2023 yil 13 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari raisligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi Vasiylik Kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda tashkiliy masala ko'rildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi vazifasida mehnat qilayotgan Ziyovuddin domla Mirsodiqov o'z arizasiga binoan egallab turgan vazifasidan ozod etilib, Fond rahbari lavozimiga ushbu yo'nalishda katta tajribaga ega bo'lgan Isaxon Abdullayev kengash a'zolari tomonidan saylandi.
Ma'lumot o'rnida, Isaxon Abdullayev Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. U 25 yillik ish malakaga ega bo'lib, diniy-ma'rifiy sohani rivojlantirish, xayriya jamg'armalarini boshqarish va yordamchi xo'jaliklar faoliyatini tartibga solish borasida katta natijalarga erishgan. Jumladan, u mehnat faoliyati davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi, Maxsus jamg'arma raisi hamda Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg'armasi ijrochi direktori kabi muhim lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan. Tayinlovga qadar “Vaqf” xayriya jamoat fondi raisi o'rinbosari vazifasida ishlayotgan edi.
Shuningdek, yig'ilishda fond faoliyatini rivojlantirish borasidagi kelgusidagi rejalari muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi