Ibrohim Naxaiyning ko'zlari g'ilay edi. Uning shogirdi Sulaymon ibn Mehronning ham ko'zi juda xira ko'rar edi. Bir kuni ular birgalikda safarga otlanishibdi. Masjid tomon intilib, Ko'fa yo'llaridan birida ketishar ekan, Imom Naxaiy: “Ey Sulaymon, sen boshqa yo'ldan, men boshqa yo'ldan ketsak nima deysan? Negaki men nodon odamlar oldidan o'tib qolsak, “Iya, ko'r-ko'rni etaklab olibdi-ku!” deb g'iybat qilishlaridan va shu sabab gunohkor bo'lib qolishlaridan qo'rqaman”, debdi. Sulaymon: “Ustoz, nima qilibdi, axir biz savob olamiz, ular gunohkor bo'ladilar-ku?!” debdi.
Shunda Ibrohim Naxaiy: “Subhanalloh, seni qara-yu, axir biz ham, ular ham (gunohdan) sog' qolganimiz biz savob olib, ular gunohkor bo'lib qolganidan yaxshi-ku!” debdi.
Bu qalblar qanday qalblar-a?! Qanday pok qalblar-a?! Faqat menga yaxshi bo'lsin, faqat men salomat qolay demaydi, men ham, boshqalar ham gunohdan salomat qolsin, deydi.
Bu qalblar iymon bilan bezalgan qalblardir! Osmonlarga parvoz etib, egasini oliy jannatlarga eltadigan qalblardir!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Birortangiz birodaringizga o'zingizga ravo ko'rgan narsani ravo ko'rmaguningizcha mo'min bo'lmaysiz”, degan hadislariga to'laqonli mos tushgan qalblardir bular!
Ali roziyallohu anhu o'g'illari Hasan roziyallohu anhuga bunday nasihat qilgan ekanlar: “Ey o'g'lim, o'zing va boshqalar o'rtasida o'zingni mezon qilgin: o'zingga ravo ko'rgan narsalarni boshqalarga ham ravo ko'rgin, o'zing uchun yomon ko'rgan narsalarni boshqalar uchun ham yomon ko'rgin. Senga zulm qilinishini xohlamaganingdek, sen ham boshqalarga zulm qilmagin. Senga yaxshilik qilinishini yoqtirganingdek, sen ham ehson qil. O'zingda bo'lishini xohlamaganing illatlarni boshqalarda bo'lishini ham xohlama. Odamlar haqqida o'zingdan rozi bo'ladiganlaring bilan ulardan rozi bo'l. Bilmaydigan narsang haqida gapirma, garchi biladiganlaring oz bo'lsa ham. Senga qarata aytilishini xohlamagan gaplaringni boshqalarga ham aytma. Bilki, ujub to'g'rilikning aksidir va qalblar ofatidir. O'zing zo'r berib sa'y-harakt qil, boshqalarga suyanib qolma! To'g'ri yo'lga hidoyat etilsang, Robbingdan eng qo'rqadigan holatda bo'l”.
Hasan Basriyga: “Bir kishi sizni g'iybat qilyapti”, deyishganda u kishi: “Sa'y-harakatsiz, hech qanday charchoqsiz, riyodan ham, ujubdan ham xoli holda erishgan savobimni qarshi olaman!” deganlar.
Endi o'ylaylik, g'iybat qilish orqali qancha-qancha savoblarimiz har tarafga uchib ketishiga rozimizmi?!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Hasan domla Kenjayev
Urganch shahar bosh imom-xatibi