ذَٰلِكَ وَمَن يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِن تَقْوَى الْقُلُوبِ
“Ana shunday. Kim Allohning nishonalarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir”. (Haj surasi, 32-oyat).
Shior so‘zi «nishon», «belgi», «alomat» degan ma’nolarni bildiradi. Bu so‘z Alloh taologa nisbat berilib, «shaoirulloh» – «Allohning nishonlari» deyilganda esa Allohning dini, Islomning ko‘zga ko‘ringan, shon-shavkati alomati bo‘lgan narsalar ko‘zda tutiladi.
Shulardan biri – masjidlar ham Alloh taoloning shiorlaridir. Demak, kimda kim masjidlarni ulug‘lasa, u Alloh taoloning shiorlari ulug‘lagan, shu orqali Alloh taoloni ulug‘lagan bo‘ladi. Masjidlarni ulug‘lash esa jumladan ularning sha’ni, haybati va masjidlardagi jamoat qoidalarini muhofaza etishda namoyon bo‘ladi.
Yurtimizda karantin qoidalari yumshatildi. Alhamdulillah, 17 avgust sanasidan besh oy-u, ikki kun intiq bo‘lib kutganimiz maxsus tartib-qoida va cheklovlar bilan bo‘lsa-da, jamoat bo‘lib masjidda ibodat qilish baxtiga erishdik. Bu baxtda bardavom bo‘lishimiz uchun ko‘rsatilgan qoidalarga amal qilaylik, azizlar! Zero, boshqalarga tartib-intizomda ibrat va namuna bo‘lish uchun...
Alloh taoloning shiori – masjidlar sha’ni-shavkatini saqlash uchun...
Namozxonlar karantin qoidalariga amal qilishni bilmas ekan, masjidlar karantin talablarini bajara olmas ekan, degan xunuk gaplar paydo bo‘lib masjidlarimiz sha’ni past bo‘lmasin.
Bundan-da yomoni “falonchi falon masjidda virus yuqtirib olibdi”, “masjidlar kasallik tarqalishi o‘chog‘i bo‘libdi”, mazmunidagi gaplar masjidlar – Alloh taoloning shiorlari sha’ni uchun eng yomon gaplar bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
قال رسول الله صلي الله عليه و سلم:إِنَّمَا بُنِيَتْ لِلصَّلَاةِ وَتِلَاوَةِ الْقُرْآنِ وَذِكْرِ اللهِ
رواه المسلم “(Masjid) namoz (o‘qish), Qur’on tilovat qilish va Alloh taoloni zikr qilish uchungina bino qilinadi” (Imom Muslim rivoyati). Shu muborak so‘zdan kelib chiqib hadisda aytilgan uch ishdan boshqasini masjid va uning atrofida bajarmasligimiz lozim.
Alloh taolodan gunohlarimizni mag‘firat etishini, xatolarimizni o‘chirishini so‘rayman. Gunohlarimiz va xatolarimiz sababli boshimizga kelgan vaboni tez fursatda insoniyat, xususan, yurtimiz ustidan daf qilishini so‘rayman!
Tavfiq va hidoyat Alloh taolodan...
Zikrullo Mahkamov,
Chilonzor tumanidagi "Hasanxon qori" jome masjidi imomi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati