Bugun, 20 avgust hijriy 1442 yil Muharram oyining birinchi kuni. Ushbu oyning Ashuro kuni, ya’ni 10-kuni (30 avgust) ko‘plab muhim voqea va hodisalar sodir bo‘lgan. Bu haqda tarix kitoblarida batafsil ma’lumot berilgan. Shu o‘rinda ularning ayrimlarini esga olib o‘tamiz:
Bu to‘g‘rida Qur’oni Karimda marhamat qilinadi: “Bas, (Odam bilan Havvo) undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yanglishdi So‘ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyatga yo‘lladi” (Toha surasi, 121-122 oyatlar).
Eng ahamiyatlisi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlar. Bu narsa biz uchun sunnatga aylangan. U zot ummatlarini ro‘za tutishga undaganlar, qiziqtirganlar. Ummatlar uchun o‘z Payg‘ambarining sunnatlariga ergashish saodat, fazilat, baraka va najotdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kuni ro‘zasini tutganlarida o‘sha kuni ro‘za tutishga (boshqalarni ham) buyurdilar. Shunda: “Ey Rasululloh, bu kunni yahudiy va nasroniylar ulug‘lashadi”, deyildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kelasi yil, inshaalloh, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz”, dedilar. Kelasi yil kelmasdan avval Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etdilar” (Muslim, Abu Dovud va Tabaroniy rivoyati).
Demak, Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kuni emas, balki bir kun oldin yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridir.
Sahobai kiromlar, tobe’inlar va ulardan keyin yashab o‘tgan mo‘min-musulmonlar bu kunlarda ro‘za tutishgan. Biz ham solihlarning yo‘llariga ergashishga buyurilganmiz. Ular biz uchun yo‘lchi yulduz, nurli chiroqdir.
Abu Qatodadan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan yilgi gunohlarga kafforat bo‘lishidan umid qilaman!” deganlar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).
Bu hadisdan Ashuro kuni tutiladigan ro‘zaning qanchalik fazilatli ekani, ya’ni o‘sha kuni ro‘za tutgan bandaning avvalgi yilda qilgan gunohlari kechirilishi ma’lum qilinmoqda.
Ulamolar Ashuro kuni ro‘za tutish sunnati muakkada, degan xulosaga kelishgan. Qaysi banda niyat va ixlos bilan Ashuro kuni ro‘zasini tutsa, va’da qilingan ajr-mukofot va gunohlari kechirilishiga erishadi. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, fursatni g‘animat bilib, solih amallarda peshqadam bo‘lish har bir mo‘min insonning burchidir.
Jamoat ahliga ergashgan, ularning yo‘lidan yurganlar aslo kam bo‘lmaydilar, nadomatda qolmaydilar, hasrat chekmaydilar, ziyon ko‘rmaydilar. Tutgan har bir kuni ro‘zasi uchun ulkan savoblarni qo‘lga kiritadilar, tog‘dek-tog‘dek gunohlari duv-duv to‘kiladi. Buning barchasi biz ojiz bandalar uchun nihoyatda mehribon va o‘ta g‘amxo‘r Robbimizning cheksiz inoyatidir.
Erkin Qudratov,
Mir Arab o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudarrisi
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV