Bugun yerga qadalayotgan nihollar, ko‘chatlar kun kelib azim daraxtlarga aylanadi. O‘shanda sersoya daraxtlar ostida o‘tirib, shirin-shirin mevalarni yeb rohatlagan kishi, albatta, daraxt ekkan kishilarning haqlariga xayrli duolar qiladi.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov hamda Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdulvosid Xomitjonov Olmazor tumanidagi "Iskandarxo‘ja" jome masjidiga tashrif buyurib, tumanda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar bilan birga "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekdilar, gulu rayhonlarni yerga qadadilar.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bir kunda bir kishining kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun 22 tup daraxt kerak bo‘ladi. Demak, shundan kelib chiqib ko‘proq ko‘chat ekishimiz kerak.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ummatlarini ko‘chat o‘tqazish va ekin ekishga targ‘ib qilganlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, uni ekib qo‘ysin”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Yana bir muhim masala. Biz ko‘chat ekishga qanchalik haris bo‘lsak, ekilgan nihollarni parvarish qilishni unutmasligimiz kerak.
Bu xayrli ishga barchamiz hissa qo‘shsak, poytaxtimiz bog‘u bo‘stonga aylanadi, inshoalloh.
O‘MI Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati