Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Abu Mansur Moturidiy hayoti nima uchun kam o‘rganilgan?

19.08.2020   2817   3 min.
Abu Mansur Moturidiy hayoti nima uchun kam o‘rganilgan?

Ko‘plab mo‘tabar tabaqot kitoblarida Abu Mansur  Moturidiy haqida batafsil ma’lumot kamligini ulamolar afsus bilan tilga oladilar. Bu haqda shayx Balqosim G‘oliy “Abu Mansur Moturidiy hayotuhu va arouhul aqodiya” (Abu Mansur Moturidiyning hayoti va e’tiqodiy qarashlari) asarida quyidagilarni yozgan:

“Hijriy III asrning oxiri va IV asrning boshlarida shariatni chetga qo‘yib, aqlni asosiy mezon qilib olgan mo‘tazila firqasi paydo bo‘ldi. Ular e’tiqodiy masalalarda jumhur ulamolarning tutgan yo‘llariga qarshi chiqishdi va jannatda Alloh taoloni ko‘rish, qabr azobining haqligi kabi masalalarda ahli sunna e’tiqodini inkor qilishdi. Hatto Alloh taoloning kalomi Qur’onni maxluq deb odamlar orasida bid’at e’tiqodni yoyishdi. Aqlga suyanib sahih hadislarni inkor qilishdi va Qur’on oyatlarini botil ta’villar bilan ta’vil qilishdi. Ularning bu buzuq e’tiqodi avom xalq orasida tarqaldi. Mana shunday tahlikali holatda Islom olami ularning aqliy dalillariga raddiya beradigan, musulmonlarni botil e’tiqodga o‘tib ketishlaridan naqliy va aqliy dalillar bilan qaytaradigan kuchli olimga muhtoj edi. Allohning irodasi bilan bu sharaf Imom Moturidiyga nasib etdi. Qiyomatga qadar dunyoga keladigan barcha musulmonlar u zotning haqlariga duo qilishlari lozim. Chunki Imom Moturidiy mo‘taziliylarga ham aqliy, ham naqliy raddiya berib, bu botil e’tiqod yoyilib ketishining oldi olinishiga sababchi bo‘ldi. Ming afsuski tarix kitoblarida butun Islom ummati ulug‘lasa arziydigan bu zotning tarjimayi holi batafsil yoritilmagan. Xulosa qilib aytganda, o‘z davrida adashgan oqimlarga raddiyalar berib, ularning xatolarini bayon qilgan va musulmonlarga beqiyos xizmat qilgan Imom Moturidiyning hayotini keng yoritib bermagan tarix bu buyuk zot oldida qarzdordir”.  

Ahli sunna val jamoaning imomi sanaladigan bu zotning hayoti va faoliyati mashhur tabaqot kitoblarida yoritilmasdan qolgani yoki yoritilganlarida ham ma’lumotlar juda kamligi haqida ko‘plab sabablar aytilgan. Bu borada Doktor Balqosim G‘oliy quyidagi to‘rtta sababni bayon qiladi:

  1. “Imom Moturidiyning Abbosiylar davlati markazi Bag‘doddan uzoqda bo‘lgani;
  2. Abul Hasan Ash’ariy Bag‘dodda faoliyat olib borgani va o‘sha yerda vafot etgani sababli Abbosiy xalifalar tomonidan ash’ariya ta’limoti qo‘llab-quvvatlangani;
  3. Molikiya va shofe’iyya mazhablari vakillarining ash’ariya madrasasini yoyilishiga hissa qo‘shganlari va moturidiya mazhabi esa faqat bitta hanafiya mazhabi bilan yolg‘izlanib qolgani;
  4. Poytaxt Bag‘dodda va unga yaqin hududlarda olimlarni topish va ulardan dars olish qulay bo‘lgan. Bu olimlar esa asosan ash’ariya mazhabi olimlari bo‘lganlari”.

Mazkur sabablarning eng asosiysi Abu Mansur Moturidiyning o‘sha paytdagi Abbosiylar davlatining poytaxti, ilm-fan markazi bo‘lgan Bag‘doddan uzoqda, Bag‘dod bilan o‘rtadagi aloqasi yaxshi bo‘lmagan Somoniylar davlatida yashagani hisoblanadi.

Abdulqodir Abdur Rahim,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom

instituti o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   5439   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari