Uzoq Sharq musulmonlari diniy idorasi raisi, Uzoq Sharq muftiysi Ahmad hazrat G'arifullin O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlariga minnatdorchilik maktubi yo'lladi.
Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga Saxalin orolida Ramazon oyi tadbirida xizmat ko'rsatishni tashkil etishdagi ko'rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirilgan.
“Biz sizning qo'llab-quvvatlashingiz va g'amxo'rlik ko'rsatganingizni chin qalbdan qadrlaymiz. Kelgusi hamkorligimizdan umidvormiz hamda musulmonlarni birlashtirish va Qodir Allohning dinini mustahkamlashga ko'maklashish yo'lidagi birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz bundan keyin ham o'z samarasini berishiga ishonamiz”, deyiladi tashakkurnoma matnida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi