Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Amallar qachon qabul bo‘ladi?

17.08.2020   2926   4 min.
Amallar qachon qabul bo‘ladi?

Musulmon kishi borki qilgan amallaridan savob umid qiladi. Yaxshi amallari tufayli Allohning roziligini topmoqni istaydi. Shu sabab har kim o‘z bilimidan, dunyoqarashi va saviyasidan kelib chiqib amallarni yaxshi yoki yomonga, savob yoki gunohga ajratadi. Lekin, yaxshi va yomonni, savob yoki gunohni ajratishda kishining saviyasi, bilim yoki farosati mezon bo‘la olmaydi. Bunda asosiy mezon shari’atdir. Ya’ni, Alloh va Uning rosuli yaxshi degan amallar yaxshi, Alloh va Uning rosuli qaytargan amallar esa yomon hisoblanadi. Bu mezonlarni hech  kim o‘z hoxishiga, bilimi va saviyasiga, manzil va  makoniga qarab o‘zgartirishga haqli emas. 

Islom dini bandalarning qilgan amali Allohning dargohida qabul qilinib, ularga ajr –savob berilishi uchun ikkita narsani shart qiladi: 

  1. Ixlos. Ya’ni, qilinayotgan har bir amalni yolg‘iz Alloh taoloning roziligi uchun, riyo va sum’adan xoli tarzda amalga oshirish zarur.
  2. Qilinayotgan amal albatta shari’at manbaalariga zid bo‘lmasligi kerak. Ya’ni, Qur’on va Sunnat bilan muvofiq bo‘lishligi, ulamolarning ijmosiga qarshi amal bo‘lmasligi zarur. 

Mana shu ikki sifatdan biri topilmagan taqdirda kishining amali Allohning huzurida qabul qilinmaydi. Ularga ajr - mukofot berilmaydi. Balki, aksar hollarda banda ilmsizlik tufayli qilgan amali uchun mashaqqat va ovoragarchilikdan boshqa narsa topmaydi. Balki, qaytanga gunohkor bo‘lib qolishi ham mumkin. 

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugun musulmonlar savob umidida qilayotgan amallarining aksarida mana shu ikki sifatdan biri topilmay qolyapti. Shunday insonlar borki, ularning qilayotgan amallari aynan Islom dinining ta’limotiga, Qur’on va Sunnatning talablariga to‘liq mos tushadi. Ularni ko‘rgan kishi bu inson aynan jannat ahlining amalini qilmoqda deya o‘ylaydi. Biroq, ushbu amallarni qiluvchilarning aksarida ixlos yo‘q. Kimdir vaziyat taqozo qilgani uchun, yana kimdir xizmat yuzasidan va yana kimlardir esa kishilarning nazariga tushishlik uchun qiladi. Bu esa albatta, riyo uchun qilingan amal bo‘lib, kishining oxirati uchun foyda emas, balki, zarar keltiradi.

Yana shunday kishilar borki, ular bir kasbni tanlagan. Yoki qaysidir amalni qilmoqda. Hattoki, ushbu ishini chin yurakdan, ixlos va muhabbat bilan bajaradi. Qilayotgan ishi tufayli ko‘pchilikka manfaat keltirmoqchi, kimnidir xursand qilmoqchi,kayfiyatini ko‘tarib o‘zicha savob ish qilmoqchi bo‘ladi. Biroq, ularning tanlagan yo‘li Islom ta’limotlariga zid, balki, sha’riat qattiq qaytargan amallardan iborat bo‘ladi. Bunday kishilar ham garchi niyatlari yaxshi bo‘lsada, qilayotgan ishiga ixlos va muhabbati bo‘lsa ham savobga ega bo‘lmaydilar. Balki, qaytarilgan amallarni qilayotganliklari sababli gunohkor bo‘lib qolaveradilar.

Xulosa shuki, umrimizni, vaqtimizni molu dunyoimizni sarflab qilayotgan amallarimiz mana shu ikki tamoyilga asoslanishi kerak. Allohning roziligi uchun namoz, sadaqa, haj kabi amallarni qilayotganda riyo va sum’adan ehtiyot bo‘laylik. Majburlikdan yoki e’tiborsizlik bilan bajarmaylik. Ixlos va muhabbatimiz bilinib tursin. Agar kishilarni kayfiyatini ko‘tarish uchun har xil masxarabozliklar, o‘yin kulgular va tomoshalar ko‘rsatayotgan bo‘lsak, dinimizda bu amallar haqida nima deyilgani bilan qiziqib ko‘raylik. Agar Islom dinining rivoji uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lsak, kishilarga sof ta’limotni yetkazmoqchi bo‘lsak, bu amalimiz kimnidir kamsitish, haqorat qilish, obro‘sini to‘kish va izza qilish evaziga bo‘lmasligi kerak. Chunki, dinimiz bu amallarning barchasidan qaytargan. 

Alloh taolo barchamizga ilm va farosat bersin. Qilayotgan amallarimizda ixlos va muhabbatimizni ziyoda qilsin. Oq va qorani, yaxshi va yomonni ajratishda o‘z fikrimiz bilan emas, balki shari’at mezonlari bilan belgilashlikka tavfiq bersin.

 

Olmazor tumanidagi

“Mevazor” masjidi imom noibi:

Yorbek Islomov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Iymon bayoni

10.01.2025   309   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov

VIDEO