Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Yangi yilning ilk oyida nimalar qilish kerak?

20.08.2020   3088   5 min.
Yangi yilning ilk oyida nimalar qilish kerak?

Bugun, milodiy 20 avgust kuni Muharram oyining birinchi sanasi bo‘lib, hijriy-qamariy hisobdagi yangi yil – 1442 yil boshlanadi. Odatda bu munosabat bilan musulmonlar bir-birlarini tabriklashadi.  

Lug‘atda “muharram” so‘zi hurmatlangan, harom qilingan, ulug‘langan ma’nolarini anglatadi. Demak, Muharram hurmatli oy ekan.  

Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang” (Tavba surasi, 36-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ushbu oyatni sharhlab: “Bu to‘rt oy – Zul qa’da, Zul hijja, Muharram  va Rajabdir...” deganlar (Ahmad ibn Hanbal rivoyati). 

 Shu bois ushbu oylarida mo‘min-musulmonlar bir-birlarini va boshqa din vakillarini ranjitib qo‘yishdan juda ehtiyot bo‘lishlari zarur. Uning o‘rniga bu oyda har kimning hurmatiga rioya qilishi lozim.

Darhaqiqat, muharram oyi Ramazondan keyingi martabada turadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za, Allohning Muharram oyi ro‘zasidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, dedilar. Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.  

Muharram oyida eng ulug‘ kunlardan biri – Ashuro kuni bor. U arab tilida “Ashur” – “o‘ninchi” degan ma’noni bildiradi. Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh “Tanbihul g‘ofilin” nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: «Ashuro kuni Odam alayhissalomning tavbalari qabul qilingan, Nuh alayhissalom kemadan tushib, buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutgan kundir. Sen ham o‘sha kuni ro‘za tutishga qodir bo‘lsang, albatta tutgin».

Demak, shu kuni insoniyat tarixida juda ko‘p muhim voqealar sodir bo‘lgan ekan. Uning shukronasiga o‘sha kuni o‘tgan payg‘ambarlar va ularning qavmi ro‘za tutishgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarmiz sollallohu alayhivasallam Madinaga kelganlarida yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: «Nima bu? (ya’ni, nima uchun ro‘za tutyapsiz?)», dedilar. Ular: «Bu yaxshi kundir. Bu kunda Alloh taolo Bani Isroilga dushmanlaridan najot bergan. Shuning uchun Muso ro‘za tutgan», deb javob berishdi. Shunda u zot: «Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman»,  dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar hamda boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). Demak, ayni shu kuni musulmonlar ham ro‘za tutishi lozim.

Yana bir hadisi sharifda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kuni ro‘za tutinglar va unda yahudiylarga xilof qilinglar. Undan oldin bir kun yoki undan keyin bir kun ro‘za tutinglar», ­ dedilar (Imom Ahmad rivoyat qilgan). Shunga ko‘ra, ulamolar Ashuro kunining ro‘zasiga undan oldin yoki undan keyin yana bir kunni qo‘shib ro‘za tutish mustahabdir, deyishgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhivasallam: «Ashuro kunining ro‘zasini oldingi yil (gunohlari)ga kafforat bo‘lishini Alloh taolodan umid qilaman», dedilar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Bunday ulkan savob Alloh taoloning fazli-rahmatidir.

Ulamolar besh vaqt va juma namozi, ramazon ro‘zasi va fazilatli kunlardagi ro‘zalar kabi ibodatlar avval kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi, keyin esa katta gunohlarni ham yuvadi, so‘ngra bandaning darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi, deganlar.

Demak, ulug‘ muharram oyida nafl ibodatlarni ko‘paytirsak, jumladan, undagi Ashuro kuni va undan bir kun oldin yoki keyingi kun nafl ro‘za tutsak, ko‘plab ajru mukofotlarga sazovor bo‘lamiz, inshaalloh.

Ashuro kunining yana bir ajoyib fazilati bor. Mo‘min-musulmonlar bu kunlarda ro‘zg‘orni but qilib qo‘yishi sunnatdir. Oila a’zolari uchun odatdagidan keng-mo‘l sarf-xarajat qilsa, Alloh taolo bu kunning hurmatidan unga yil bo‘yi kenglik qilib beradi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deganlar (Imom Tobaroniy va Imom Bayhaqiylar rivoyati).

Alloh taolo muharram oyi kirishi bilan boshlanadigan 1442 hijriy yilni barchamizga muborak qilsin! Bu yil hammamiz uchun xayru baraka yili bo‘lishini nasib etsin.

Manbalar asosida

Bahriddin Xushboqov

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   8414   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari