Bismillahir Rohmanir Rohim.
Siz azizlarni musulmon ummatining eng qadrli ayyomi bo'lgan muborak Ramazon hayiti – Iydul fitr bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday fayzli lahzalarda Qodir Allohga behad shukronalar aytib, yurtimizga tinchlik-farovonlik, xalqimizga qut-baraka, farzandlarimizga baxtu saodat so'raymiz.
Alloh taologa shukrki, Ramazon oyi yurtimizda ko'tarinki kayfiyatda o'tdi. Bu ulug' oyda toat-ibodatlar bilan mashg'ul bo'lib, xayru saxovat ishlarini ko'paytirdik.
Masjidlardagi Qur'oni karim xatmlari, tarovih namozlari va duoyu iltijolar sharofatidan o'lkamizga fayzu baraka yog'ildi. Jamiyatimizda do'stu birodarlik, mehr-oqibat tuyg'ulari yuksaldi.
Hayit ayyomi bir oy ro'za tutgandan keyin bandalarga taqdim qilingan rabboniy ziyofat, cheksiz xursandchilikdir.
Ushbu kunda Yer yuziga Allohning rahmati va marhamati yog'iladi. Haq taolo Kalomi sharifida bunday bayon qiladi: “Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, albatta, shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! ...”. (Yunus surasi, 58-oyat).
Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda Iyd kunlari haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu kunlar eb-ichish va xursandchilik qilmoq kunlaridir”, deb marhamat qilganlar. Shu boisdan bu kunni butun dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va bayram qilib o'tkazadi.
Yaratgan Parvardigorga behisob hamdlar bo'lsinki, bu yil yurtimizda 1 600 dan ziyod masjidda taroveh namozlarida xatmi Qur'on o'qildi. Ramazon oyining yigirma ettinchi kuni oqshomi, ya'ni Qadr kechasida Qur'oni karim xatmlari yakunlanib, barcha masjidlarda bir vaqtning o'zida xalqimiz Haq taologa yuzlandi.
Mana shunday jamul-jam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz tinch va farovon o'tadi, ikki dunyoimiz saodatli bo'ladi, insha Alloh.
Mamlakatimizda kechayotgan uyg'onish va yuksalishlar hamyurtlarimiz hayotida ham o'z ifodasini topmoqda. So'nggi yillarda amalga oshirilayotgan diniy sohadagi islohotlar, yangi ochilayotgan masjid-madrasalar, qayta obod bo'layotgan qadamjolar va ko'payib borayotgan Qur'oni karim kurslari hamda haj-umra qiluvchilar sonining yil sayin oshib borayotgani xalqimizni nihoyatda mamnun etmoqda.
Bunday shodiyonalar qatorida bu yilgi Mohi Rahmon oyi xalqimiz uchun esda qolarli voqealarga juda ham boy bo'ldi. Prezidentimiz butun mamlakatimiz bo'ylab o'tkazilgan iftorlikda ishtirok etdilar. Ushbu tarixiy oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahalla-yu guzarlarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Ahil oila bo'lib yashayotgan ko'pmillatli xalqimiz go'yoki bir dasturxon atrofida jam bo'ldi. Qur'oni karim oyatlari tilovat qilindi va yoshi ulug', nuroniy va mo'ysafidlarning duolari olinib, minglab insonlarga quvonch ulashildi.
Qutlug' oydagi savobli ishlardan yana biri davlat Rahbarining tashabbusi bilan nogironligi bor oilalar, "Mehribonlik", "Saxovat" va "Muruvvat" uylarida yashayotgan kishilar holidan xabar olish kabi savobli ishlar barchaga shodlik baxsh etdi.
Respublikamizdagi ehtiyojmand, ijtimoiy ko'makka muhtoj 36 500 dan ortiq fuqarolar uchun iftorlik dasturxonlari yozildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” markazlari bilan hamkorlikda xayriya ishlari orqali yordamga muhtoj kishilarning ko'ngillarini ko'tardi.
Hazrati Alisher Navoiy “Kimki bir ko'ngli buzug'ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka'ba vayron bo'lsa, obod aylagay”, degan hikmati muborak dinimizning asl mohiyati bilan hamohangdir.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Zaiflarga yaxshilik qilish orqali Mening roziligimni istanglar! Zero, sizlar zaiflaringiz tufayli rizqlanasiz va muvaffaqiyatga erishasizlar”, deb marhamat qilganlar.
Shunday ekan, qutlug' oylarda qalbiga shodlik kirgan mana shunday hamyurtlarimizning ixlosli duolari ila Yaratgan Parvardigor yurtimizga tinchlik-xotirjamlik va hayotimizga farovonlik ato etadi.
Ramazon oyidagi ilgari surilgan muhim tashabbuslardan yana biri "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida obodlik va ko'kalamzorlashtirish kabi ishlar mahalla guzarlarida bayram kunlarining yanada fayzli o'tishiga omil bo'lmoqda. Halqimizni – keksayu yosh barchani ezgu amal atrofida jipslashtirdi. Ushbu loyihada nuroniylar, mahalla faollari, diniy soha vakillari, milliy madaniy markazlar mas'ullarining birdam ishtirok etgani alohida fayz qo'shdi, deyish mumkin.
Ayni kunlarda Makkayu mukarrama, Madinai munavvarada umra amallarini ado etib turgan va mamlakatimizda haj safariga tayyorgarlik ko'rayotgan yurtdoshlarimizning Vatanimiz haqqiga duolar qilishayotgani nur ustiga nur bo'lmoqda.
Qayd etish kerakki, keyingi yillarda xorijda o'qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizni qo'llab-quvvatlash bo'yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Ramazon oyida 40 nafardan ziyod ulamolar AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya davlatlariga safarga yuborildi. U erlardagi imom-domlalar tomonidan vatandoshlarimizni dinu diyonatga da'vat etish bilan birga hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo'lib yashashlari haqida suhbatlar qilindi.
Muhtaram Prezidentimizning Sayxunobod tumanidagi tashabbuslari asosida bugun barcha imom-xatiblarimiz, diniy soha xodimlari aholini halol va faol mehnatga keng targ'ib qilmoqdalar.
Ta'kidlash joizki, barcha islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad – ona Vatanimizni yanada obod etish, farovonligini oshirish va xalqimizning xotirjam hayotini ta'minlashdir.
Iydul Fitrni dunyo musulmonlari qatori yurtimiz ahli ham katta shodiyona va xursandchilik ila o'tkazadi. Ushbu kun Yaratgan egamning rahmati Yer yuziga yog'iladigan, qalblar zavqlanadigan, ro'zadorlarga ajrlar beriladigan ajoyib fursatdir.
Hayit kuniga o'tar kechasini zikru tasbeh va duoi istig'for bilan o'tkazish savobli amallardandir.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon va Qurbon hayitining kechasini bedor o'tkazsa, qalblar o'ladigan kunda uning qalbi o'lmaydi”, deganlar.
Sahih hadisi sharifda Payg'ambarimiz alayhissalom “Har bir qavmning o'z bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir”, deb marhamat qilganlar.
Hofiz ibn Hajar hazratlari esa: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridandir”, deganlar
Shunday ekan azizlar, hayit kunining tongidan poklanib, xushbo'yliklar sepib va eng go'zal, yangi yoki toza kiyimlarimizni kiyib, namozgohga bormog'imiz fazilatli amaldir.
Erta tongdan mo'min-musulmonlar bilan Iyd namozini o'qiymiz. Imom-domlalar xutba o'qib, amru ma'ruf va pandu nasihatlar qiladilar. Namozdan keyin odamlar bir-birlarini tabriklab, ezgu tilaklar bildiradilar.
Ayyom kunlarida tabarruk otaxon, munis onaxonlar, qarindosh-urug'lar, yoru birodarlar, beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olaylik! Ularga bayram kayfiyatini ulashaylik.
Hayit kunlarini oila davrasida nishonlab, yaqinlarimizga bayram kayfiyatini berish ham xayrli amal hisoblanadi. Shu bois bu kunlarda iloji bo'lsa, ota-ona, aka-uka, ahli ayolimiz va farzandlarimizga sovg'alar ulashilsa, ularning quvonchiga sabab bo'lib silai rahm qilgan bo'lamiz.
Azizlar! Mana shunday duolar ijobat bo'ladigan lahzalarda Qodir Egam butun olamga, ayniqsa, jonajon diyorimizga tinchlik-xotirjamlikni, taraqqiyot va farovonlikni ato aylasin, xalqimiz hayotini yanada to'kin qilsin, barcha boshlagan ezgu ishlarimizda Yaratganning O'zi madadkor bo'lsin!
Tutgan ro'zalarimiz, o'qib-tinglagan xatmi Qur'onlarimiz, iltijo ila qilgan duolarimizni Alloh taolo dargohida qabul qilsin.
Yana bir bor jonajon xalqimizni, butun dunyo mo'min-musulmonlarini Iydul Fitr bayrami bilan chin yurakdan tabriklayman!
Shayx Nuriddin Holiqnazar,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati