Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Amal va iymon haqidagi bahslar tahlili

17.08.2020   2750   7 min.
Amal va iymon haqidagi bahslar tahlili

Ulamolar lafziy ixtilof qilingan masalalarni muolaja qilishga va ularning natijalarini batafsil yoritishga doimo harakat qilib kelganlar. Ana shunday lafziy ixtilof qilingan masalalardan biri amal va imon masalasidir. 
 
Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Amal iymondan emas” degan.  Shofe’iy, Molik va Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhlar esa: “Amal iymondandir” deyishgan. 

Ulamolar mana shu masalani muolaja qilib, o‘rtadagi ixtilofni lafziy deganlar. Chunki Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘z davrlaridagi umumiy vaziyat e’tiboridan amal iymonning aslidan (ya’ni, shartidan) emas, balki komilligidan degan ma’noga urg‘u bergan. Ya’ni imon amalsiz ham mavjud hisoblanadi, ammo komil hisoblanmaydi, degan.

Qolgan fuqaholar ham o‘z davrlaridagi umumiy vaziyat e’tiboridan amal iymonning komilligidan emas, balki aslidan ya’ni (shartidan) degan ma’noga urg‘u berganlar. Ya’ni imon komil bo‘lishi uchun albatta, amal bo‘lishi lozim, agar amal bo‘lmasa, imon aslo komil bo‘lmaydi, deganlar.

Ikki tarafning gaplarini ham sinchiklab o‘rgangan kishi ularning gaplari har xil bo‘lsa-da aslida, bir xil ma’noni aytayotganlarini qiynalmasdan tushunadi.
Lekin shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi, nega har bir taraf narigi tarafning ham iborasini aytib qo‘ymasdan o‘zining gapida qattiq turib olgan?

Ya’ni, Abu Hanifa rahmatullohi alayh boshqa fuqaholarga o‘xshab “Amal iymondandir” deb qo‘ysalar bo‘lardi-ku? Farazan u zotga: “Shunaqa deb ayting, baribir ma’nosi bir-ku” deyilganda u zot albatta: “Yo‘q, aynan men aytgandek aytishimiz kerak” degan bo‘lar edilar. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, umumiy vaziyat aynan shunday ibora bilan aytishni, shu ma’noga urg‘u berishni taqozo qilib turgan edi. Ya’ni, Abu Hanifa rahmatullohi alayh yashagan davr xavorijlarning mavqelari yuqorilagan payt bo‘lgan. U zot Bani Umayya hukmronlik qilgan davrning oxiri va Abbosiylar davlatining boshlanish davrida hayot kechirganlar. 

Bani Umayya davri xavorijilar eng kuchga kirgan davr bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, Abu Hanifa rahmatullohi alayh ularning e’tiqodi musulmon jamiyatiga yoyilib ketishidan xavotir olgani uchun ushbu masalani mazkur so‘zlar bilan ifodalash kerak degan. Chunki amal qilmagan odamlarni kofirga chiqarish xavorijlarning asosiy qoidalaridan bo‘lgan. Xavorijlar ushbu qoidalarini ilk bor Ali roziyallohu anhuga nisbatan ishlatib, u zotni kofirlikda ayblaganlar. Ya’ni,  “tahkim”ni qabul qilgani uchun u zotni kufr nisbatini berishgan. Keyinchalik xuddi shu ishni Muoviya roziyallohu anhuga ham qo‘llaganlar. Ular o‘zlarining bu iddolariga “Hukm faqat Allohning O‘ziga xosdir” ma’nosidagi oyatni hujjat qilishgan va shu hujjatlariga binoan  amal qilmagan odamlarni kofirga chiqarganlar. Ular bu ishda shu darajada g‘uluvga ketganlarki, hatto katta va kichik gunoh qilgan odamlarni ham kofirga chiqarishga borib yetganlar. Natijada xavorijlarning ushbu g‘uluvlari musulmon jamiyati uchun o‘ta xatarli tus olgan. Chunki bunday aqidadagi kimsalar  hech tap tortmasdan musulmonlarni kofirga chiqara boshlagan edilar. 

Ularning holatlarini mulohaza qilgan ulamolar: “Agar 6,7 xavorijni bir joyga yig‘ib o‘z holiga tashlab qo‘ysangiz ular o‘sha joydan bir-birlarini kofirga chiqarib tarqalishlari aniq” degan xulosaga kelganlar. Chunki xavorijlar bir yo‘nalishda bo‘la turib va bir masjidda ibodat qilib turib ham ushbu uslublarini qo‘llaganlar. Shuning uchun tarixga nazar solsangiz ular avval boshda bir firqa bo‘lib, keyin o‘zaro bir birlarini kofirga chiqarganlari natijasida bir nechta firqalarga bo‘linib ketishganini ko‘rasiz.
Xavorijlarning mana shu g‘uluvdan iborat qarashlari afsuski, hozirgi kunimizgacha yetib kelmoqda. Abu Hanifa rahmatullohi alayh xavorijlarning ushbu e’tiqodlaridan kelib chiqadigan xatarning oldini olish hamda musulmonlarni o‘zaro bir-birlarini kufrda ayblab qatl qilishlaridan qaytarish maqsadida amal iymondan emas degan gaplarida qattiq turib olgan.

Demak, amal iymondandir degan gapning tafsilotini va undan qaysi ma’no nazarda tutilganini aslida avom xalq bilmaydilar. Zero avomning odati faqat gapning sarlavhasini qattiq ushlab ekani ko‘pchilikka sir emas.

Endi Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh singari amal iymondandir degan fuqaholarning nima uchun bunday deganlarin

i sinchiklab o‘rganadigan bo‘lsak, quyidagi ma’nolarni bilib olamiz: Bu muhtaram zotlar umaviylar hukmronlik qilgan davrda yashaganlar va ularni bu masalaga qarashlari o‘zgacha bo‘lgan. Ya’ni ular bu davrda qo‘zg‘algan murjia firqasining jamiyatga bo‘lgan xatarini ko‘rib, ularga qarshi o‘z ilmiy faoliyatlarini olib borganlar. Murjialar iymonga hech bir gunoh zarari bermaydi deb e’tiqod qilishgan. Ya’ni kishi modomiki mo‘min ekan, biron bir gunoh unga aslo ta’sir qilmaydi, deb e’tiqod qilishgan. Gunohi kabira, ya’ni zino, aroqxo‘rlik, nohaq odam o‘ldirish kabi gunohlarni qilgan odam bilan uni qilmagan odamning farqi faqatgina jannatdagi darajada bo‘ladi deb hisoblashgan. Shu bilan mo‘min kishi agarki ulkan gunoh sodir etgan bo‘lsa ham jahannamga kirmaydi, deb e’tiqod qilganlar. Bunday deyish dinni va uning mukallaflarga bo‘lgan buyruq va qaytariqlarini ya’ni, dinda belgilangan halol-haromni va shar’iy nasslarni inkor qilish bo‘lib qoladi.  Bu buzuq e’tiqodning xatarini his qilgan ulamolar amal iymondandir ya’ni uning kamolidan yoki aslidan deb o‘z gaplariga tafsilot bermasdan qattiq turib olganlar.

Xulosa shuki, biz ushbu masalada u yoki bu fuqaholar o‘z gaplarida xato qilganlar deb aytolmaymiz. Chunki har bir taraf aytgan gapida masalaga o‘ziga xos jihatdan yondashgan. Shuning uchun ham masalaning tafsilotiga va tarixiga nazar solinsa har ikki tarafning gapi ham haq bo‘lib chiqadi.

Hozirgi kunda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning gaplarining zohiriy ma’nosini mahkam ushlab olib, u zotni murjialardan deb ayblashni o‘ziga ep ko‘radigan ayrim salafiylik da’vosidagi kimsalar uchraydi. 

Aslida tarixga nazar solinadigan bo‘lsa, u zotga nisbatan bunday aybni mo‘tazilalar va xavorijlar to‘nkaganlar. Shunda beixtiyor ulamolarmizning: “Hozirda mo‘taziliyman degan odam qolmagan, lekin ularning ayrim xato e’tiqodlari saqlanib qolgan”, degan gaplari naqadar haq ekaniga yana bir karra amin bo‘lamiz…   

Rustam OXUNJONOV

Abu Sano Mahmud ibn Zayd Lomishiy Hanafiy Moturidiyning “Tamhid li qovaidit-tavhid” hamda Abdulmalik ibn Abdurrohman Assa’diyning “Sharhul Aqoidin-nasafiya” asarlari asosida tayyorlandi.

Manba: https://azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qur’on va tajvid markaziga tashrif

9.01.2025   4419   1 min.
Qur’on va tajvid markaziga tashrif

Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar. 
 

Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.


Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.


Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Toshkent viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif Qur’on va tajvid markaziga tashrif
O'zbekiston yangiliklari