Qalbingizga eng yaqin inson bu – harakteringizni o'zingiz qaror toptirgan printsiplarga muvofiqlashtirish xususida o'ylaydigan, g'am chekadigan insondir. Bunday mahorat juda kam odamlarda mavjud.
O'zingizni olam ichra bir oddiy shaxs deb hisoblab yurgan vaqtingiz, siz kim uchundir butun boshli olam bo'lishingiz mumkin. Ha, hayotda bizni va bizga sevikli kishilarni yaxshi ko'radigan, ammo bu uchun bizdan hech qanday evaz so'ramaydigan kishilarni uchratamiz. Siz o'zingiz yaxshi ko'rgan odamlardan ko'ra ko'proq sizni yaxshi ko'radigan, siz haqingizda qayg'uradigan odamlarga e'tiboringizni qarating. Chunki unday odamlarning sizga bo'lgan mehr-muruvvati samimiy bo'ladi! Zotan hech qanday badalsiz sizga e'tibor ko'rsatmoqdalar-da!
Siz yaxshi ko'rgan, o'zingizga do'st tutgan kishilar sizdan faqat olish payida bo'ladi. Sizni yaxshi ko'rgan odamlar esa sizga faqat berish, qaysidir tarafda bo'lsa ham sizga ko'maklashish ilinjida bo'ladilar.
Bunday iliqlik qo'l berib ko'rishish bilangina yuzaga kelib qolmaydi. Holis duo bilan, kutilmaganda xabar yozish bilan vujudga keladi. Gohida telefon orqali bir og'iz shirin so'z bilan ham shunday iliqlik paydo bo'lishi mumkin. Masalan, uni yodga olganingizni, ovozini eshitgingiz kelganini unga aytishingiz mumkin.
Gohida bir odamni siz yoqtirmaysiz-da, lekin u shu qadar ko'p e'tibor berib, qayg'urganidan sizni charchatib yuboradi. Unday odamni agar yoningizda ko'rmay qolsangiz, qidirib qolasiz.
Siz uchun ko'p ishlar qilgan odamning ko'nglini ranjitib qo'ymang. Shunday ko'ngillar borki, ularni qaytib topa olmaysiz!
Yaxshi ko'rishingizni oshkor qilib qo'ying:
Kimnidir yaxshi ko'rsangiz yoxud kimningdir hayotingizda siz uchun alohida o'rni bo'lsa, buni unga oshkor qilib qo'ying. Zero, bu qalbga etib boruvchi va mahv etuvchi o'qdir! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Orangizdan kimki birodarini yaxshi ko'rsa uning oldiga borib, Alloh uchun yaxshi ko'rishini xabarlasin”.
Lekin buning bitta sharti bor. Yaxshi ko'rish Alloh uchun bo'lishi kerak. Mansab, pul kabi dunyo matohlari uchun bo'lmasligi kerak! Zero, Allohdan boshqa narsa uchun do'st bo'lish behudadir, bunday do'stlik qiyomatda dushmanchilikka aylanadi!
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “O'sha kunda taqvodorlardan boshqa do'stlar bir-birlariga dushmandir” (Zuxruf surasi, 67-oyat).
Haqiqiy do'stlik bu mo'minlar orasida Allohning toat-ibodatida bo'lganlari holda o'sib boruvchi qaynoq mehr-muhabbat bulog'idir. Yana bir bor ta'kidlab o'tamiz, bunday do'stlik rishtasi oyatda aytilganidek taqvo uzra, Allohning toat-ibodati uzra bo'lmog'i darkor! Bunday do'stlar qozonish juda zarur! Zotan mo'minning jannatdagi saodat sabablaridan biri aynan mo'min birodarlari bilan bir-biriga tutash bo'lgan so'rilarda yastanib o'tirishdir.
Biroq do'stlik dunyo uchun bo'lsa, oxiri adovat va dushmanchilik bilan nihoyalanadi. Yomon do'stlar bilan do'st tutinishdan ogohlantirishlarni eshitamiz-u, biroq ular bilan tajriba o'laroq do'stlashib ko'ramiz, natija esa turli xil xato va gunohlarga yo'l qo'yish bilan tugaydi! Shuning uchun yomon odamlar bilan sinab ko'rish uchun ham do'stlashib o'tirmaslik kerak!
Do'sting kimligini ayt, men senga kimligingni aytib beraman degan maqol bejizga emas. Yaxshi insonlar bilan do'st tutining, shunda yaxshi nom bilan yodga olinasiz!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
#Imom_Moturidiy
يقول أبو المعين النسفي : "والشيخ الإمام أبو منصور الماتريدى رحمه الله كان من أشد الناس اتباعًا لأبي حنيفة فى الأصول والفروع جميعا"
Abul Mo‘iyn Nasafiy rahimahulloh aytadilar: "Usulda ham, furu’da ham, Imom Abu Hanifa yo‘lini tutgan odamlarning eng mahkami Imom Abu Mansur Moturidiy rahimahullohdir".
"At-Tamhid li-qavoidit-tavhid" kitobi (23-bet)
Manba: @AhliSunnaValJamoaUz