Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

Alloma Az-Zamaxshariy va Al-Kashshof tafsiri

19.08.2020   5614   6 min.
Alloma Az-Zamaxshariy va Al-Kashshof tafsiri

To‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy az-Zamaxshariy bo‘lib, tafsir, hadis, nahv, tilshunoslik va bayon ilmining buyuk imomi.  Mahmud Az-Zamaxshariy 467 hijriy sananing Rajab oyida chorshanba kuni, melodiy hisob bilan 1074 yilda Zamaxsharda tavallud topganlar. Hayotlari davomida bir necha marta Makkai mukarramaga borib, bir qancha muddat Masjidul harom yaqinida istiqomat qilganlari tufayli Jorulloh (Allohning qo‘shnisi) degan nomga sazovor bo‘lganlar.

Ibn Xollikon[1] aytadilar: “Az-Zamaxshariy o‘z asrining tengsiz imomi edi. Uzoqlardan uning ilmini istab kelishar edi. Mo‘taziliy e’tiqodida bo‘lib, uni oshkora namoyish qilar, uni e’lon va izhor qilishdan xijolat tortmas edi”.

Az-Zamaxshariy aqidada (usulda) mo‘taziliy, fiqhda (furu’da) hanafiy mazhabida bo‘lganlar. U zot o‘zlarining aqidaviy mazhablari bo‘lmish mo‘taziliylikni o‘z kitoblarida ifoda etar, ilmiy majlislarda bu haqda ochiq-oydin gapirar edilar. Ulamolar Az-Zamaxshariyning mo‘taziliy bo‘lishiga qaramay uning arab tilida balog‘at va fasohat ila yozgan kitoblariga tan berishar, uning kitoblarini rivoyat qilish uchun undan ijoza berishini so‘rab kelishar edilar.

Az-Zamaxshariy ko‘plab kitob va asarlar ta’lif etganlar. Jumladan, tilshunoslik va balog‘atga oid “Asosul balog‘a”, “Al-Foiq fi g‘aribil hadis”, “Muqaddimatul adab”, “Al-Qistos fi ilmil aruz”, “Al-Mustaqso fil amsol”, nahv ilmiga oid “Al-Mufassal fi sana’atil e’rob”, “Al-Mufrad al-muallaf”, “Al-Anmuzaj”, hadis, fiqh va zuhdga oid kitoblaridan “Mushtabah asamiy ar-ruvot”, “Ar-Roiz fi ilmil faroiz”, “Atvoquz zahab”, “Kitabun nasoih”, geografiya va geodeziyaga oid “Kitabul amkinati val jibali val miyahi” asarlaridir. Az-Zamaxshariyning odobga oid maqomotlari mavjud bo‘lib, ularni “Maqomotuz zamaxshariy” deyiladi va u muqaddima, xutba va ellikta maqoladan tarkib topgan. Az-Zamaxshariyning barcha asarlari o‘zining sohasidagi eng mo‘tabar kitoblardan bo‘lib, ayniqsa, “Al-Kashshof” nomi bilan shuhrat qozongan tafsir kitobi Alloh taoloning kalomini tushunishni istagan mufassir ulamolarning asosiy manbalaridan biriga aylangan.

“Al-Kashshof” tafsirining to‘liq nomlanishi الكشاف عن حقائق غوامض التنزيل و عيون الاقاويل في وجوه التاويل “Al-Kashshof an haqoiq g‘ovamizit tanzil va uyunil aqoviyli fi vujuhit ta’vil” (Tanzil (Qur’on)ning tushunish qiyin bo‘lgan o‘rinlarining haqiqiy ma’nosini hamda ta’vil qilishda so‘zlarning ko‘zlarini ochib beruvchi)dir.

Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi “Al-Kashshof” asarining muqaddimasida uning yozilish tarixini bayon qilib turib, jumladan shunday deganlar: “Ushbu tafsir Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning xalifalik qilgan muddatlaridek vaqtda (ya’ni, ikki yilu ikki oyda) yozib tugatildi. Aslida buni tugatish uchun o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt chamalangan edi. Bu ham bo‘lsa ushbu Baytul Harom (Ka’bai muazzama)ning sharofati, qolaversa, Buyuk Haramning barakotidan menga atalgan nasiba tufaylidir. Alloh taolodan so‘rayman ushbu tafsirni yozish tufayli menga yetgan charchoqni to‘zaxdan najob topishimga sabab qilsa, sirot ko‘prigidan o‘tishda atrofimga nur qilsa va U qanday ham yaxshi so‘ralguchidir”.

Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi o‘zilarining tafsir kitoblarini mo‘taziliy mazhabining aqidasi, xususan beshta asosiga muvofiq bayon qilganlar. Ular: tavhid, adl, va’d va va’iyd, ikki manzila o‘rtasidagi manzila hamda amri ma’ruf va nahyi munkardir. “Al-Kashshof” tafsirini o‘quvchi undagi mo‘taziliy fikrlarga chalg‘ib qolmasligi uchun xoshiyasida ikkita kitob bilan birga chop etilishi odatga aylangan. Ular: Ibnul Munir al-Iskandariyning الانتصاف فيما تضمنه الكشاف من الاعتزال “Al-Intisof fima tazommanahu al-kashshof minal i’tizol” (Al-Kashshof tafsiri o‘z ichiga olgan mo‘taziliy fikrlarga nisbatan insof nazari bilan boqish) kitobi va  Ibn Hajar al-Asqaloniyning الكافي الشاف في تخريج أحاديث الكشاف “Al-Kof Ash-Shof fi taxriji ahodis al-kashshof” (Al-Kashshof tafsiridagi hadislarni taxrij qilishga kifoya qiluvchi) kitobidir.

Tafsirning o‘ziga xos jihati shundan iboratki, unda har bir oyat to‘laligicha tafsir qilinmaydi, balki faqat tafsir qilinishga muhtoj bo‘lgan kalimalarga ma’no yoziladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida “Al-Kashshof” asarining eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri saqlanadi. Ushbu qo‘lyozma “Al-Kashshof” asarining beshinchi jildi bo‘lib, u Hujurot surasidan Nos surasigacha bo‘lgan qismini o‘z ichiga olgan. Jami 319 varaqdan iborat bo‘lgan ushbu qo‘lyozma nusxasi nasx xatida bilitgan, hoshiyasi nasta’liq xatida yozilgan. Unda “ushbu qo‘lyozma 694 hijriy sana 18 zulqa’da juma kuni ko‘chirib bitilgan”, degan yozuv bor. Xattotning nomi ma’lum emas. Qo‘lyozmaning o‘lchami bo‘yiga 30 sm. eniga 18,5 sm. qalinligi 8,5 sm.ni tashkil etib, Samarqand qog‘oziga yozilgan. Ushbu qo‘lyozmaning nodir nusxa ekanligiga unda bitilgan quyidagi ma’lumotlar ham dalolat qiladi: Az-Zamaxshariy aytadilar: “Ushbu nusxa qoralamadan oqqa ko‘chirilgan birinchi asl nusxa bo‘lib, u muborak haramda yozilgan asl Kashshof deyiladi. Odamlar uni yuz-ko‘zlariga surtishga, uni o‘qib osmondan barakotlar yog‘ilishi, qurg‘oqchilik yillarida yomg‘ir yog‘ishini so‘rab vasila qilishlariga loyiqdir. Ushbuni yozning issiq kunlaridan birida, Ka’baning ro‘baro‘sida, Alloma madrasasi rasmi tushirilgan Ajyod eshigidan kiraverishdagi Sulaymoniyya hovlisi tomonida, dushanba kuni, choshgoh vaqti, Rabiul oxirning yigirma uchinchi kuni, besh yuz yigirma sakkizinchi yili yozib tugatdim”.

Az-Zamaxshariy rahmatullohi alayhi 538 hijriy, 1143 yoki44 milodiy sanada vafot etganlar. Alloh taolo O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.  

 

[1] . Ahmad ibn Muhammad ibn Ibrohim ibn Abu Bakr ibn Xollikon – “Vafayotul a’yon va anbau abnaiz zaman” nomli mashhur ulamolarning tarjimayi holiga bag‘ishlangan kitob muallifi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining

birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.

https://t.me/tuhur

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

05.06.2025   7491   4 min.
Qurbon hayiti – ezgulik va bag‘rikenglik bayrami!

Ramazon hayiti va Qurbon hayiti  Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
 

Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon  va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.


Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.


Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik  qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.


Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.


Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.


Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.


Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).


Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.


Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.


Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.


Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!


Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin! 

Ubaydulloh Abdullayev, 
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari