«Ey mo‘minlar! So‘zlarimni yaxshilab eshitingiz, yaxshi anglangiz va yaxshi muhofaza etingiz. Rabbingiz birdir. Otangiz birdir. Barchangiz Odamdansiz. Odam esa tuproqdandir. Hech kimning boshqalardan ustunligi yo‘qdir. Sharaf va ustunlik faqat fazilat iladir».
(Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vassalamning Vado xutbalaridan).
Darhaqiqat, oxir zamon dini bo‘lmish Islomda jamiyki insoniyat Odam Ato va Momo Havodan tarqalgani barchamizga uqtiriladi. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda, undan oldingi muqaddas kitoblarda ham shunday marhamat qilinadi. Ammo ba’zi materialist olimlar, ya’ni Darvinning dahriyona nazariyasining tarafdorlari insoniyat odamsimon maymunlardan tarqalgan degan davoni xamon ilgari surishadi. Ba’zi moddaparastlar fan va din o‘rtasiga «Xitoy devori» qo‘yishga harakat qiladilar, aslida fan tomonidan qilingan kashfiyotlar bizga Allohning mo‘jizalarini anglatadigan va tasdiqlaydigan vositalar emasmi? Fan va texnik taraqqiyot asri bo‘lgan XX asrda qilingan kashfiyotlarni amalga oshirgan olimlar qilgan kashfiyotlarning asl mohiyatini Qur’oni Karimda ko‘rib lol qoldilar bunga biz juda ko‘p misollar keltirishimiz mumkin. Ammo bizda dunyoviy fanlarni o‘qitish barobarida bu kabi fan olamidagi kashfiyotlar hamon pinhon qolmoqda. Lekin biz yuqoridagi mavzuimizdan og‘ishmagan holda e’tiboringizni quyidagi ma’lumotga qaratmoqchimiz.
«Newsweek» jurnalining 1988 yilgi sonlaridan birida molekular biologiya sohasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqot haqida gap boradi. Shunday qilib ilmiy tadqiqot mobaynida olimlar inson DNK sining xalqaro genetik zahirasini to‘pladilar va xududiy va irqiy xilma-xil xususiyatga ega bo‘lgan ayollar DNK si o‘rganilganda, ularning ota-onasidan o‘tgan irsiy ma’lumotlardan tashqari ularning barchasi uchun umumiy xususiyatga ega bo‘lgan DNK hududlari mavjudligi isbotlandi. Ya’ni, bu DNK hududlari butun insoniyat uchun umumiy bir xil xususiyatga ega va bu tadqiqot xulosasiga ko‘ra insonyat bir onadan tarqalgan. Bu esa o‘z navbatida muqaddas kitoblar Injil va Qur’onda marhamat qilingan bashariyatning onasi Momo Havo ekanligi ilmiy jihatdan tasdiqlandi.
Bu kabi tadqiqotlarning yana biri haqida «Times» jurnalining 1995 yilgi sonlaridan birida gap boradi. Bu safar Arizona Universitetining genetigi olim Mishel Xammer hududiy va irqiy xilma-xil bo‘lgan insonlarning Y xromosomalari guruhlarini o‘rganib u ham butun insoniyatning ajdodi bir ekan degan xulosaga keladi. Shuningdek Mishel Xammer: «Bu tadqiqot Yer yuzining turli qismlarida yashayotgan insonlar odamsimon maymunlarning tadrijiy taraqqiyoti davomida shakllangan avlodlaridir, degan nazariyani inkor qilishi shubhasizdir» deb yozadi.
Hech kimga sir emaski, bu foniy dunyoga kelishimiz bilan o‘z farovonligimizni ta’minlash maqsadida turli dunyoviy kasblarni egallaymiz. Hatto ba’zilarimiz dunyoviy ilmlarni mohir bilimdoni sifatida yuqori martablarni egallaganmiz. Albatta, ilm egallash har bir inson uchun xosdir ammo dunyoviy fanlarni johilona tarzda muqqadas e’tiqodimizga qarshi qo‘yish johillikdan o‘zga narsa emasmi. Shunday ekan, qachongacha biz yoshlarimiz ongiga fan va diniy qarashlarni bir-biriga qarshi qo‘yib singdirib kelamiz. Bu kabi johillikdan ko‘ra ilmsizlik yaxshi emasmi!?
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki dunyoviy fanlarni e’tiqodimizga qarshi qo‘ymaylik bu ilmlar bizga Alloh taoloning cheksiz mo‘jizalarni anglash vositasidir va yosh avlod ta’lim tarbiyasida ham bunga e’tibor qaratsak maqbul ish bo‘lardi.
Manba islom.uz sayti
Shu yil 13-16 yanvar kunlari Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud shafe’ligida o‘tkazilayotgan Haj anjumanida O‘zbekiston delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda.
Jidda shahrida bo‘lib o‘tayotgan konferensiya-ko‘rgazmada 100 ga yaqin davlatdan vazirlar, muftiylar, olimlar, fan doktorlari, akademiklar, ekspertlar, tadqiqotchilar, diplomatlar hamda haj tadbirlarini tashkil etishga mutasaddi idora va kompaniyalar qatnashmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish maqsadida, anjuman doirasida Saudiya Arabistonidagi vazirliklar, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va soha mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazib, atroflicha o‘rganishlar va qiyosiy tahlillar olib bormoqda.
Shuningdek, haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari va yangi tartib-qoidalar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘linmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirlayotgan haj va umra safarlari yo‘nalishidagi tashkiliy-huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
Haj va umra vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan konferensiya doirasidagi sho‘balar, haj suhbatlari, ekspertlar tavsiyalari, turli soha mutaxassislari seminar-treninglari, xorijiy delegatlar bilan tajriba almashish va zamonaviy xizmatlar taqdimotlari foydali bo‘lmoqda.
Ma’lumot uchun, Haj konferensiyasi to‘rtinchi marta yirik masshtabda bo‘lib o‘tmoqda. Innovatsion dasturlar, ilg‘or tashabbuslar, tajriba almashish, haj safarini yuqori saviyada o‘tkazishga oid bilimlarni oshirish va muborak ziyoratlarni chiroyli bajarish uchun mustahkam poydevor hozirlashi bilan ushbu tadbir ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Eng yirik ko‘rgazma esa tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada ravnaq toptirish orqali xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati