُدٗى وَنُورٞۚ يَحۡكُمُ بِهَا ٱلنَّبِيُّونَ ٱلَّذِينَ أَسۡلَمُواْ لِلَّذِينَ هَادُواْ وَٱلرَّبَّٰنِيُّونَ وَٱلۡأَحۡبَارُ بِمَا ٱسۡتُحۡفِظُواْ مِن كِتَٰبِ ٱللَّهِ وَكَانُواْ عَلَيۡهِ شُهَدَآءَۚ

“Darvoqe, Biz (ularga) Tavrotni nozil qildik. Undagi hidoyat va nur (ahkomlar izohi) bilan itoatkor nabiylar, zohidlar va ulamolar yahudiy bo‘lganlarga Allohning Kitobidan yod oldirilgan (bilimlari)ga binoan hukm bayon eturlar. O‘zlari bunga guvohdirlar”[16].    

Ushbu hidoyatli va nurli Tavrot ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng unga ergashuvchilari tomonidan buzilgan. Bu haqda Qur’onda shunday xabar berilgan:

﴿۞أَفَتَطۡمَعُونَ أَن يُؤۡمِنُواْ لَكُمۡ وَقَدۡ كَانَ فَرِيقٞ مِّنۡهُمۡ يَسۡمَعُونَ كَلَٰمَ ٱللَّهِ ثُمَّ يُحَرِّفُونَهُۥ مِنۢ بَعۡدِ مَا عَقَلُوهُ وَهُمۡ يَعۡلَمُونَ٧٥

“Ular (Isroil avlodi)ning sizlarga ishonishidan umid qilayapsizmi (ey musulmonlar)?! Vaholanki, ulardan bir guruhi Allohning kalomini eshitib, anglab olganlaridan so‘ng, bila turib, uni o‘zgartirar edilar-ku!”[17]

  1. Injil. Ushbu kitob Iso alayhissalomga tushirilgan bo‘lib, unda hidoyat va nur bo‘lgan. Bu kitob o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi bo‘lib kelgan:

﴿وَقَفَّيۡنَا عَلَىٰٓ ءَاثَٰرِهِم بِعِيسَى ٱبۡنِ مَرۡيَمَ مُصَدِّقٗا لِّمَا بَيۡنَ يَدَيۡهِ مِنَ ٱلتَّوۡرَىٰةِۖ وَءَاتَيۡنَٰهُ ٱلۡإِنجِيلَ فِيهِ هُدٗى وَنُورٞ وَمُصَدِّقٗا لِّمَا بَيۡنَ يَدَيۡهِ مِنَ ٱلتَّوۡرَىٰةِ وَهُدٗى وَمَوۡعِظَةٗ لِّلۡمُتَّقِينَ٤٦

“Ularning izlaridan Iso ibn Maryamni o‘zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda izdosh qilib yubordik va unga Injilni – ichida hidoyat va nuri bilan o‘zidan oldingi (tushirilgan) Tavrotni tasdiq etuvchi holda taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat (manbai) qilib berdik”[18].      

Ma’lum vaqtdan so‘ng hidoyatli va nurli bo‘lgan Injil ham unga ergashuvchilari tomonidan asl holatidan o‘zgartirib yuborilgan:

﴿وَمِنَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّا نَصَٰرَىٰٓ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَهُمۡ فَنَسُواْ حَظّٗا مِّمَّا ذُكِّرُواْ بِهِۦ فَأَغۡرَيۡنَا بَيۡنَهُمُ ٱلۡعَدَاوَةَ وَٱلۡبَغۡضَآءَ إِلَىٰ يَوۡمِ ٱلۡقِيَٰمَةِۚ وَسَوۡفَ يُنَبِّئُهُمُ ٱللَّهُ بِمَا كَانُواْ يَصۡنَعُونَ١٤ يَٰٓأَهۡلَ ٱلۡكِتَٰبِ قَدۡ جَآءَكُمۡ رَسُولُنَا يُبَيِّنُ لَكُمۡ كَثِيرٗا مِّمَّا كُنتُمۡ تُخۡفُونَ مِنَ ٱلۡكِتَٰبِ وَيَعۡفُواْ عَن كَثِيرٖۚ قَدۡ جَآءَكُم مِّنَ ٱللَّهِ نُورٞ وَكِتَٰبٞ مُّبِينٞ١٥

“Biz – nasroniylarmiz” deganlardan (ham) ahdlarini oldik. Ularga eslatilgan narsadan (katta) bir qismini unutdilar. Shundan keyin ularning o‘rtalarida qiyomat kunigacha adovat va nafrat qo‘zg‘atdik. Keyin Alloh ularni o‘z qilmishlaridan xabardor qilajak. Ey ahli kitoblar! Sizlarga rasulimiz (Muhammad) kelib, Kitobdagi ko‘pgina siz yashirgan (oyatlar)ni sizlarga bayon qilmoqda va (xatolaringizning) aksariyatini afv etmoqda. Allohdan sizlarga Nur va ravshan Kitob keldi”[19].     

  1. Zabur. Ushbu kitobning Dovud alayhissalomga nozil qilingani shunday xabar berilgan:

﴿وَرَبُّكَ أَعۡلَمُ بِمَن فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۗ وَلَقَدۡ فَضَّلۡنَا بَعۡضَ ٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ عَلَىٰ بَعۡضٖۖ وَءَاتَيۡنَا دَاوُۥدَ زَبُورٗا٥٥

“Robbing osmonlaru yerdagi barcha jonzotlarni yaxshi biluvchidir. Darhaqiqat ba’zi payg‘ambarlarni ba’zilaridan afzal qildik va Dovudga Zaburni berdik”[20].  

  1. Sahifalar. Alloh taolo Ibrohim va Muso alayhissalomlarga sahifalar nozil qilgan. Bu sahifalarda halol va pok, Allohni zikr qilib yurgan, namoz o‘qiydigan kishilarning yutuqqa erishishlari hamda oxiratning yaxshiroq va boqiy ekani to‘g‘risida xabarlar bo‘lgan:

﴿قَدۡ أَفۡلَحَ مَن تَزَكَّىٰ١٤ وَذَكَرَ ٱسۡمَ رَبِّهِۦ فَصَلَّىٰ١٥ بَلۡ تُؤۡثِرُونَ ٱلۡحَيَوٰةَ ٱلدُّنۡيَا١٦ وَٱلۡأٓخِرَةُ خَيۡرٞ وَأَبۡقَىٰٓ١٧ إِنَّ هَٰذَا لَفِي ٱلصُّحُفِ ٱلۡأُولَىٰ١٨ صُحُفِ إِبۡرَٰهِيمَ وَمُوسَىٰ١٩

“Najot topuvchi odam, haqiqatan, (kufr va gunohlardan) pok bo‘lur va Parvardigorining ismini yod etib, (besh vaqt) namoz o‘qir. Ha, sizlar, (ey kofirlar!) Dunyo hayotini (oxiratdan) ustun qo‘yursiz. Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir. Darvoqe, bu (oyatlar) avvalgi (payg‘ambarlarga nozil bo‘lgan) sahifalarda – Ibrohim va Muso sahifalarida (ham) bordir”[21].

Bulardan boshqa kitoblarning nomlari haqida Qur’oni karimda biror xabar kelmagan. Ammo ko‘plab payg‘ambarlar yuborilgani va ularga kitoblar berilgani haqida umumiy xabarlar kelgan: 

﴿كَانَ ٱلنَّاسُ أُمَّةٗ وَٰحِدَةٗ فَبَعَثَ ٱللَّهُ ٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ مُبَشِّرِينَ وَمُنذِرِينَ وَأَنزَلَ مَعَهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ بِٱلۡحَقِّ لِيَحۡكُمَ بَيۡنَ ٱلنَّاسِ فِيمَا ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِۚ

“Odamlar bir millat (bir xil dinda, ya’ni Islomda) edilar. So‘ngra (ular buzilib ketgach), Alloh ham xushxabar beruvchi, ham ogohlantiruvchi payg‘ambarlarni yubordi. Yana ular bilan birga odamlar orasida chiqqan kelishmovchiliklarni hal etadigan hukmlarni chiqarsin deb (ilohiy) Kitobni ham haqiqatan nozil qildi”[22].    

Qur’onda nomlari zikr qilinmagan boshqa ilohiy kitoblarga ham umumiy iymon keltirish lozim bo‘ladi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

ARSHGA ISTIVO HAQIDA

ALLOH BЕTIMSOL ZOTDIR

 

[1] مَا harfi ba’zi o‘rinlarda لَيْسَ ning amalini, ya’ni, mubtadoni raf, xabarni nasb qiladi. Bunda quyidagi shartlar topilishi kerak:

  1. مَا ning xabari ismidan oldin kelmasligi kerak. Agar oldin kelsa, مَا harfi لَيْسَning amalini qila olmaydi. Masalan, مَا فَائِزٌ سَعِيدٌ
  2. مَا dan keyin إِنْ kelmasligi kerak. Agar kelsa مَاharfi لَيْسَning amalini qila olmaydi. Masalan, مَا إِنْ خَالِدٌ شُجَاعٌ

مَا ning nafiysi إِلاَّ bilan bekor qilinmasligi kerak. Agar  إِلاَّbilan bekor qilinsa, مَا harfi  لَيْسَ ning amalini qila olmaydi. Masalan, مَا أَنْتَ إِلاَّ كَرِيمٌ

[2] Manno’ Qatton. Mabahis fi ulumil Qur’on. – Bayrut: “muassasatu kutubis siqofiya”, 1980. – B. 21.

[3] Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 65.

[4] Moida surasi, 48-oyat.

[5] Hijr surasi, 9-oyat.

[6] Fussilat surasi, 41-oyat.

[7] Fussilat surasi, 42-oyat.

[8] Baqara surasi, 2-oyat.

[9] Luqmon surasi, 3, 4-oyatlar.

[10] Isro surasi, 82-oyat.

[11] Sod surasi, 1-oyat.

[12] Shuro surasi, 52-oyat.

[13] Manna’ Qatton. Mabahis fi ulumil Qur’an. – Bayrut: “Muassasatu kutubis siqofiya”, 1980. – B. 145.

[14] Mulla Ali Qori. Mirqotul mafotih. Bayrut-Lubnan: “Dorul kutubil ilmiya”, 2007. – B. 618.

[15] Voqia surasi, 77, 79-oyatlar.

[16] Moida surasi, 44-oyat.

[17] Baqara surasi, 75-oyat. 

[18] Moida surasi, 46-oyat.

[19] Moida surasi, 14, 15-oyatlar. 

[20] Isro surasi, 55-oyat.

[21] A’lo surasi, 14, 19-oyatlar.

[22] Baqara surasi, 213-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

28.04.2025   2670   3 min.
O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga yuksak e’tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori jahon ilmiy jamoatchiligi, ayniqsa turkiy davlatlarda alohida quvonch va xursandchilik bilan kutib olinmoqda.

Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.

Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.  

Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.

Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.

Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.

O‘zA

MAQOLA