Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

ASR NAMOZI

17.08.2020   6440   10 min.
ASR NAMOZI

Asr namoziga azon aytilsa, sahobalar masjidda jamlanishini kutib turardi va asrdan oldin to‘rt rak’at nafl namoz o‘qishga targ‘ib qilib:

« رَحِمَ اللَّهُ امْرَأً صَلَّى قَبْلَ الْعَصْرِ أَرْبَعًا »

«Asrdan oldin to‘rt rak’at namoz o‘qigan kishini Alloh rahm qilsin (ya’ni rahmatiga olsin)», – der edilar[1].

Odamlar yig‘ilgach, masjidga chiqar va ularga namozni o‘qib berardilar. Asrni avvalgi vaqtida o‘qir edilar. Qiroatni peshindagi qiroatning yarmicha qilardilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach, aytadigan so‘zlari bo‘lsa aytar, bo‘lmasa sahobalar tarqalib ketishardi.

Bir kuni asrni o‘qib bo‘lgach, sahobalarga qarab: «Bilmadim, bir narsani sizlarga aytsammikin yoki aytmasammikin? O‘ylanib turibman», – dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning rasuli, agar yaxshi narsa bo‘lsa ayting. Agar unday bo‘lmasa, Alloh va Rasuli biluvchidir», – deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَتَطَهَّرُ فَيُتِمُّ الطُّهُورَ الَّذِى كَتَبَ اللَّهُ عَلَيْهِ فَيُصَلِّى هَذِهِ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسَ إِلاَّ كَانَتْ كَفَّارَاتٍ لِمَا بَيْنَهَا»

«Bir musulmon kishi tahorat olib, Alloh farz qilgan tahoratni mukammal qilsa va mana shu besh vaqt namozni ado etsa, bu ishi o‘sha namozlar orasidagi xato va gunohlarini o‘chiradi», – dedilar»[2].

Yana bir kuni asrni o‘qib bo‘lgach, sahobalarga yuzlanib:

«Qay biringiz tahorat olsa va uni mukammal qilsa, so‘ng: «Ashhadu an laa ilaha illalloh va anna Muhammadan abdullohi va rusuvluhu», – desa unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlagan eshigidan kiradi», – dedilar[3].

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning asrdan keyingi ma’ruzalari Peshindan keyin qilinadigan ma’ruzaga qaraganda anchagina qisqa bo‘lardi. Chunki sahobalar asrda ishlarini tugatish va boshqa hojatlarini nihoyasiga yetkazish uchun ketishga shoshilishardi.

Hech qachon qavmni malollantiradigan darajada uzundan uzoq ma’ruza qilmasdilar. Tinglovchilarning holati va shavqiga qarab ma’ruza qilardilar. Asrni o‘qib bo‘lgach, ma’ruzalari doimiy emasdi.

Asrni o‘qigach, har bir onamizning uylariga kirib, ular bilan biroz suhbatlashar, bag‘rlariga bosib ko‘ngillarini so‘rardilar. Har bir onamizni uylariga kirib chiqqach, oxirida navbati kelgan onamizning uylarida qolardilar.

Ko‘pincha onalarimizning hammalari navbati kelgan onamizning uylarida yig‘ilishib o‘tirishar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular bilan suhbatlashardilar.

Bir kuni onalarimiz Oisha onamizning uylarida yig‘ilishdi. Zaynab onamiz ham Oisha roziyallohu anhoning uylariga keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga kirgach, qo‘llarini Zaynab onamizga uzatdilar. Oisha onamizning jahllari chiqib: «Bu Zaynabku!» – dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini tortib oldilar. Zaynab onamiz bilan Oisha onamiz tortishib qoldilar hatto ovozlari ko‘tarilib ketdi. Namozga qomat aytildi. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘tib keta turib, onalarimizning ovozlari ko‘tarilganini eshitdilar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning rasuli, namozga chiqasizmi? Bularning og‘ziga tuproq seping», – dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidga chiqdilar. Oisha onamiz: «Hozir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozni o‘qib bo‘ladilar va otam kelib mening dodimni beradi», – dedilar. Namoz tugagach, Abu Bakr roziyallohu anhu kelib, Oisha onamizni qattiq urushdilar va: «Shunday ham qilasanmi?!» – deb koyidilar[4].

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xonadonlarida oilaviy suhbatdan tashqari ilmiy suhbatlar ham bo‘lardi. Onalarimiz tomonlaridan beriladigan savollarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib din ishlarini o‘rgatardilar.

Bir kuni Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam da’vat yo‘lida chekkan aziyatlarining eng shiddatlisini bilmoqchi bo‘lib: «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» – deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Menga qavmingdan yetadigani yetdi. Ulardan menga yetgan narsalarning eng qattig‘i Aqoba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abduyalil ibn Abdukulolga meni (himoyasiga) olishni taklif etgan edim. Biroq u men istagan narsani qabul qilmadi. Tashvishli holda boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Qarnus-sa’olibga[5] kelgandagina o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, bir bulut menga soya solib turibdi. Nazar solsam, unda Jabroil bor ekan. U menga nido qilib: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot ular haqida istagan narsangni buyurishing uchun huzuringga tog‘ farishtasini yubordi», – dedi. Shunda tog‘ farishtasi menga nido qilib, salom berdi. So‘ngra: «Ey Muhammad! Nimani istasang, shu. Agar ularning ustiga «ikki Axshab»ni[6] to‘ntarib tashlashimni istasang (shunday qilaman)», – dedi.

Shunda men: «Yo‘q! Alloh ularning pushtikamaridan yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan kishilarni chiqarishini umid qilaman», – deganman»[7].

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam onalarimizning dunyoviy hojatlarini qondirish bilan birga ularni oxiratga ham tayyorgarlik ko‘rishga targ‘ib qilardilar.

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga:

« لَيْسَ أَحَدٌ يُحَاسَبُ إِلَّا هَلَكَ »

«Hisob‑kitob qilinadigan har bir kishi halok bo‘lmay qolmaydi[8]», – dedilar. Oisha onamiz aniqlik kiritish maqsadida: «Ey Allohning Rasuli, Alloh meni fidoyingiz qilsin! Axir Alloh azza va jalla:

فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ، فَسَوْفَ يُحَاسَبُ حِسَابًا يَسِيرًا [الانشقاق: 7-8 [

«Ammo kimning kitobi o‘ngidan berilsa, u albatta, yengilgina hisob‑kitob qilinadi», – demaydimi?» – deb so‘radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ana o‘sha namoyon etish bo‘lib, (amallari) ularga namoyon etiladi[9]. Biroq kimning hisob‑kitobi munoqasha qilinsa, halok bo‘ladi», – dedilar»[10].

Yana bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga: «Badr[11] va Hudaybiya[12]da ishtirok etgan biror kishi do‘zaxga kirmasligidan umid qilaman», – dedilar. Hafsa onamiz: «Ey Allohning rasuli, axir Alloh: «Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushuvchidirsiz. (Bu) Rabbingiz (irodasiga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir», – demaganmi?» – deb so‘radilar. U zot: «Alloh taoloning: «So‘ngra taqvodor bo‘lganlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz», – deganini eshitmaganmisan», – dedilar[13].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ummat g‘ami bilan ovoraman», – deb oilalarini unutmagan edilar. Ular bilan ham dunyo, ham oxirat borasida suhbatlashar, hazillashib ko‘nglini ko‘tarar, uy yumushlarida yordam berib, oilaviy chiroyli hayotni ham kechirardilar.

Ba’zida asr namozidan keyin sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan birga ishtirok etishlarini yoqtirishadigan ishlarga u zotni chaqirishar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chaqirig‘iga javob berib, taklif qilingan joyga borardilar.

Bir kuni asr namozini o‘qib bo‘lishgach, Bani Salama qabilasidan bir kishi kelib: «Ey Allohning rasuli, biz jonliq so‘yishni xohladik. Siz ham o‘sha yerda biz bilan bo‘lishingizni istardik», – dedi. U zot: «Xo‘p», – deb sahobalar bilan yo‘lga tushdilar. Aytilgan joyga yetib kelishsa, hali jonliq so‘yilmagan ekan. Jonliqni so‘yib, go‘shti maydalandi va undan ovqat pishirildi. Quyosh botmasidan oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobalar o‘sha taomdan tanovul qilishdi[14].

Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ahli oilalariga nafaqani qayerdan to‘laganlari haqida biroz to‘xtalib keyin shom namozi vaqti haqida suhbatlashamiz.

 

[1] Imom Termiziy rivoyati

[2] Imom Muslim rivoyati

[3] «Sahih Ibn Xuzayma», «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim» va «Musnad Ruvyoniy» kitoblariga qaralsin.

[4] «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim», «Musnad Abu Ya’lo» kitoblariga qaralsin.

[5] Qarnus-sa’olib – Makka-Toif yo‘lidagi Makkaga yaqin joy.

[6] Ikki Axshab – Makkai Mukarramadagi ikki katta tog‘. Ulardan birining nomi Abu Qubays bo‘lib, Ka’baning sharq tomonida, ikkinchisi – Qu’ayqo’ tog‘i esa uning g‘arbida joylashgan. Ularning balandligi 420 va 230 metrni tashkil qiladi.

[7] Imom Buxoriy rivoyati.

[8] «Halok bo‘lish» deganda azobga qolish nazarda tutilgan, zotan, oxirat azobi haqiqiy halokatdir.

[9] Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyatdagi «yengilgina hisob‑kitob qilinadi», degan jumlani «Ana o‘sha namoyon etish bo‘lib, ularga namoyon etiladi», deb tafsir qilmoqdalar, ya’ni solihlarga qilgan amallari – yaxshiliklariyu yomonliklari bir ko‘rsatiladi-yu, ammo ularning ustida savol‑javob, hisob‑kitob qilinmaydi. Bu ularning najot topishlarining bashorati bo‘ladi.

[10] Imom Buxoriy rivoyati.

[11] Badr – Islom dinining himoyasi uchun kofirlarga qarshi jang qilingan ilk urush

[12] Hudaybiya – bu Makka yaqinidagi joyning nomi bo‘lib, unda sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga dinni himoya qilish, Alloh va Unnig rasuliga itoat qilishgan ahdnoma berishgan.

[13] «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim», «Sunan Ibn Moja» va «Sahih Ibn Hibbon» kitoblariga qaralsin.

[14] «Sahih ibn Hibbon», «Sahih Muslim» «Musnad Abu Avona», «Sunan Doraqutniy» va «Mustaxraj Abu Nu’aym» kitoblariga qaralsin.

 

Abdulaziz Usmon

manba: siyrat.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

09.06.2025   19739   2 min.
Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.

 

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar. 

 

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda. 

President.uz