RAMAZONDAN SO'NG ShAVVOL OYIDA 6 KUN RO'ZA TUTISh YIL BO'YI RO'ZA TUTGANNING SAVOBIGA NOIL ETADI.
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro'za tutsa, yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ramazon ro'zasi o'ttiz kunining o'n barobari o'n oy (300 kun), Shavvol oyining olti kun ro'zasi esa (60 kun) ikki oy bo'ladi. Jami 360 kun (bir yil)ni tashkil etadi. Natijada, kishi butun yil bo'yi ro'za tutgandek bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur)” (An'om” surasi, 160-oyat).
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro'zasini tutib, ortidan Shavvol oyida olti kun ro'za tutsa, huddi onadan tug'ilgandek gunohlardan forig' bo'ladi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar: "Shavvol oyi ro'zasini oy boshida ketma-ket olti kun yoki oy davomida bo'lib-bo'lib tutish ham joiz", deganlar.
Imom Ahmad rahmatullohi alayh aytadi: “Shavvol oyi ro'zasi ketma-ket olti kun tutilsa ham, bo'lib-bo'lib tutilsa ham fazilati tengdir”.
Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarida bardavom qilgin, gunohlarimizni mag'firat etgin!
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi