Ko‘plab mo‘tabar tabaqot kitoblarida Abu Mansur Moturidiy haqida batafsil ma’lumot kamligini ulamolar afsus bilan tilga oladilar. Bu haqda shayx Balqosim G‘oliy “Abu Mansur Moturidiy hayotuhu va arouhul aqodiya” (Abu Mansur Moturidiyning hayoti va e’tiqodiy qarashlari) asarida quyidagilarni yozgan:
“Hijriy III asrning oxiri va IV asrning boshlarida shariatni chetga qo‘yib, aqlni asosiy mezon qilib olgan mo‘tazila firqasi paydo bo‘ldi. Ular e’tiqodiy masalalarda jumhur ulamolarning tutgan yo‘llariga qarshi chiqishdi va jannatda Alloh taoloni ko‘rish, qabr azobining haqligi kabi masalalarda ahli sunna e’tiqodini inkor qilishdi. Hatto Alloh taoloning kalomi Qur’onni maxluq deb odamlar orasida bid’at e’tiqodni yoyishdi. Aqlga suyanib sahih hadislarni inkor qilishdi va Qur’on oyatlarini botil ta’villar bilan ta’vil qilishdi. Ularning bu buzuq e’tiqodi avom xalq orasida tarqaldi. Mana shunday tahlikali holatda Islom olami ularning aqliy dalillariga raddiya beradigan, musulmonlarni botil e’tiqodga o‘tib ketishlaridan naqliy va aqliy dalillar bilan qaytaradigan kuchli olimga muhtoj edi. Allohning irodasi bilan bu sharaf Imom Moturidiyga nasib etdi. Qiyomatga qadar dunyoga keladigan barcha musulmonlar u zotning haqlariga duo qilishlari lozim. Chunki Imom Moturidiy mo‘taziliylarga ham aqliy, ham naqliy raddiya berib, bu botil e’tiqod yoyilib ketishining oldi olinishiga sababchi bo‘ldi. Ming afsuski tarix kitoblarida butun Islom ummati ulug‘lasa arziydigan bu zotning tarjimayi holi batafsil yoritilmagan. Xulosa qilib aytganda, o‘z davrida adashgan oqimlarga raddiyalar berib, ularning xatolarini bayon qilgan va musulmonlarga beqiyos xizmat qilgan Imom Moturidiyning hayotini keng yoritib bermagan tarix bu buyuk zot oldida qarzdordir”.
Ahli sunna val jamoaning imomi sanaladigan bu zotning hayoti va faoliyati mashhur tabaqot kitoblarida yoritilmasdan qolgani yoki yoritilganlarida ham ma’lumotlar juda kamligi haqida ko‘plab sabablar aytilgan. Bu borada Doktor Balqosim G‘oliy quyidagi to‘rtta sababni bayon qiladi:
Mazkur sabablarning eng asosiysi Abu Mansur Moturidiyning o‘sha paytdagi Abbosiylar davlatining poytaxti, ilm-fan markazi bo‘lgan Bag‘doddan uzoqda, Bag‘dod bilan o‘rtadagi aloqasi yaxshi bo‘lmagan Somoniylar davlatida yashagani hisoblanadi.
Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom
instituti o‘qituvchisi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.
Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati