Gunoh qilgan kishi qilgan gunohidan tavba qilmog‘i, afsus-nadomat chekmog‘i hamda uning muqobiliga gunohiga kafforat bo‘ladigan savobli amalni qilishga kirishmog‘i lozim. Bordiyu nafs undagi shahvatning g‘olib kelishligi tufayli gunohni tark qilishga yo‘l bermasada, juda bo‘lmaganda inson qilgan gunohini o‘chirishga loyiq bo‘ladigan biror savob ishni qilishdan ojiz qolmasligi shart. Shunda u savobli va gunohli ishlarni aralashtirib qilib yuradigan kishilar jumlasiga doxil bo‘ladi. Gunohlarga kafforat bo‘ladigan savobli ishlar qalb bilan ham, til bilan ham, a’zolar bilan ham bo‘lishi mumkin. Qandoq bo‘lganda ham qilinadigan savobli amal qilinga gunoh ishning o‘rnida, har ikkisining ham kelib chiqish sabablari bir xil bo‘lmog‘i darkor.
Qalb bilan Allohga tazarru’ qilishlik, chin dildan gunohlarni mag‘firat qilinishini so‘rashlik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Kishi o‘zini shunchalik hokisor tutmog‘i lozimki, uning hokisorligi barchaga barobar bo‘lsin. Kibrdan o‘zini saqlasin. Shuningdek, musulmonlarga yaxshilik qilishni, toat ibodatga mustahkam kirishishlikni qalbiga tugmog‘i ham gunohlarga kafforat bo‘ladigan qalb amallaridandir.
Til bilan esa, avvalambor o‘z joniga qilgan zulm (gunoh)ni e’tirof etadi, so‘ngra shu gunohiga istig‘for aytadi. Jumladan: Ey parvardigor, men o‘z jonimga jabr qildim, gunoh ishga qo‘l urdim, meni gunohlarimni kechir, - deydi. Bundan boshqa istig‘for duolarini ham aytadi.
A’zolar orqali qilinadigan amallar: toat-ibodatlar, farz va nafl sadaqalar va hokazo. Rivoyatlarda aytilishicha, gunoh qilinganidan keyin sakkizta amal bajarilsa o‘sha gunohning kechirilishini umid qilsa bo‘lar ekan. To‘rttasi qalb amallari bo‘lib, ular: tavba yoki tavba qilishni qasd qilish, gunohlardan tiyilishni yoqtirish, qilingan gunohga jazo kelib qolishidan qo‘rqib yurish, gunohlarning kechirilishidan umid qilish. To‘rttasi a’zolarning amallari, ular: gunohdan keyin ikki rak’at namoz o‘qish, undan keyin yetmish marta istig‘for va yuz marta “subhanallohil azim va bihamdihi” deyish, so‘ngra biror narsa sadaqa qilish, so‘ngra bir kun ro‘za tutish. Ba’zi rivoyatlarda to‘rt rak’at namoz o‘qish deyilgan. Hadisda shunday deyiladi: “Gunohdan keyin uni o‘chiradigan savob ishni qilgin” (Imom Termiziy rivoyati). Ya’ni, maxfiy gunohni maxfiy amal bilan, oshkora gunohni oshkora amal bilan kafforat qilgin, demakdir. Shuning uchun ham aytishadik: maxfiy sadaqa tunda qilingan gunohga kafforat bo‘ladi, oshkora qilingan sadaqa kunduzgi gunohlarga kafforat bo‘ladi. Ishonchli hadisda aytilishicha: bir kishi Rasululloh s.a.v.ga: Men tunda bir begona ayol bilan bo‘lib, u bilan jimo’dan boshqa hamma narsani qildim. Endi menga Allohning hukmini ijro qiling, dedi. Rasululloh s.a.v. undan: “Sen biz bilan bomdod namozini o‘qimadingmi?” – deb so‘radilar. U: Ha, o‘qidim, deb javob berdi. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Savobli ishlar gunohlarni o‘chirib tashlaydi”, dedilar. Bundan kelib chiqadiki, namoz o‘sha gunoh uchun kafforat bo‘lgan ekan. Rasululloh s.a.v.ning o‘zlari aytganlaridek: “Besh vaqt namoz orada qilingan gunohlarning kattasidan boshqa hammasiga kafforat bo‘lib turadi”.
Harqalay musulmon kishi har kuni o‘z nafsini hisob-kitob qilmog‘i, gunohlarini sanab chiqib uni savobli ishlar bilan daf qilmog‘i, gunohlardan to‘xtamog‘i lozim. Chunki, aytilgan istig‘for to kishi gunohlardan to‘xtamagunicha foyda bermaydi. Hadisda aytilishicha: “Qilgan gunohiga istig‘for aytib yana gunohni qilaverishlik Allohning oyatini masxara qilish bilan barobardir”. Ulamolardan birlari aytgan ekanlar: “men astag‘firulloh degan so‘zimning o‘ziga ham istig‘for aytaman”. Yana birlari esa: “Til uchida istig‘for aytishlik yolg‘onchilarning tavbasidir”, degan ekanlar.
Robiya Adaviya r.h. aytadilar: “Biz aytadigan istig‘forning o‘zi juda ko‘p istig‘forga muhtojdir”. Ya’ni, qalbida gunohni yana takror qilishga moyillik bo‘la turib Allohga istig‘for aytgan kishining tavbasi yolg‘onchilarning tavbasidan bo‘lib, istig‘fori esa istig‘forga muhtoj bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.