Masuliyatsizlik: dangasalik, beparvolik va bexafsalalik kabi illatlarga olib boruvchi eng buyuk vositalardandir. Masuliyatdan o‘zini olib qochish, bo‘yinga (gardanga) olmaslik va uni xis qilmaslik bu, majburiyat va vazifalarni bajarish hamda amalga oshirish yo‘lida dangasalikka olib keladi.
Shuningdek, masuliyat deganda faqatgina muayyan kishilarni vazifasi degan xatarli tushunchaga borib qolinadi.
Vaholanki inson unga berilgan har bir ne’matga nisbatan masul ya’ni javobgardir. Albatta, quloq, ko‘z va dil — ana o‘shalar, mas’uldirlar. (Isro 36) Bir ma’noda hisob-kitoblidir.
Alloh taolo insoniyatni amonatdorlikka javobgar qilib qo‘ydi. Bu borada Qur’oni karima shunday deyiladi: Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir. (Ahzob 72)
Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar.
Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) o‘ta zolimdir. O‘ziga yuklatilgan va o‘zi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan o‘ziga o‘zi zulm qiladi. Inson jinsi o‘ta johildir, shuning uchun o‘zi rozi bo‘lib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi.
Natijada dinimizda taklif qilingan ishlarni amalga oshirishga nisbatan beparvolik, dangasalik qilinishini ko‘ramiz.
Masalan: dinimizni o‘rganish va o‘rgatish, amal qilish, kishilarni da’vat qilish va bu yo‘ldagi aziyatlarga sabr qilish.
Bugungi kunda ko‘pchilik musulmonlar yuqoridagi masalalar borasida qayg‘urmay, ahamiyat bermay qo‘ymoqdalar. Go‘yoki bu ishlar ularni qiziqtirmaydi va ularning ishi ham emas, ularga muhim ham emas yoki vaqvtlari ham yo‘qday. Buning oqibati nima bo‘layotganligi hayotda hammamiz uchun ma’lum bo‘lib bormoqda.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘linglar. Har biringiz masuldirsizlar va har biringiz o‘z qavmiga masuldir. Podsho o‘z fuqorolariga masuldir. Kishi ahli baytiga masuldir. Ayol esa uy egasi (eri)ga va uning bolalariga masuldir. Xizmatkor (qul) egasining moliga masuldir. Ogoh bo‘ling! Har biringiz masuldirsiz va har biringiz o‘z qavmiga masuldir!”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)
Demak, har birimiz o‘z oilamizga masuldirmiz. Bu - har bir inson xolatidan kelib chiqib, qo‘lostidagi insonlar uchun masuldir. Bu borada dangasalikka yo‘l qo‘yish esa, xiyonatdir.
Agar har bir inson unga yuklangan ishlarda masuliyatsizlik qilsa yoki o‘zini olib qochsa nafaqat bir kishiga balki butun jamiyatga sanab bo‘lmas darajada qiyinchiliklarni tug‘diradi.
Aziz vatandoshlar! Keling, barchamiz o‘zimizga yuklangan ishlarda masuliyat bilan yondoshgan holda, jamiyatimiz va yurtdoshlarimizga foydali bo‘lishga harakat qilaylik!
“Shayx Zayniddin” masjidi imom-xatibi Abdurahmonov Yahyo Ubaydulloh o‘g‘li
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.