Saudiya Arabistonining Pol'shadagi elchisi ushbu mamlakat muftiysiga qirol sovg'asi – 3700 nusxada Qur'on kitobini hadya qildi.
“IQNA” saytining “al-Yavm” nashriga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistonining Pol'shadagi favqulodda va muxtor elchisi Saad as-Solih Pol'sha muftiysi Tomas Miskovichga ushbu mamlakat qiroli hadyasini, jumladan 3700 nusxada Qur'oni karim kitobini hadya sifatida taqdim qilgan.
Qur'oni karim ma'nolarining polyak tilidagi tarjimasi kitobi nusxalari turli o'lchamlarda podshoh Fahd majmuasi nashriyotida chop etilgan.
Saudiya Arabistonining Pol'shadagi elchisi ushbu hadya taqdim etilishidan xursandligini bildirgan holda, bu harakatni Qirollikning xorijdagi elchixonalari bilan hamkorlikda Qur'oni karimga xizmat qilish borasida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da'vat va irshod vazirligi rejalari doirasidagi buyuk qadamdir deb sanadi.
As-Solihning so'zlariga ko'ra, Qur'oni karimning ushbu nusxasi uning polyak tilidagi tarjimasi bilan birga Pol'shadagi masjidlar va Islom markazlarida tarqatiladi.
Pol'sha Respublikasi muftiysi Tomas Miskovich ham ushbu xayrli tuhfa uchun minnatdorchilik bildirdi.
Shuningdek, “Qirol Fahd” majmuasining Qur'oni karim kitobini nashr etish borasidagi faoliyatini yuqori baholadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Dinimizda poklikka alohida e’tibor qaratilgan. Ibodatlarning ulug‘laridan biri namoz amalini durust bo‘lishi tahoratga bog‘liq. Namozda tahorat to‘liq va mukammal bo‘lishi kerak. Tahorat masalasi haqida Qur’oni karim va hadislarda ko‘plab hukmlar kelgan.
Xususan ajdodimiz, buyuk muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh ham o‘zlarining «Al-Jome’ as-Sahih» asarida alohida bo‘lim ochib unga «Tahorat kitobi» deb nom bergan. Va eng avval bobni tahorat haqida kelgan Moida surasining “Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo‘lsangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to‘piqlari ila yuvinglar” degan 6-oyatini keltirgan. Va davomida “Nabiy alayhissalom tahoratni bir marta, ikki marta va uch marta qilinishini bayon qildilar”, degan.
Keyin esa “Tahoratsiz namoz qabul bo‘lmaydi” deb ikkinchi bobga nom berdi va unda Abu Hurayra roziyallohu anhuning hadisini keltirdi. U hadisni Imom Buxoriyga ustozi Is'hoq ibn Ibrohim Hanzaliy aytdi, unga Abdurrazzoq, unga Ma’mar, unga Hammom ibn Munabbih aytdi, u Abu Hurayradan eshitgan. Abu Hurayra aytadi: “Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam marhamat qilib, betahorat kishi tahorat qilmagunicha namozi qabul qilinmaydi, dedilar. Bir kishi shu vaqtda “Ey Abu Hurayra, tahoratni nima sindiradi?" dedi. U zot, ovozli va ovozsiz yel", dedilar.
Hadisda “qabul bo‘lmaydi” deyildi. Alloma Ibn Hajar rahimahulloh, bu yerdagi namoz qabul qilinmasiligi “qabuli isobat” topilmagani uchundir, deganlar. Ya’ni, namoz fiqhiy qoidalar asosida ado qilinmagan, sababi namozni sharti bo‘lgan tahorat bo‘lmagani uchun ibodat qabul bo‘lmaydi.
Aslida “qabul” so‘zi Alloh taolo qabul qilgan amalga ishlatiladi. Namozxon ibodatni “qabuli isobat” bilan, ya’ni fiqhiy qoidalar asosida ado qilgan bo‘lsa-da, unga riyo aralashtirsa, Alloh qabul qilmagan bo‘ladi, bunda “qabuli ijobat” topilmagan hisoblanadi.
Matndagi “la tuqbalu – qabul qilinmaydi” degan jumlani “qabuli isobat” yoki “qabuli ijobat” deb taqsimlashga hojat yo‘q. Chunki “la tuqbalu” “mardud” ma’nosida, ya’ni namoz tahoratsiz rad qilinadi, deganidir.
Hadisda Abu Hurayra tahoratni buzadigan ikki narsani sanadi, u zotning nazdida shu ikkovigina tahoratni buzadimi, deyilsa, bunga ulamolar javob berishadi:
Birinchi ehtimol: Ha, faqat shu ikkisi bo‘lishi mumkin;
Ikkinchi ehtimol: Alomma Kashmiriy aytadi, bu savol-javob masjidda bo‘lgan. Masjidda esa tahorat sinishi shu ikkisi bilan bo‘ladi. Va yana odamlarni nazdida bu ikkisi tahorat sindiradigan narsa emas, deb o‘ylagan bo‘lishlari mumkin. Shu ikkinchi ehtimol ulamolar nazdida birinchi ehtimoldan rojih – afzalroq.
Demak, tahorat namozni durust yo nodurust bo‘lishiga sabab bo‘lib, har bir namozxon tahoratga katta e’tibor qaratish lozim.
Abdulbosit Meliboyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.