Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

Yangi tahrirdagi Qonun loyihasi: yangiliklar va o‘zgarishlar

20.08.2020   2483   6 min.
Yangi tahrirdagi Qonun loyihasi: yangiliklar va o‘zgarishlar

O‘zbekiston – qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. Ana shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi amaldagi siyosatining ustuvor vazifalaridan biri – vijdon va din erkinligini ta’minlash hisoblanadi. Shunga ko‘ra, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasining qabul qilinishi – ushbu sohadagi huquqiy asoslarni yaratish va doimiy takomillashtirish nuqtayi nazaridan katta ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining http://parliament.gov.uz veb-saytida yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi. Qonun loyihasini takomillashtirishda jamoatchilik fikrini olish maqsadida loyiha saytning “Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari” rukniga joylashtirilgan.

Shuningdek, ushbu Qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza va takliflarni demokratkom@parliament.gov.uz manziliga yo‘llash mumkin ekani ham ma’lum qilingan.

Ushbu qonun loyihasi haqida gap ketganda, avvalo, uni ishlab chiqishda qo‘shni davlatlar, shuningdek yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyat, shuningdek, O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik o‘ziga xos tarixi, madaniy-tarixiy an’ana va qadriyatlari inobatga olinganini alohida qayd etish lozim.

Qolaversa, ushbu Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro me’yorlar va talablar, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingani diqqatga sazovor.

Mazkur qonun loyihasi mutaxassislar tomonidan barcha hamkorlar, shu jumladan, Brigam Yang universitetning Huquqshunoslik va dinshunoslik bo‘yicha xalqaro markazidagi amerikalik ekspertlar tavsiyalarini o‘rgangan holda yanada takomillashtirildi va qo‘shimchalar kiritildi. 

Endi, bevosita yangi tahrirdagi Qonun loyihasida ko‘zda tutilgan quyidagi asosiy yangilik va o‘zgarishlarga to‘xtalsak:

– diniy sohadagi qonun hujjatlarida qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarga ta’rif berildi;

– vijdon erkinligini ta’minlashning va diniy tashkilotlar faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi;

– vijdon erkinligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi;

– har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olishi, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida diniy ta’lim berish) o‘rgatish huquqi belgilandi;

– diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, ularni ta’minlanishining kafolatlari, shu jumladan yuqori turuvchi organ yoki sudga mansabdor shaxslarning diniy tashkilotlarning huquq va erkinliklarini buzuvchi qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha ular sudga murojaat qilganda, davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi mustahkamlab qo‘yildi;

– diniy tashkilot rahbarligiga ko‘rilayotgan chet ellik fuqaro nomzodini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishish talabi chiqarib tashlandi;

– diniy tashkilot rahbarining O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilindi;

– davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron tizimiga o‘tish orqali diniy tashkilotni tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘rnatildi, unga ko‘ra quyidagilar belgilandi:

·    ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtiroki bekor qilindi;

·    diniy tashkilotlarning hujjatlarini notarial tasdiqlash tartibi bekor qilindi;

·    diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy ta’lim muassasasini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi soddalashtirildi;

·    mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar soni 100 tadan 50 tagacha qisqartirildi;

·    ro‘yxatga olish organi tomonidan diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun bir oylik muddat belgilandi;

– diniy tashkilotni ro‘yxatga olishni rad etilishi mumkin bo‘lgan asoslarning to‘liq ro‘yxati aniqlandi;

– ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning diniy tashkilot faoliyatini to‘xtatib qo‘yish va tugatish bo‘yicha huquqi chiqarib tashlandi;

– qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan taqdirda, diniy tashkilot faoliyatini olti oygacha sud orqali to‘xtatib qo‘yish instituti joriy etildi.

Bundan tashqari, mazkur Qonun loyihasida jamoat tartibini saqlash, boshqa fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, axloqi, huquqlari va erkinligini ta’minlash maqsadida diniy sohani davlat idoralari tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan sabablar tushuntirilgan quyidagi qoidalar o‘z aksini topgan:

 

·    vakolatli davlat organlari va diniy tashkilotlar o‘rtasida jamiyatda dinlararo va millatlararo totuvlikni saqlash bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish;

·    din davlatdan ajratilganligi prinsipi davlat organlari va diniy tashkilotlar tomonidan bir-birlarining ishlariga o‘zaro aralashmaslik shaklida belgilandi, shuning uchun davlat diniy tashkilotlarga biron-bir davlat vazifalarini bajarishni yuklamaydi. Shu bilan birga, davlat konfessiyalarning tinch-totuvlikda yashashiga kafil bo‘ladi;

·    diniy sohani tartibga soluvchi davlat idoralarining vakolatlari aniqlab berildi;

·    jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni buzishga ko‘maklashuvchi missionerlik va prozelitizmning har qanday ko‘rinishlarini cheklash belgilandi;

·    diniy mazmundagi materiallarni dinshunoslik ekspertizadan o‘tkazishdan asosiy maqsad qilib jamiyatda konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlovchi g‘oyalarning oldini olish belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, ushbu qonun loyihasi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar bilan kafolatlangan diniy sohada umume’tirof etilgan huquq va erkinliklar, yurtimizdagi hozirgi diniy vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlari va bevosita O‘zbekiston sharoitida dinlararo munosabatlarni shakllanishining tarixiy sharoitlarini o‘z ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Shu o‘rinda, ushbu omillarni inobatga olmagan holda mamlakatimizda yashovchi millat va elatlar hamda konfessiyalar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarining muvozanatini saqlab qolish, ularning turlicha diniy e’tiqodlari va his-tuyg‘ularini hurmat qilishni ta’minlash mutlaqo imkonsiz ekanini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Allohni seving!

04.08.2025   614   2 min.
Allohni seving!

Odamlardan biri Zunnundan “Kimni do‘st tutay?” – deb so‘radi. U: “Kasal bo‘lsang shifo beradigan, gunohga qo‘l ursang uni kechirib yuboradigan, so‘rasang beradigan va uning yordamiga muhtoj bo‘lsang senga yordam beradigan Zotni do‘st tut!” – dedi.

Alloh taolodan o‘zga do‘st bormi?! Sajdaga borgan paytingiz ishlaringizni maxfiy tarzda Robbingizga ayting. Zero, U Zot maxfiy narsalardan ham xabardordir. Atrof­dagilardan uni maxfiy tuting, chunki muhabbat oshkor aytilmaydi. Muhabbatingizni kechalari tahajjudlarda, sahar vaqtlari namozlaringizda izhor eting.

Ayrim odamlar dinni “Buni qil!”, “Buni qilma!” kabi buyruqlar va taqiqlardan yoki halol va harom tushunchalarining jamlanmasi deb bilishadi va barisining ustida Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbat turishini unutib qo‘­yishadi. Ishning boshi – muhabbatdir. Muhabbat yo‘qolsa, toatu ibodatlarning bari kishini dindor musulmonga aylantira olmaydi.

Agar siz Allohga muhabbat da’vosida bo‘lsangiz, bu muhabbatingizni hayotingiz davomida ko‘rsating. Gap-so‘zingiz, yurish-turishingiz va amallaringizda ham Allohga bo‘lgan muhabbatingiz aks etib tursin.

Rivoyat qilinishicha, bir kishi safarda sohibjamol ayolga yo‘liqib qolibdi. Va unga qarata: “Sen meni butunlay o‘zingga rom etding. Mening butun xayolim sen bilan band”, debdi. Ayol ham: “Agar aytganingiz rost bo‘lsa, borim sizga fido bo‘lsin. Ammo mening bir ofatijon singlim bor. Mendan anchayin chiroyli. U ortingizda turibdi. Agar istasangiz ikkimizdan birimizni tanlashingiz mumkin”, debdi. Kishi darhol ortiga o‘girilibdi. Shunda ayol uning yuziga bir tarsaki tushiribdi va: “Qorangni ko‘rmay! Firibgar, aldoqchi! Meni sevaman deb, boshqasiga ko‘z olaytirasanmi?! Mening oldimga yalinib kelib, oshiqligingni aytding. Seni sinovdan o‘tkazgandim. Uchiga chiqqan yolg‘onchi ekansan!” – debdi. Shunda u ko‘zlariga yosh olib, o‘ziga-o‘zi shunday debdi: “Bir yaratiqning muhabbatini da’vo qilib, undan yuz o‘girganim uchun yuzimga tarsaki tushdi... Necha martalab Yaratgan Zotga oshiqlik da’vosini qilib, undan yuz burdim. Undan boshqasi bilan ovorayu sarson bo‘ldim. Qalbimga urilgan shapaloqni payqamay qolibman... Nahotki, men qalbi qoplanib qoladigan darajaga yetgan bo‘lsam-a?!” degan ekan. Zero, Alloh taolo aytadi: «Yo‘q (unday emas)! Balki, ularning dillarini o‘zlarining qilmishlari (gunohlari) qoplab olgandir»[1].

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Mutoffifun surasi, 14-oyat.