Malayziyaning “Batik Air” aviakompaniyasi kechadan e'tiboran Kuala-Lumpur–Toshkent–Kuala-Lumpur yo'nalishida haftasiga ikki marotaba muntazam havo qatnovlarini yo'lga qo'ydi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Parvozlar “Boeing 737 max 8” va keng fyuzelyajli "Airbus A330" rusumli samolyotlarda dushanba va juma kunlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, Toshkent va Kuala-Lumpur o'rtasidagi parvozlar "Uzbekistan Airways" tomonidan ham haftasiga 2 marta amalga oshirib kelinmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, ikki mamlakat o'rtasida aviaqatnovlar sonining ko'payishi ishbilarmon doira vakillari o'rtasidagi aloqalarni faollashtirish va sayyohlar oqimini yanada ko'paytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o'tamiz, Malayziyaning etakchi aviatashuvchilarining respublikamizga parvozlarini tashkil etish, ziyorat turizmi salohiyatini keng targ'ib qilish va malayziyalik sayyohlar oqimini ko'paytirish maqsadida O'zbekistonning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko'magida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi ma'muriyati va "Batik Air Malaysia" kompaniyasi rahbariyati o'rtasida qator muzokara va maslahatlashuvlar tashkil etilgan edi. Malayziya aviakompaniyasining O'zbekistonga ilk aviaqatnovi 2023 yil 15 dekabr' kuni yo'lga qo'yilgan edi.
"Batik Air Malaysia" ("Malindo Airways Sdn Bhd") 2012 yilda Malayziya va Indoneziya o'rtasidagi hamkorlik doirasida tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Petalingjayada joylashgan. Hozirda kompaniya Osiyo qit'asining 50 dan ortiq yo'nalishiga, jumladan Avstraliya, Bangladesh, Janubiy Koreya, Indoneziya, Pokiston, Singapur, Tailand, Hitoy, Yaponiya, Hindistonga reyslarni amalga oshiradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati