Quvonchli voqea shuki, ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan chop etib kelinayotgan ishonchli taqvim kitobi nashrdan chiqdi.
Ushbu taqvim kitobi bir necha o‘n yillar davomida mo‘min-musulmonlarning eng muhim qo‘llanmasiga aylanib, xalqimizning o‘ta ishonchli manbasi hisoblanadi.
Ta’kidlash keraki, yangi 1442 hijriy yil uchun (2020-2021 mil.) taqvim kitobi Markaziy Osiyodagi ulamolar, fatvo hay’atlari hamda Astronomiya instituti mutaxassislari tomonidan puxta ishlab chiqilib, har bir jihatga jiddiy e’tibor qaratilgan holda namoz vaqtlari nihoyatda aniqlik va daqiqlik bilan ko‘rsatildi.
Bugundan, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan maxsus himoya belgisi bilan yangi yillik taqvim kitobi sotuvga chiqdi. Ushbu taqvimga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ijobiy xulosasi ham olingan.
Besh vaqt namozning aniq vaqtlari, dinimiz ahkomlari, hijriy oylar fazilati, ulug‘lar o‘giti va nasihatini o‘z ichiga olgan, yangi shakl va yuqori dizayndagi yillik taqvimni xarid qilishga shoshiling!
Eslatma, namoz o‘z vaqtida farz ekanini inobatga olgan holda ishonchli taqvimni xarid qilish muhimdir. Shariatimizda namoz vaqtlari Quyoshning chiqishi, qiyomga kelishi va botishi holatlari bilan bog‘liqligi alohida qayd etilgan. Mazkur taqvimda aynan mana shu jihatlarga juda ham katta e’tibor qaratilgan.
O‘z navbatida, noqonuniy va yashirin yo‘llar yoki nusxa ko‘chirish orqali ko‘paytirilgan namoz vaqtlarini xarid qilishdan ehtiyot bo‘ling, ularning to‘g‘riligiga hech kim kafolat bermaydi!
Aziz o‘quvchilar, ishonchli, mazmundor va har tomonlama sifatli taqvimni respublikamizdagi barcha kitob do‘konlaridan xarid qilishingizni tavsiya etamiz. Nashriyotimizning o‘zidan sotib olsangiz, istalgan uslubda yanada qulay va arzon narxlarda olishingiz mumkin.
Murojaat uchun telefonlar:
Ish: 71-227-34-30
Uyali: 90-934-04-20
«Shamsuddinxon Boboxonov» NMIU
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.