Bolaligimdan otamni ishdan qaytayotganlarida eshik oldida kutib olish odatim bor edi. Otam harbiy ofitser bo'lib ishlardilar. Ba'zi kunlari kelmay qolsalar ham, keladigan kunlari soati ko'pincha aniq bo'lardi. Men o'sha payt darvozamiz oldiga chiqib dadamni kutardim. Otamni uzoqdan ko'rishim bilan oyog'imni qo'limga olib yugurardim. Dadam meni quchoqlab yuzlarimdan o'pardilar. Keyin bir qo'llari bilan elkamdan ushlab olganlaricha uyga kirib ketar edik.
Mening kutib olishimga otam ham juda o'rganib qolgandilar. Ba'zida otamni kutib olish yodimdan ko'tarilib, ko'chaga chiqmay qolardim. Shunday paytlarda dadam uyga kirmay turib, ko'chadagi bolalardan birortasini mening oldimga yuborardilar. “Dadangiz aytdilar, darvoza oldiga chiqib dadangizni kutib olar ekansiz” deb ayttirib yuborardilar. Men ham bundan juda xursand bo'lib yugurib chiqib dadamni kutib olardim. Shunda dadam menga: “Qizalog'im, bugun meni kutib olishni unutibsan-ku! Menga bu uyda sening kutib olishingdan boshqa zavq yo'q” derdilar.
Otamning qo'llari elkamni tutib uyga kirib ketar ekanmiz boshqa bolalar oldida otam bilan faxrlanib qo'yar edim. O'zimni dunyodagi eng qudratli odamdek his qilardim.
Otam o'zlari o'ta jiddiy ishda ishlasalar ham menga nisbatan o'ta yumshoq tabiatli inson edilar. Ishdan qaytganlarida juda charchagan bo'lar, lekin bir pas o'tirganimizdan so'ng menga “Sening kutib olishing hamma charchoqlarimni yozib yuboradi, qizim” derdilar.
Bugun o'zim ham kap- katta ayol bo'ldim, ona bo'ldim. Shunday bo'lsa-da otajonimni juda sog'inaman. O'sha damlarni, otamni kutib olishlarim, uzoqdan yugurib borishim, meni quchib, elkamga qo'llarini qo'yib, uyga olib kirishlari, aytgan o'sha shirin gaplarini necha yillardan beri sog'inaman.
Ba'zida o'sha eski uyimizning oldidan o'tib ketar ekanman, otamni yana ishdan qaytib kelishlarini, o'zim esa u kishini oldingiday kutib olishni orzu qilaman. Ushalmasligini aniq bilsam-da o'zimni otamning bag'riga yana otib hozirgi hayot tashvishlarimni so'zlab bersam deyman...
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Sehrni sehr bilan davolanmaydi, balki shariatga muvofiq dam soldirish, “Fotiha”, “Oyatal kursiy”, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, “Ixlos”, “Falaq” va “Nas” suralarini o‘qib, o‘ziga dam solish, doimo tahoratli yurish, farz ibodatlarni vaqtida bajarish, ko‘p qiroat va zikru tasbehda bo‘lish tavsiya etiladi.
Tarixdan ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni Labiydul yahudiy va uning qizlari o‘n bir tugunli ip bilan sehr qilishganda “Falaq” va “Nas” suralarini o‘qib panoh so‘rashga buyurildilar. U zot ushbu suralarni o‘qib sehrdan xalos bo‘ldilar (“Tafsiri Jalolayn” kitobi).
Avvalo, folbinlik, sehr bilan shug‘ullanadigan kishilardan uzoq bo‘lish, sehr ham Alloh taoloning iznisiz ta’sir qilmasligiga qattiq ishonish kerak.
Sehr bilan shug‘ullanish – oilalarning buzilishi, silai rahmning uzilishiga sabab bo‘ladigan og‘ir jinoyatdir. Hozirgi kunda ham sehrning isitish-sovutish degan turi ko‘p uchraydi. Ba’zi opa-singillarimiz tushunmasdan erimni o‘zimga isitaman, deb folbin-sehrgarga murojat qiladilar.
Ko‘pincha natija teskari bo‘ladi. Aslida, opa-singillarimiz dinimizda tavsiya qilingan, er-xotin o‘rtasida muhabbatni ziyoda qiladigan ishlarga harakat qilishlari kerak.
Eng asosiysi, iymon, ixlos, muhabbat, sabr-toqat, qanoat, bosiqlik, kechirimlilik, mehr, shukr, Allohning taqdiri va taqsimiga rozi bo‘lish, xushmuomalalik, hayo, mehnatsevarlik, oqko‘ngillik kabi xislatlarga ega bo‘lishga harakat qilsalar, erni isitish uchun imonni tahlikaga qo‘yib folbin-sehrgardan yordam so‘rashga hojat qolmaydi.
Folbin va sehrgarlarning bozorini yuritayotganlar, ularning eshiklari oldida turnaqator navbatlar tashkil qilayotganlar kimlar? Afsuski, biz o‘zimiz ularning ishi yurishishiga sabab bo‘lmoqdamiz. Har bir oila boshlig‘i qo‘l ostidagilar uchun mas’ul.
Demak, har bir er yoki ota oila a’zolarini folbin va sehrgarlarga borishidan qaytarishi kerak. Chunki o‘zini ham oila a’zolarini ham do‘zax o‘tidan asrashi uning muqaddas burchidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.