Uyga kech qaytar ekanman, ko'chamizda, darvoza yoniga o'rnatilgan supachada o'tirgan onamni ko'rib, jahlim chiqib ketdi: “Oyi, yana kutib o'tiribsizmi? Necha marta aytaman. Meni kutmang, men sizga yosh bola emasman”. Onam esa, xotirjam ovozda: “Kelganingga shukr, endi tinch uxlayman. Kelganingni ko'rmagunimcha ko'zimga uyqu kelmaydi. Uzoqdan kelayotganingni ko'rib, ko'nglim xotirjam bo'ladi”. O'sha kuni onamga jahl qilib, ovqat ham emadim.
Bu holat tez-tez takrorlanar edi. Mening asosiy hayotiy tashvishlarim yaxshi ish topish, yaxshi daromad, umuman olganda yaxshi yashash. Ammo onamning men to'g'rimda qayg'urishlari tashvishlar ro'yxatining oxirida edi.
Uylandim, farzandlik bo'ldim, turmush o'rtog'im kuta-kuta uxlab qolar, ammo onamning ko'ziga uyqu kelmasdi. Kechalari uyga kech qaytishlar yoki umuman kelmaslikni oddiygina “hayot tashvishlari” yoki “tirikchilik”, deb, umr qanday o'tganini bilmay qolibman.
Hozir sochlarimga oq oralagan. Darvozamiz o'zgargan, ammo supa o'sha-o'sha. Supada o'tirib, uzoqqa termulaman. “O'g'limni uzoqdan ko'rsam, ko'nglim xotirjam bo'ladi...”.
Munira ABUBAKIROVA
Bir insonni dunyoda (ko‘p qavatli) uy orzu qilayotganini ko‘rasan.
Agar unga ega bo‘lsa, endi uni hovli-joy orzulayotganini ko‘rasan.
Hovli joyli bo‘lsa, endi uni hashamatli qasrni orzulayotganini ko‘rasan.
Va shu tarz davom etaveradi. Ya’ni, orzu-havasning cheki yo‘q.
Lekin jannat ahli ...
Jannatda istiqomat qiluvchilar o‘zlari bo‘lib turgan sharoit, holatdan boshqasiga o‘zgarishini istamaslar.
Jannat ahli haqida Allohning ushbu so‘zi bor: “Unda mangu qoluvchidirlar va undan ko‘chishni istamaslar” (Kahf surasi, 108-oyat).
Allohim bizni jannat ahlidan qilgin!
Izoh: Jannatning darajalari o‘rtasida ulkan tafovut borligiga qaramay, u yerga kirish nasib bo‘lgan har bir inson o‘ziga ato etilgan manzilatga rozi bo‘ladi va boshqa o‘ringa ko‘chishni, o‘zgarishini aslo istamaydi.