Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Hidoyatga boshlovchi imom e’tirofi

20.08.2020   2217   8 min.
Hidoyatga boshlovchi imom e’tirofi

Barhayot ma’naviy meros

Islom dini vujudga kelgan dastlabki davrlardanoq musulmonlar orasida aqidaviy mavzularda ixtiloflar yuzaga kelgan. Ushbu ixtiloflarning negizida kalom ilmining eng nozik mavzusiga aylangan va bugun aksar destruktiv kuchlar o‘ziga dastur qilib olgan masalalar yotadi.

 

Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi shunday murakkab savollarga ilmiy asoslangan javoblar berib, moturidiylik ta’limotiga asos solgan buyuk vatandoshimiz, alloma Abu Mansur Moturidiy hayoti, benazir ilmiy merosini e’tirof etish, yurtimiz hamda jahonda keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Moturidiylik ta’limoti islom dini doirasidagi oqimlar orasida o‘zining ratsionalistik qarashlari bilan alohida ajralib turgan mo‘taziliylikka qarshi o‘laroq vujudga kelgan bo‘lsa ham aslida islomning birlamchi manbalari — Qur’on oyatlari va hadisi shariflar mazmunini to‘g‘ri talqin qilish, insonlarga sodda va ravon tushuntirishni maqsad qilgan.

 

Bir so‘z bilan aytganda, moturidiylik adashgan toifalarga qarshi g‘oyaviy kurash maydonida oldingi safda turgan. Islom olamida “Imomul huda” (Hidoyatga boshlovchi imom) nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog‘ida 870 yili tug‘ilib, 944 yili vafot etgan. Qabri Samarqand shahridagi Chokardiza (jangchilar qal’asi) qabristonida.

 

Alloma yashagan davrda islom olamida g‘oyaviy parokandalik, aqidaviy ixtiloflar avj olgani sabab to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli oqimlar ilgari surgan yanglish g‘oyalarga qarshi Qur’on va Hadisga muvofiq asosli raddiya bera oladigan allomalarga ehtiyoj kuchli edi.

 

Shunday vaziyatda Abu Mansur Moturidiy izlanishlari, mashaqqatli mehnati, aql-zakovati bilan yot g‘oyalarga qarshi tura oldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, ahli sunna val jamoa aqidasini saqlab qolishda, rivojlantirishda Imom Moturidiyning xizmatlari beqiyosdir.

 

Mazkur ta’limotning eng yorqin vakili Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyning ilmiy mavqei va kalom ilmidagi qadr-qimmatini yuksak baholab, bunday yozgan: “Movarounnahrda birorta hanafiy olim mavjud bo‘lmaganda ham Abu Mansur Moturidiy bir o‘zi ularning o‘rnini bosa olar edi. Chunki u ilm ummonining eng chuqur qa’riga sho‘ng‘ib, undan duru gavharlarni olib chiqdi, diniy hujjatlarni o‘zining fasohati, mislsiz zakovati bilan ziynatladi”.

 

Imom Moturidiy zamondosh olimlari nazdida olimlarning eng ulug‘i, millatning ustuni edi. Qur’onga yozgan tafsiri esa har qanday chigallikni ochib beruvchi, inson qalbidagi shubhalarni haydovchi manba edi. Olim Hosiriy bunday yozgan: “Imom Moturidiyning ilmi tufayli to‘g‘ri yo‘ldagi odam bilan adashgan, noto‘g‘ri yo‘ldagi odam farqlanadi. Moturidiylar adashgan toifalarga raddiya bergan jamoa edi”.

 

Olim Muhammad ibn Abdurazzoq Zubaydiy esa “Imom Moturidiy din uchun kurashuvchi, ahli sunna val jamoa aqidasini mustahkamlovchi olim” bo‘lganini zikr qilgan. Ko‘rinib turibdiki, Abu Mansur Moturidiyning o‘z davridagi mavqei va martabasi nihoyatda yuqori bo‘lgan. Uning aqidaviy qarashlari Movarounnahrda ko‘pchilik hanafiy ulamolar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. G‘oyalari o‘z davrida paydo bo‘lgan aqidaviy toifalar rivojiga to‘sqinlik qilgan ta’limot sifatida e’tirof etilgan.

 

Imom Moturidiy uch yo‘nalish — kalom, tafsir, fiqh va usulul fiqh bo‘yicha asarlar yozgan. Abu Muin Nasafiy “Tabsiratul adilla” (Dalillar bilan sharhlash) asarida Moturidiyning 10 dan ortiq asari ro‘yxatini keltirgan. Afsuski, ulardan “Kitobut tavhid” (Allohning yagonaligi haqida kitob) va “Ta’vilot ahli sunna” (Ahli sunna val jamoa tafsiri) nomi bilan tanilgan va ulamolar nazdida barcha tafsirlardan ustun turuvchi “Ta’vilotul Qur’on” (Qur’on tafsiri) nomli asarlarigina bizgacha yetib kelgan.

 

Alloma asarlari butun islom aqidasini tahlil qiladi. Adashgan firqalarning aqidasini keskin rad etadi va uni inkor etib bo‘lmas dalillardan tashkil topgan yaxlit tizim sifatida tan olish lozimligini isbotlab beradi. Moturidiy hanafiy aqidasiga mos ravishda inson diniy ma’rifatga erishishning uch vositasiga – sog‘lom his a’zolari, naql, aqlga ega ekanini yozadi. Uning tahliliy fikrlari butun islom olamida sharqiy hanafiy sifatida tanilishi, shuhrat qozonishiga sabab bo‘ldi.

 

Imom Moturidiy “To‘g‘ri yo‘lning kaliti — ilm”, deb ta’kidlaydi hamda yoshlarga “qurolni ilmdan yasash” ta’limini beradi. Bundan ilmini to‘g‘ri yo‘lda sarflagan har bir inson yuksak martabaga erishishi mumkinligini anglash mumkin. Haqiqatan, ilm-ma’rifat qurol qilib olinsa, barcha munozaralar tinch yo‘l bilan, qonli to‘qnashuvlarsiz, talafotsiz yechim topadi.

 

Moturidiylik ta’limotida “dinni ilm bilan himoya qilish” targ‘ib qilinadi. Bu esa yurtimizda amal qilayotgan “Jaholatga qarshi — ma’rifat” g‘oyasi bilan hamohangdir.

 

Imom Moturidiy o‘gitlarida ilmga, yurt rahbariga itoatkorlikka, shuningdek, go‘zal insoniy fazilat — kamtarinlikka targ‘ib qilinadi.

 

Bugungi kunda yoshlarimizni botir va shijoatli qilib tarbiyalashimiz ham eng asosiy vazifalardan biridir. Chunki shijoatli yoshlargina har qachon g‘animlarga ham e’tiqod, ham jasorat bilan qarshi tura oladi, Vatanimiz sarhadlarini mardonavor himoya qilishga qodir bo‘ladi.

 

Chunonchi, Imom Moturidiyning “Xorlik istasang, xiyonatchi bo‘l”, “Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan yiroq bo‘l”, “Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan” kabi o‘gitlari yoshlarimizni loqaydlikdan, beparvolikdan yuz o‘girib, shijoatli bo‘lishga targ‘ib etadi.

 

Moturidiylik ta’limotining bunyodkor g‘oyalari barcha zamonlarda dolzarb bo‘lib kelgan. U islom tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan alloma hisoblangan. Olimning ilmiy qarashlari asosida shakllangan ta’limot o‘rta asrlardan to bugungi kungacha sunniylik e’tiqodiga zid ravishda paydo bo‘layotgan yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy qurol vazifasini o‘tab kelmoqda.

 

Imomning bag‘rikenglik qarashlari, aql va tafakkurga undovchi chaqiriqlari bugungi kunda ham nihoyatda ulkan ahamiyat kasb etadi. Buning olimlar tomonidan e’tirof etilgani diqqatga sazovor. Abu Muin Nasafiy ta’biri bilan aytganda, “Abu Mansur Moturidiy imomlarning ulug‘i va millatning ustunidir” yoki Hasan ibn Abu Uzba aytganidek, unga ergashgan kishi, albatta, hidoyat topadi.

 

Ushbu fikrimizni zamonamizning mashhur olimi, Misr bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari Ahmad Tayyib janoblarining Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada bildirgan quyidagi e’tirofi bilan dalillash mumkin: “Bugungi kunda turli takfirchi, buzg‘unchi kuchlarni yengishda mafkuraviy kuch bormi?” deb so‘rasalar, men: “Ha, ming marta ha!” deb aytaman. U moturidiylik ta’limotidir!”

 

Shuning uchun ham Prezidentimizning yuqorida nomi tilga olingan qarori milliy qadriyat va an’analarimizni tiklash, ulug‘ alloma ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ilmiy merosini chuqur o‘rganish, tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish, ilm ahliga zarur shart-sharoit yaratib berish, shu jumladan, moturidiylik ta’limotini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish borasidagi sa’y-harakatlarning uzviy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.

 

Zero, bugungi kunda dunyodagi qariyb 2 milliard musulmon aholining 38 foizi yoki 726 millioni moturidiylik ta’limotiga amal qiladi. Ular Pokiston, Hindiston, Turkiya, Misr, Rossiya kabi 20 ga yaqin davlatda istiqomat qiladi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, moturidiylik buyuk ajdodlarimiz sa’y-harakatlari bilan dunyo bo‘ylab tarqalgan va katta ehtirom bilan qabul qilingan.

 

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani, bir tomondan, allomaning avlodlari bo‘lmish olimlarimiz, tadqiqotchilarimiz zimmasiga alohida mas’uliyat va majburiyat yuklaydi. Ikkinchi tomondan, Imom Moturidiy va yurtimizdan chiqqan u kabi alloma ajdodlarimiz merosini ilmiy doiralarda keng targ‘ib qilishning yangi-yangi imkoniyatlarini yaratadi.

 

Ergash DAMINOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tadqiqotchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

02.05.2025   5555   2 min.
Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.

«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.

Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.

Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.

BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:

Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.

2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:

Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi
O'zbekiston yangiliklari