Shu yil 20 avgust kuni Surxondaryo viloyati Adliya boshqarmasi “Varroq Termiziy” masjidini rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazib, bu haqdagi guvohnomani masjid xodimlariga topshirdi. Ushbu masjid viloyatdagi Termiz tumani “Yangi hayot” mahallasida joylashgan. Uning nomi buyuk ajdodimiz Varroq Termiziy hazratlari nomiga qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, “Varroq Termiziy” masjidining ochilishi bilan Surxondaryodagi masjidlar soni 115 taga, Respublikamizdagi masjidlar soni esa 2072 taga yetdi.
Bir necha kun oldin Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “Hilol” masjidi ro‘yxatga olingani haqida xabar bergan edik.
Alloh taolo ushbu masjidni yurtdoshlarimizga muborak qilsin. Ana shunday xayrli ishlarning barokatidan bashariyat boshiga kelgan vaboni butun dunyodan, xususan, yurtimizda ko‘tarsin, bemorlarimizga komil shifo bersin, barchamizni panohida saqlasin. Yurtimizda masjidlar ochilishiga sababchi bo‘latgan insonlardan Haq taolo rozi bo‘lsin, bunday xayrli ishlarni bardavom aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bugun hijriy sanada Shavvol oyining 20 sanasi. Taxminan yana 10 kundan keyin Shavvol oyi ham o‘z nihoyasiga yetadi. Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutishni unutmadingizmi? Yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa eslatib qo‘yishni lozim deb topdik. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Va eslat. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur” (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Shavvol oyida 6 kun ro‘za tutish yil bo‘yi ro‘za tutganning savobiga noil etadi.
Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kunining o‘n barobari o‘n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro‘zasi esa (60 kun) ikki oy bo‘ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi:
“Kim bir yaxshilik keltirsa, uning uchun o‘n barobari bor. Kim bir yomonlik keltirsa, u faqat qilganiga yarasha jazolanur. Va ularga zulm qilinmas” (An’om surasi, 160-oyat).
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag‘firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD