Musulmon kishi borki qilgan amallaridan savob umid qiladi. Yaxshi amallari tufayli Allohning roziligini topmoqni istaydi. Shu sabab har kim o‘z bilimidan, dunyoqarashi va saviyasidan kelib chiqib amallarni yaxshi yoki yomonga, savob yoki gunohga ajratadi. Lekin, yaxshi va yomonni, savob yoki gunohni ajratishda kishining saviyasi, bilim yoki farosati mezon bo‘la olmaydi. Bunda asosiy mezon shari’atdir. Ya’ni, Alloh va Uning rosuli yaxshi degan amallar yaxshi, Alloh va Uning rosuli qaytargan amallar esa yomon hisoblanadi. Bu mezonlarni hech kim o‘z hoxishiga, bilimi va saviyasiga, manzil va makoniga qarab o‘zgartirishga haqli emas.
Islom dini bandalarning qilgan amali Allohning dargohida qabul qilinib, ularga ajr –savob berilishi uchun ikkita narsani shart qiladi:
Mana shu ikki sifatdan biri topilmagan taqdirda kishining amali Allohning huzurida qabul qilinmaydi. Ularga ajr - mukofot berilmaydi. Balki, aksar hollarda banda ilmsizlik tufayli qilgan amali uchun mashaqqat va ovoragarchilikdan boshqa narsa topmaydi. Balki, qaytanga gunohkor bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ming afsuslar bo‘lsinki, bugun musulmonlar savob umidida qilayotgan amallarining aksarida mana shu ikki sifatdan biri topilmay qolyapti. Shunday insonlar borki, ularning qilayotgan amallari aynan Islom dinining ta’limotiga, Qur’on va Sunnatning talablariga to‘liq mos tushadi. Ularni ko‘rgan kishi bu inson aynan jannat ahlining amalini qilmoqda deya o‘ylaydi. Biroq, ushbu amallarni qiluvchilarning aksarida ixlos yo‘q. Kimdir vaziyat taqozo qilgani uchun, yana kimdir xizmat yuzasidan va yana kimlardir esa kishilarning nazariga tushishlik uchun qiladi. Bu esa albatta, riyo uchun qilingan amal bo‘lib, kishining oxirati uchun foyda emas, balki, zarar keltiradi.
Yana shunday kishilar borki, ular bir kasbni tanlagan. Yoki qaysidir amalni qilmoqda. Hattoki, ushbu ishini chin yurakdan, ixlos va muhabbat bilan bajaradi. Qilayotgan ishi tufayli ko‘pchilikka manfaat keltirmoqchi, kimnidir xursand qilmoqchi,kayfiyatini ko‘tarib o‘zicha savob ish qilmoqchi bo‘ladi. Biroq, ularning tanlagan yo‘li Islom ta’limotlariga zid, balki, sha’riat qattiq qaytargan amallardan iborat bo‘ladi. Bunday kishilar ham garchi niyatlari yaxshi bo‘lsada, qilayotgan ishiga ixlos va muhabbati bo‘lsa ham savobga ega bo‘lmaydilar. Balki, qaytarilgan amallarni qilayotganliklari sababli gunohkor bo‘lib qolaveradilar.
Xulosa shuki, umrimizni, vaqtimizni molu dunyoimizni sarflab qilayotgan amallarimiz mana shu ikki tamoyilga asoslanishi kerak. Allohning roziligi uchun namoz, sadaqa, haj kabi amallarni qilayotganda riyo va sum’adan ehtiyot bo‘laylik. Majburlikdan yoki e’tiborsizlik bilan bajarmaylik. Ixlos va muhabbatimiz bilinib tursin. Agar kishilarni kayfiyatini ko‘tarish uchun har xil masxarabozliklar, o‘yin kulgular va tomoshalar ko‘rsatayotgan bo‘lsak, dinimizda bu amallar haqida nima deyilgani bilan qiziqib ko‘raylik. Agar Islom dinining rivoji uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lsak, kishilarga sof ta’limotni yetkazmoqchi bo‘lsak, bu amalimiz kimnidir kamsitish, haqorat qilish, obro‘sini to‘kish va izza qilish evaziga bo‘lmasligi kerak. Chunki, dinimiz bu amallarning barchasidan qaytargan.
Alloh taolo barchamizga ilm va farosat bersin. Qilayotgan amallarimizda ixlos va muhabbatimizni ziyoda qilsin. Oq va qorani, yaxshi va yomonni ajratishda o‘z fikrimiz bilan emas, balki shari’at mezonlari bilan belgilashlikka tavfiq bersin.
Olmazor tumanidagi
“Mevazor” masjidi imom noibi:
Yorbek Islomov
Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:
“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.
“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.
“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.
“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.
“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.
“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.
“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.
“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.
“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.
Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat” dedi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV