Oiz Qaraniyning “Mahzun bo'lma” nomli kitobida quyidagi tavsiyalar keltirilgan:
1. Iymon bilan yaxshi ishlar pok hayot siridir. Bu ikkovini qo'lga kiritish uchun harakat qiling.
2. Ilm-ma'rifat talabida bo'lib, hamisha kitob o'qishni yo'lga qo'ying. Chunki kitob mutolaasi g'am-tashvishni ketkazadi.
3. Odamlarga yaxshilikning hamma turini ravo ko'ring, ezgulik ulashishda bardavom bo'ling. Shunda ko'nglingiz shod bo'ladi.
4. Shijoatli bo'ling, jur'atsizlik, qo'rqoqlikni tark eting. G'ayratli bo'lish qalbga rohat bag'ishlaydi.
5. Qalbingizni hasad, gina-kudurat, axloqsizlik, g'irromlik kabi illatlardan poklang.
6. Nazar solish, gapirish, eshitish, odamlarga aralashish, eyish-ichishda me'yor buzilishiga yo'l qo'ymang.
7. Samarali ishlar bilan band bo'ling. Shunda xafalikni unutasiz.
8. Bugungi kun hududida yashang, o'tib ketgan yoki endi keladigan kunlarni unuting.
9. Ko'rinishi, rizqi, salomatligi, boyligi, ilmi o'zingizdan pastdagilarga qarang, ulardan ibrat oling.
10. E'tiboringizni qo'rqinchli xayollarga, yomon fikrlarga qaratmang, ularga bog'lanib qolmang.
11. G'azab qilmang, sabrli bo'ling, g'azabingizni ichingizga yuting, halim, bag'rikeng bo'ling. Chunki inson umri juda qisqa.
12. Ne'matlar ketishidan, balo-ofatlar kelishidan aslo cho'chimang, balki Allohga tavakkal qiling.
13. Hayotingizni soddalashtiring, dabdabali yashashdan chetlaning. Chunki dabdabali hayot ruh uchun azobdir.
14. Siz haqingizda aytilgan yomon so'zlar hech qachon sizga zarar bermaydi, balki o'sha so'zni aytgan kishiga ziyon etadi.
15. Biron kishidan rahmat kutmang, yaxshilikni Alloh roziligi uchun qiling.
16. Foydali rejalar tuzing, g'amingizni unutish uchun o'sha reja bilan mashg'ul bo'lib, fikr yuriting.
17. Har qanday ishni o'sha zahoti bitirishni o'rganing, bugungi ishni ertaga qo'ymang.
18. O'zingizga munosib foydali amalni o'rganing, o'zingiz rohat oladigan ishni bajaring.
19. Birovning xatosiga, mish-mishlarga, turli gap-so'zlarga e'tibor beravermang.
20. Piyoda yuring, sport bilan shug'ullaning, sog'lig'ingizga ahamiyat bering, chunki sog' tanda sog'lom aql bo'ladi.
21. Tanqidlardan sarosimaga tushmang, bardam bo'ling. Shuni biling: tanqidlar qiymatingizni o'lchaydigan mezondir.
22. Hamma narsa Allohning taqdiri bilan bo'ladi. Shuni aslo yoddan chiqarmang.
23. Yomon tasodiflar ro'y berib qolishiga shay turing. Balki sizda sodir bo'layotgan narsalar yaxshilik bo'lib chiqar.
24. Musibatlar ko'zga malham, qalbga quvvatdir.
25. Albatta, qiyinchilik bilan birga engillik ham bor.
26. Jiddiy, samara beradigan ishlarni o'zingizga vazifa qilib oling, bekorchilikdan chetlaning.
27. Qasos olishga bo'lgan urinishingiz, birovlarga nisbatan adovatingiz xusumatchingiz bir chetda qolib, faqat o'zingizga zarar keltiradi.
28. Sizga etadigan barcha musibatlar sabab gunohlaringiz kechiriladi.
"Baxtli hayot sari" kitobidan.
Saudiya Arabistoni poytaxtida O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Miniatyura san’ati: Buxorodan Arabiston yarim oroligacha. Muqaddas qadamjolar yo‘lidagi tarix” nomli madaniy kecha va ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etildi. Unda diplomatik korpus, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari vakillari, madaniyat va san’at arboblari ishtirok etdi.
Ko‘rgazmada o‘zbek ustalarining 35 ta ijodiy ishi namoyish etilib, ular tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston miniatyura rangtasviri tarixi, badiiy xususiyatlari va an’analari bilan tanishtiradi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash va o‘zbek-saudiya madaniy-gumanitar aloqalarini rivojlantirishda madaniyatning o‘rnini ta’kidladi.
“AlMashtal” kreativ markazi rahbari, malaka Nura bint Saud bin Naif Al Saud O‘zbekistonni mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, miniatyura san’atini islom badiiy merosining bir qismi sifatida saqlab qolish ahamiyatini alohida qayd etdi.
Tadbir doirasida ta’lim va san’at sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi. Saudiya universitetlari vakillari Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan akademik almashinuvlar, qo‘shma tadqiqotlar va kasbiy aloqalarni o‘z ichiga olgan sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun ikki kun davomida ochiq bo‘ladi. Shuningdek, o‘zbek mutaxassislari rahbarligida 35 nafar saudiyalik havaskor rassomlar va yosh ustalar uchun amaliy mahorat saboqlari o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati