وَقَالُواْ لَن تَمَسَّنَا ٱلنَّارُ إِلَّآ أَيَّامٗا مَّعۡدُودَةٗۚ قُلۡ أَتَّخَذۡتُمۡ عِندَ ٱللَّهِ عَهۡدٗا فَلَن يُخۡلِفَ ٱللَّهُ عَهۡدَهُۥٓۖ أَمۡ تَقُولُونَ عَلَى ٱللَّهِ مَا لَا تَعۡلَمُونَ٨٠
Islomning ilk davridagi yahudiylar: "Bizlar bir necha kungina do‘zaxda azoblanamiz, keyin Alloh bizlarni jazolamaydi" deb safsata sotishardi. Alloh O‘z Payg‘ambariga tushirgan vahiyi orqali ularning bu yolg‘on iddaolarini rad etyapti. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo shunday deydi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida yahudiylar: "Bu dunyoning muddati yetti ming yildir, Alloh insonlarni do‘zaxda dunyo kunlarining har ming yiliga oxirat kunining bir kuni bilan azoblaydi, demak, yetti kungina jazolaydi, so‘ng to‘xtatiladi", deyishar edi. Shunda Alloh yuqoridagi oyatni nozil qildi" (Ikrima va Said ibn Juvayrdan Ibn Is'hoq rivoyati). Zahhokning rivoyatida esa Ibn Abbosning bunday degani keltiriladi: "Ahli kitoblar do‘zaxning ikki tarafi orasi qirq (yil, kun, oyligi aniq bo‘lmagan) masofa ekanini topishdi va: "Biz do‘zaxda Tavrotda topganimizcha (ya’ni, qirq yil yo kun yo oy) azoblanamiz", deyishdi" (Naysoburiy. "Asbabun-nuzul", 18-bet).
بَلَىٰۚ مَن كَسَبَ سَيِّئَةٗ وَأَحَٰطَتۡ بِهِۦ خَطِيَٓٔتُهُۥ فَأُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٨١
Ammo qiyomat kelganida odil Parvardigor kim jannatiy, kim do‘zaxiy ekanini yaxshi bilgani uchun hamma narsani adolat bilan hal etadi. O‘z manfaatlari yo‘lida yolg‘on to‘qib, Alloh taoloning oyatlariga kufr keltirgan nodon kimsalar qilgan yomonliklari uchun do‘zaxga tashlanishadi. Ming azobda yurib saqargacha (do‘zaxning eng tuban joyigacha) borishadi. U yerda zaharli zaqqum daraxti bor. Belgilangan kuni o‘sha joyga yetadilar. Shunda do‘zax posbonlari ularga: "Ey Allohning dushmanlari, sizlar do‘zaxda faqat belgilangan ma’lum kunlar azoblanamiz, deb o‘ylagan edinglar, mana endi sanoqlar kesildi, abadiylik qoldi", deyishadi.
وَٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ أُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلۡجَنَّةِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ٨٢
Dunyo hayotida imon bilan, solih amallarni qilib o‘tgan kishilar uxroviy tijoratda juda katta foyda ko‘rishadi. Alloh taolo bunday saodatmand kishilarni jannat bilan mukofotlaydi va ular jannatning ko‘rkam bog‘larida, behisob ne’matlar ichra abadiy rohat-farog‘atda yashashadi. Rivoyat etilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir kuni sahobalarga: "Bani Isroilda bir kishi bor edi, u juda ko‘p xayrli ishlarni qilardi. O‘sha kishi qiyomat kuni sizlarning ichingizda hashr (qayta tirilish) qilinadi", dedilar. Shunda sahobalar: "Ey Allohning Rasuli, u kishi nima yaxshi ish qilardi?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday javob qildilar: "Unga otasidan juda ko‘p mol-dunyo meros qolgandi. Boylikning bir qismiga bir bog‘ sotib olib, uni faqirlarga vaqf (abadiy foydalanishga berish) qildi: "Parvardigorim huzuriga borganda bu mening bog‘im bo‘ladi", dedi. Yana bir qancha oltin ayirib, uni faqir va nochor kishilarga tarqatdi: "Bu bilan Alloh taolodan joriya va qullar sotib olaman", dedi. Yana bir qancha qullarni ozod qildi: "Bular ham Alloh huzurida mening xizmatchilarim bo‘ladi", dedi. Bir kuni esa ko‘zi ojiz odamni ko‘rib qoldi. Qarasa, qoqilib-yiqilib ketyapti. Unga bir ulov sotib olib berdi va: "Bu esa Alloh taolo huzurida mening ulovim bo‘ladi", dedi. Payg‘ambar alayhissalom bu hikoyani aytib bo‘lganlaridan keyin: "Jonim izmida bo‘lgan Alloh taologa qasamki, bu ulov uning uchun egarlangan va jilovlangan holda hozir turganini ko‘ryapman, bu kishi unga minadi va Mahshargohga shunday holda keladi", dedilar.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.