To‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy az-Zamaxshariy bo‘lib, tafsir, hadis, nahv, tilshunoslik va bayon ilmining buyuk imomi. Mahmud Az-Zamaxshariy 467 hijriy sananing Rajab oyida chorshanba kuni, melodiy hisob bilan 1074 yilda Zamaxsharda tavallud topganlar. Hayotlari davomida bir necha marta Makkai mukarramaga borib, bir qancha muddat Masjidul harom yaqinida istiqomat qilganlari tufayli Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) degan nomga sazovor bo‘lganlar.
Ibn Xollikon[1] aytadilar: “Az-Zamaxshariy o‘z asrining tengsiz imomi edi. Uzoqlardan uning ilmini istab kelishar edi. Mo‘taziliy e’tiqodida bo‘lib, uni oshkora namoyish qilar, uni e’lon va izhor qilishdan xijolat tortmas edi”.
Az-Zamaxshariy aqidada (usulda) mo‘taziliy, fiqhda (furu’da) hanafiy mazhabida bo‘lganlar. U zot o‘zlarining aqidaviy mazhablari bo‘lmish mo‘taziliylikni o‘z kitoblarida ifoda etar, ilmiy majlislarda bu haqda ochiq-oydin gapirar edilar. Ulamolar Az-Zamaxshariyning mo‘taziliy bo‘lishiga qaramay uning arab tilida balog‘at va fasohat ila yozgan kitoblariga tan berishar, uning kitoblarini rivoyat qilish uchun undan ijoza berishini so‘rab kelishar edilar.
Az-Zamaxshariy ko‘plab kitob va asarlar ta’lif etganlar. Jumladan, tilshunoslik va balog‘atga oid “Asosul balog‘a”, “Al-Foiq fi g‘aribil hadis”, “Muqaddimatul adab”, “Al-Qistos fi ilmil aruz”, “Al-Mustaqso fil amsol”, nahv ilmiga oid “Al-Mufassal fi sana’atil e’rob”, “Al-Mufrad al-muallaf”, “Al-Anmuzaj”, hadis, fiqh va zuhdga oid kitoblaridan “Mushtabah asamiy ar-ruvot”, “Ar-Roiz fi ilmil faroiz”, “Atvoquz zahab”, “Kitabun nasoih”, geografiya va geodeziyaga oid “Kitabul amkinati val jibali val miyahi” asarlaridir. Az-Zamaxshariyning odobga oid maqomotlari mavjud bo‘lib, ularni “Maqomotuz zamaxshariy” deyiladi va u muqaddima, xutba va ellikta maqoladan tarkib topgan. Az-Zamaxshariyning barcha asarlari o‘zining sohasidagi eng mo‘tabar kitoblardan bo‘lib, ayniqsa, “Al-Kashshof” nomi bilan shuhrat qozongan tafsir kitobi Alloh taoloning kalomini tushunishni istagan mufassir ulamolarning asosiy manbalaridan biriga aylangan.
“Al-Kashshof” tafsirining to‘liq nomlanishi الكشاف عن حقائق غوامض التنزيل و عيون الاقاويل في وجوه التاويل “Al-Kashshof an haqoiq g‘ovamizit tanzil va uyunil aqoviyli fi vujuhit ta’vil” (Tanzil (Qur’on)ning tushunish qiyin bo‘lgan o‘rinlarining haqiqiy ma’nosini hamda ta’vil qilishda so‘zlarning ko‘zlarini ochib beruvchi)dir.
Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi “Al-Kashshof” asarining muqaddimasida uning yozilish tarixini bayon qilib turib, jumladan shunday deganlar: “Ushbu tafsir Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifalik qilgan muddatlaridek vaqtda (ya’ni, ikki yilu ikki oyda) yozib tugatildi. Aslida buni tugatish uchun o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt chamalangan edi. Bu ham bo‘lsa ushbu Baytul Harom (Ka’bai muazzama)ning sharofati, qolaversa, Buyuk Haramning barakotidan menga atalgan nasiba tufaylidir. Alloh taolodan so‘rayman ushbu tafsirni yozish tufayli menga yetgan charchoqni to‘zaxdan najob topishimga sabab qilsa, sirot ko‘prigidan o‘tishda atrofimga nur qilsa va U qanday ham yaxshi so‘ralguchidir”.
Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi o‘zilarining tafsir kitoblarini mo‘taziliy mazhabining aqidasi, xususan beshta asosiga muvofiq bayon qilganlar. Ular: tavhid, adl, va’d va va’iyd, ikki manzila o‘rtasidagi manzila hamda amri ma’ruf va nahyi munkardir. “Al-Kashshof” tafsirini o‘quvchi undagi mo‘taziliy fikrlarga chalg‘ib qolmasligi uchun xoshiyasida ikkita kitob bilan birga chop etilishi odatga aylangan. Ular: Ibnul Munir al-Iskandariyning الانتصاف فيما تضمنه الكشاف من الاعتزال “Al-Intisof fima tazommanahu al-kashshof minal i’tizol” (Al-Kashshof tafsiri o‘z ichiga olgan mo‘taziliy fikrlarga nisbatan insof nazari bilan boqish) kitobi va Ibn Hajar al-Asqaloniyning الكافي الشاف في تخريج أحاديث الكشاف “Al-Kof Ash-Shof fi taxriji ahodis al-kashshof” (Al-Kashshof tafsiridagi hadislarni taxrij qilishga kifoya qiluvchi) kitobidir.
Tafsirning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, unda har bir oyat to‘laligicha tafsir qilinmaydi, balki faqat tafsir qilinishga muhtoj bo‘lgan kalimalarga ma’no yoziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida “Al-Kashshof” asarining eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri saqlanadi. Ushbu qo‘lyozma “Al-Kashshof” asarining beshinchi jildi bo‘lib, u Hujurot surasidan Nos surasigacha bo‘lgan qismini o‘z ichiga olgan. Jami 319 varaqdan iborat bo‘lgan ushbu qo‘lyozma nusxasi nasx xatida bilitgan, hoshiyasi nasta’liq xatida yozilgan. Unda “ushbu qo‘lyozma 694 hijriy sana 18 zulqa’da juma kuni ko‘chirib bitilgan”, degan yozuv bor. Xattotning nomi ma’lum emas. Qo‘lyozmaning o‘lchami bo‘yiga 30 sm. eniga 18,5 sm. qalinligi 8,5 sm.ni tashkil etib, Samarqand qog‘oziga yozilgan. Ushbu qo‘lyozmaning nodir nusxa ekanligiga unda bitilgan quyidagi ma’lumotlar ham dalolat qiladi: Az-Zamaxshariy aytadilar: “Ushbu nusxa qoralamadan oqqa ko‘chirilgan birinchi asl nusxa bo‘lib, u muborak haramda yozilgan asl Kashshof deyiladi. Odamlar uni yuz-ko‘zlariga surtishga, uni o‘qib osmondan barakotlar yog‘ilishi, qurg‘oqchilik yillarida yomg‘ir yog‘ishini so‘rab vasila qilishlariga loyiqdir. Ushbuni yozning issiq kunlaridan birida, Ka’baning ro‘baro‘sida, Alloma madrasasi rasmi tushirilgan Ajyod eshigidan kiraverishdagi Sulaymoniyya hovlisi tomonida, dushanba kuni, choshgoh vaqti, Rabiul oxirning yigirma uchinchi kuni, besh yuz yigirma sakkizinchi yili yozib tugatdim”.
Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi 538 hijriy, 1143 yoki44 milodiy sanada vafot etganlar. Alloh taolo O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.
[1] . Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Abu Bakr ibn Xollikon – “Vafayotul a’yon va anbau abnaiz zaman” nomli mashhur ulamolarning tarjimayi holiga bag‘ishlangan kitob muallifi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi