Joriy yilning 22 avgust kunidan boshlab, Buxoro shahri Gazli shossesi yo‘li yoqasida joylashgan «Sharq» bosh bekatidan soat 09-00 dan e’tiboran karantin talablari bo‘yicha belgilangan barcha sanitariya-gigiyena me’yorlarga amal qilgan holda «Buxoro shahri - Yetti pir ziyoratgohlari» yo‘nalishida transport qatnovi boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur yo‘nalishda “ARK TRAVEL” MCHJ korxonasi o‘zining zamonaviy avtobus va mikroavtobuslarida qatnovlarni amalga oshiradi.
Ushbu yo‘nalishdagi qatnov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining «Buxoro shahri – Yetti pir ziyoratgohlari» yo‘nalishida transport qatnovini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash, viloyatning turizm sohasini yanada rivojlantirish hamda sayyohlar va viloyat aholisiga sifatli transport xizmati ko‘rsatish maqsadida Buxoro viloyati transport boshqarmasi tomonidan yo‘lga qo‘yilmoqda.
http://xs.uz
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov