Bugun, 19 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Toshkent islom institutida olib borilayotgan bunyodkorlik va rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Muftiy hazratlari ushbu o‘quv dargohi hududida qad rostlayotgan 4 qavatli binoda bo‘layotgan qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirish chog‘ida o‘qituvchi va talabalarga qulay shart-sharoitlar qilish, qo‘shimcha binoning oliygoh faoliyatidagi ta’lim jarayoniga ijobiy ta’siri haqida tavsiyalar berdilar.
Hozirda mazkur binoga plastik derazalar o‘rnatish, binoni tom qismini yopish va ichki va tashqi tomonlarida pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov Toshkent islom institutining o‘quv auditoriya va ma’muriy-boshqaruv xonalarga ehtiyojini ta’minlash maqsadida, institutda mavjud asosiy binoni rekonstruksiya qilish (yangi 3-qavat qurish) bo‘yicha barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilganini hamda mazkur o‘quv binosini “Paradise Projects” mas’uliyati cheklangan jamiyatning taklif loyihasiga binoan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar Arxitektura va qurilishni nazorat qilish boshqarmasidan mavjud binoni rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma olinganligini aytib o‘tdi.
Institutning asosiy binosida rekonstruksiya ishlari 2020 yil 20 avgusdan boshlanadi hamda qo‘shimcha ravishda 15 dona talabalar o‘quv auditoriyasi, 1 dona katta majlislar zali, 1 dona o‘qituvchi va talabalar oshxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.
Oliy ma’haddagi yangi qurilish ishlarini milliy va zamonaviy me’morchilik an’analariga to‘la mos holda amalga oshirish yuzasidan muftiy hazratlari alohida yo‘nalishlar va tavsiyalar berdilar.
Tashrif so‘ngida muftiy hazratlari mazkur qurilish ishlari uchun duoi fotiha berdilar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati