Bir hakim zotdan ikki kishi o'rtasida bo'lgan suhbatni zarbul-masal shaklida hikoya qilib berayotganini eshitganman:
"Birinchi odam debdi: Do'stingni qanchaga sotding?
Ikkinchisi javob beribdi: To'qsonta xatoga pulladim!
Shunda birinchisi debdi: Muncha arzonga sotmasang?!".
Men bu masal haqida ko'p o'yladim. Do'stining sakson to'qqizta xatosini kechirib, to'qsoninchisida do'stligidan kechgan bu odamdan hayratlandim. Lekin undan ham ko'proq to'qsonta xatoga sotgani uchun malomat qilgan narigi odamdan ajablandim. Go'yo u: "Bundan ham ko'prog'ini ko'tar! To'qsonta xato do'sting uchun munosib narx emas. Sen uning qiymatini tushirib yuboribsan, atigi to'qson xatoga sotibsan!", deyotgandek edi.
Endi o'ylab ko'raylik, do'stimizning narxi qancha xatoga teng? Bizga nisbatan qancha xatolik qilsa do'stimizdan kechamiz?
Yoki qarindoshlarimizning, aka-ukalarimizning narxi qancha?
Ota-onamizni-chi? Ularni qancha xato evaziga sotamiz?
Bugungi kunimizga qarasak, odamlar orasidagi voqelikka nazar solsak, do'stini, yaqinini, hatto otasi yoki onasini bitta xatoliq sababli, bittani-ku qo'ya turing, chorakta xato sababli, xato ham sanalmaydigan ishlar sababli sotayotgan qanchadan-qancha odam bor?!
Nafaqat xatolik tufayli, balki yomonlikka undovchi nafsga yoxud inson va jinlardan bo'lgan shaytonlarga ergashib hech qanday aybsiz, gunohsiz yaqinlaridan kechayotganlar qancha?!
Sobiq do'stlarimizni qancha xato evaziga sotganimizni eslaylik-da… O'ylab ko'rsak ularni past baholaganimizni, qimmatbaho narsani arzimagan chaqa-tangaga berib yuborganimizni tushunib etamiz!
Bizga hali-hanuz yaqin bo'lgan do'stlarimizning narxini yuqori ko'tarib, ularnning xatolarini qancha katta va ko'p bo'lsa ham qabul qilishga, hazm qilishga o'rgansak bo'lmaydimi?!
Aybi, kamchiligi tufayli oldin kechib yuborgan do'stlarimizni hozir qaytarib ololamizmi?!
Ho'sh shu narsani tushunib etgan holda yaqinlarimiz bilan oqilona muomala qilamizmi yoki yana shunday davom etaveramizmi?!
Har qanday shaxsning haqiqiy qiymati – uni yo'qotganingizdan keyin, vafot etganidan keyingina bilinadi. O'shanda u bilan o'rtangizdagi rishtaning asl mohiyatini tushunib etasiz. O'shanda uning qadriga etasiz!
Do'stlaringizni, yaqinlaringizni va sizga mehr-muhabbat bilan yaxshi aloqada bo'lgan insonlarni hech qanday xatoga sotmang!
Ularning narxini, qadrini baland ko'taring. Shu qadar yuqori bo'lsinki, qancha xato qilishsa ham xatolar ularga eta olmasin! Qaror sizning qo'lingizda va doim shunday bo'ladi!
Bilingki, Alloh g'azabini yutadiganlarni, odamlarni kechirib yuboradiganlar maqtagan va yaxshilik qiluvchilarni yaxshi ko'rishini ko'p bor ta'kidlagan: “Robbingizdan bo'lgan mag'firatga va kengligi osmonlaru ercha bo'lgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qo'yilgan jannatga shoshiling. Ular engillikda ham, og'irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g'azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”(Oli Imron surasi, 133-134-oyatlar).
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.
Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.
Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».
Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».
Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!
Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».
Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!
Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!
Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!
Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!
Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!
Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!
Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi