Pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramasdan dunyo hamjamiyati tibbiyot, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk olim Abu Ali ibn Sino tavalludining 1040 yilligini keng nishonlayapti. Bu haqda “Dunyo” AA manbasiga asoslanib xs.uz sayti xabar bermoqda.
16 avgust kuni Ibn Sino jamoat fondi “UzReport” telekanali bilan hamkorlikda Ibn Sinoning insoniyatga qoldirgan boy merosini chuqur o‘rganish, chet elda keng targ‘ib qilish maqsadida tabib, olim va faylasuf Abu Ali ibn Sino tavalludiga bag‘ishlangan “Abu Ali ibn Sino – O‘zbekiston g‘ururi va umumjahon merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-ma’rifiy videokonferensiya o‘tkazdi.
Unda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar ishlari bo‘yicha agentligi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Oliy ta’lim muassasalari, Toshkent shahridagi Vestminster universiteti vakillari, Germaniya, Belgiya, Fransiya, Isroil, Turkiya, Hindistondan yetakchi mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdi. Shuningdek, onlayn anjumanda 17 ta ilmiy ma’ruzachi, xususan, 6 ta xorijiy ma’ruzachi qatnashdi.
Ibn Sino akademiyasi prezidenti, professor Said Zillur Rahmon (Xindiston), Ibn Sino xalqaro fondi prezidenti, professor Mixael Sach (Isroil), Avitsenna assotsiatsiyasi prezidenti, professor Mark Bonnel (Fransiya), Ta’lim bo‘yicha YUNESKO a’zosi, hakam, professor Amina Atxer, tibbiyot fanlari nomzodi Abdukarim Usmonxo‘jayev Ibn Sino jamoat fondi maslahatchisi, professor Jasur Rizayev va boshqalar Abu Ali ibn Sino merosining zamonaviy tibbiyot uchun dolzarbligini qayd etib, uning fan va zamon ehtiyojlariga moslashish kerakligini ta’kidlashdi.
Xalqaro videokonferensiya yakunida uning dolzarbligi, ilmiy-madaniy va siyosiy ahamiyati, Ibn Sino ko‘p qirrali ilmiy merosini o‘rganish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hamda tadqiqot faoliyatini moliyalashtirish zarurligi, publitsistik va ilmiy asarlar nashrini faollashtirish bo‘yicha zarur takliflarni ishlab chiqishga kelishildi.
Ta’kidlash joiz, Ibn Sino tavalludining 1040 yilligiga bag‘ishlangan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish doirasida o‘zbek, rus va ingliz tillarida tematik videoroliklar tayyorlandi.
Xalqaro videokonferensiya doirasida “Ibn Sino” jamoat fondi, “UzReport” telekanali va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi