Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Malabek o‘g‘li Jamollidin, deb tanishtirgan shaxsning “Allohning vakili qilib yuborilgani, hamma uchun yagona din “Imon yo‘li dasturi” dinini targ‘ib qilish, bunga 35 yil tayyorgarlik ko‘rgani, muayyan ibodatlar dasturi borligini” aljirab chiqqan videosi tarqaldi.
Bu kabi holat birinchisi va oxirgisi ham emas, ahyon-ahyonda uchrab turishi tabiiy holdir. Bu borada Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “...Kelajakda ummatimda o‘ttizta kazzob bo‘lur. Ularning har biri o‘zining nabiyligini da’vo qilur. Holbuki, men nabiylarning xotimi-tugatuvchisiman. Mendankeyinnabiykelmas”, dedilar” (ImomTermiziyva Abu Dovudrivoyatlari).
“Kazzob” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “ko‘p yolg‘on gapiruvchi”, “o‘ta ketgan yolg‘onchi” ma’nolarini ifoda etadi. Demak, Nabiy alayhissalomdan keyin hech qanday payg‘ambar yoki rasul chiqishi mumkin emas. Bordi-yu, kimdir payg‘ambarlik yo rasullikni da’vo qilsa, u yolg‘onchi deya inkor etiladi va unga qarshi chiqiladi.
Ma’lumki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam rasul (elchi) va nabiylarning so‘nggisidirlar. Bu haqida Alloh taolo: “Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir”, deya xitob qilgan (“Ahzob” surasi, 40-oyat).
Ushbu oyatga ko‘ra, kimda-kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyin yana payg‘ambar yo rasul chiqadi deb aytsa, e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Chunki u mazkur oyatni inkor qilgan va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning eng so‘nggi payg‘ambar va rasul ekanini tan olmagan bo‘ladi.
Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilingan hadisi sharif matnida Payg‘ambar alayhissalomning “Men bilan nabiylar tugatildi”, degan so‘zlarini eslab o‘tish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Shu o‘rinda,hurmatli bloger hamda faol internet foydalanuvchilariga din masalasidagi har qanday noodatiy holatni ommaga ko‘rsatish hamisha ham to‘g‘ri bo‘lavermasligini ta’kidlamoqchimiz. Chunki, bu odamlarning e’tiqodi bilan bog‘liq masala hisoblanadi.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bunday xatti-harakatni qat’iy qoralashini, ilmu ma’rifat rivojlangan bugungi davrda odamlarning vaqtlarini olib, bu kabi asossizlavhalarni tarqatish hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini hamda mo‘min-musulmonlarimizdan bu kabi shaxslarning soxta da’volariga chalg‘ib qolmasliklarini so‘rab qolamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo hay’ati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati