Ahli sunnat val jamoaning asosi bo'lgan asha'riy va moturidiylikni salaflar e'tiqodiga zid deb isbotlamoqchi bo'lgan shaxslardan biri quyidagicha tahlilni qilib beribdi. Uning fikri qalin qora harflarda ifodalangan:
1) Salaflar Jahmiya degan toifaning e'tiqodiy masalalariga raddiya bergan va ularni adashgan (ba'zi hollarda kofir) deb bilgan.
2) Kim e'tiqodiy masalalarda jahmiya toifasiga o'xshasa, demak salaflarga xilof qilgan bo'ladi.
Bu erda mantiqiy xulosa qilayapti. Shu o'rinday aytish kerakki, mantiqni zalolat deganlar odatda mana shunaqa paytlarda mantiqdan foydalanib qoladi. Shunga qaramay shu ergacha, mantiqan to'g'ri fikrni bildirayapti. Kimda jahmiyanin salaflar raddiya bergan e'tiqodiy qarashlari topilsa, demak u salafga xilof qilgan bo'ladi. To'g'rimi? To'g'ri! Endi, taxlilning davomini qarang...
3) Jahmiylar ham ash'ariy va moturidiylar ham kalom ilmi bilan shug'ullangan.
To'g'rimi? Nisbatan to'g'ri. Nisbatanligi shundaki, jahimiyalar kalom, ya'ni aqida ilmida g'uluvga ketib, salaflar fahmiga zid narsalarni aytganlar, ash'ariy va moturidiylar esa, kalom ilmini o'zlashtirib, o'sha ilm orqali salaflar e'tiqodini himoya qilib asoslab berganlar. Tashqaridan qarasangiz, ikkisi ham bir ilm bilan shug'ullanayapti, ammo birisi salaflarga zid e'tiqodda, ikkinchisi salaflar e'tiqodida. Endi yakunlovchi mantiqiy xulosaga qarang:
4) Demak, ash'ariy va moturidiylar salaflar e'tiqodida bo'lmagan.
Ana xalos. Barakatopkur, kalom ilmi e'tiqod emas, bu huddi mantiq, fizika, geografiya, tibbiyot kabi ilmlardan biri. E'tiqod esa shu yo'nalishda chiqarilgan aqidaviy xulosa.
Agar Darvin biologiya bilan shug'ullanib, evolyutsiya nazariyasini o'ylab topgan bo'lsa-yu, ateistlar shu orqali ota-bobomiz maymun degan bo'lsa, musulmonlar ham biologiya bilan shug'ullansa, ateistga o'xshab qoladimi? Yo'q, axir musulmonlar biologiya bilan shug'ullanib, undan Allohning oyat belgilarini topadi-ku!
Jahmiylar mantiq bilan shug'ullangan bo'lsa, bu taxlilni qilgan odam ham "demak, demak" deb mantiqdan foydalanayapti, demak o'zining "mantig'iga" ko'ra o'zi ham jahmiylar e'tiqodida bo'lib qolyapti-ku
Ash'ariy va moturidiylar kalom ilmi bilan shug'ullanganmi? Ha shug'ullangan. Nimaga? Jahmiyalarga raddiya berish uchun. Unda qanday aqidaviy xulosa chiqarishgan? Jahmiyaga raddiya berib, salafi solihlar fahmi va naqlni isbotlashgan.
Mana shuning uchun mantiqni bilmagan mantiqiy xulosa qilmasligi kerak. Ilmdan xabari yo'q, kalom ilmi nima, e'tiqod nima, anglamaydigan odam, odamlarga e'tiqoddan dars bermaslik kerak. Mana shunday "mantiq"qa taqlid qilgan ilmsizlar esa, ahli sunnat val jamoaning asosi bo'lgan ash'ariy va moturidiylarni birgina odamning mantiqsiz xulosasi bilan jahmiyalarga o'xshatib yuribdi.
@AhliSunnaValJamoaUz
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.