Bir ayol Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga eridan shikoyat qilib keldi. Eri doimo uyiga mehmon chaqirib ziyofat berar, bu esa ayolga ortiqcha tashvish, mashaqqat keltirar edi.
Nabiy alayhissalom ayolga indamadilar.
Biroz vaqt o'tgach, Rasululloh ayolning erini chaqirdilar va: "Bugun men senikiga mehmonga boraman", dedilar.
Er xursand bo'lib uyiga qaytdi va bu haqda ayoliga xabar berdi. O'z navbatida, ayoli ham bu xabardan juda xursand bo'ldi va turli-tuman lazzatli taomlar tayyorlashga kirishdi.
Rasululloh mehmon bo'lib keldilar.
U zot mehmondorchilikdan qaytib ketayotganlarida, shikoyat qilgan ayolning erini yonlariga chaqirib: "Men chiqib ketayotganimda, ayoling eshikka qarab tursin", dedilar.
Ayol Rasulullohning ortlaridan qarab turdi. Nabiy alayhissalomning orqalaridan har xil hasharotlar, zararkunandalar ergashib borardi.
Bunday qo'rqinchli holatni ko'rgan ayolning esi og'ib qolay dedi. Shunda Rasululloh ayolga qarab: "Huddi shunday har gal uyingizdan mehmonlar chiqib ketayotganida o'zlari bilan uyingizdagi turli balo-ofatlarni, zararkunandalarni ergashtirib chiqib ketadi", dedilar.
* * *
Ko'p mehmon keladigan uy Alloh taologa mahbub maskandir. Bunday maskanga Allohning rahmati va barakoti yog'iladi.
Hadisi sharifda: "Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, mehmonini izzat-ikrom qilsin. Uning mukofoti bir kechayu bir kunduzdir. Mehmondorlik uch kun. Undan keyingisi sadaqadir. Unga toki uni (mezbonni) tanglikka solguncha turmog'i halol bo'lmas", deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Halqimiz bejiz: "Mehmon – atoyi Hudo" demagan.
Homidjon domla IShMATBYeKOV
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari
#Imom_Moturidiy
يقول أبو المعين النسفي : "والشيخ الإمام أبو منصور الماتريدى رحمه الله كان من أشد الناس اتباعًا لأبي حنيفة فى الأصول والفروع جميعا"
Abul Mo‘iyn Nasafiy rahimahulloh aytadilar: "Usulda ham, furu’da ham, Imom Abu Hanifa yo‘lini tutgan odamlarning eng mahkami Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahullohdir".
"At-Tamhid li-qavoidit-tavhid" kitobi (23-bet)
Manba: @AhliSunnaValJamoaUz