Misrdagi Qur'oni karim iste'dodlarining xalqaro tanlovi 20 aprel' kuni Sharm ash-Shayx shahrida joylashgan “Sahoba” masjidida mamlakat Vaqflar va islom ishlari vaziri, doktor Muhammad Muxtor Juma ishtirokida boshlandi. Bu haqda IQNAning “Al-Ahrom”ga tayanib xabar berdi.
Ushbu marosimning ochilishida Misr Vaqflar va islom ishlari vaziri, doktor Muhammad Muxtor Juma bunday dedi: “Ushbu tanlov Qur'on va islom madaniyatining mohir hofizlarini qabul qilish va rag'batlantirish, butun dunyo bo'ylab ularni Misrning Qur'onga xizmat qilish, oqilona va ma'rifiy diniy qarashlarni tarqatish bo'yicha ilg'or tajribalari bilan tanishtirish hamda Qur'on ilmining eng yaxshi talabalarini rag'batlantirish maqsadida o'tkazilmoqda”.
Janubiy Sinay viloyati hokimi Holid Fuda ham ochilish marosimida bunday dedi: “Sahoba masjidi Sharm ash-Shayx masjidlarining ramzi sanaladi va uni Sharqning madaniy va tsivilizatsiya nurlari chirog'i sifatida ta'riflash mumkin. Bu shahar o'zining noyob va ajoyib me'morchiligi bilan, bu masjid turistik diqqatga sazovor joy bo'lib, masjidda tadqiqotchi va talabalar tomonidan foydalaniladigan qimmatbaho kutubxona va islom madaniyati markazi ham bor”.
Eslatib o'tamiz, Misrning Qur'on iste'dodlari xalqaro tanlovi ikki bosqichda o'tkaziladi:
Dastlabki bosqich 650 ming evro miqdoridagi sovrinlarni o'z ichiga oladi, shundan birinchi toifa g'oliblari uchun 125 ming funt, ikkinchi toifa uchun 125 ming funt, uchinchi toifa uchun 100 ming funt, to'rtinchi toifa uchun 150 ming funt va beshinchi toifa uchun 150 ming funt sterling xalqaro musobaqalarda har bir yo'nalish bo'yicha birinchi va ikkinchi o'rinlarni egallaganlar uchun taqdim etiladi.
Ushbu musobaqalarning ikkinchi bosqichida 2 million 300 ming funt sterling miqdoridagi sovrinlar ham o'rin olgan bo'lib, shundan birinchi toifadagi g'oliblar uchun 500 ming funt sterling, ikkinchi toifa uchun 500 ming funt sterling, uchinchi toifa uchun 250 ming funt sterling, to'rtinchi toifa uchun 300 ming funt sterling, beshinchi toifa uchun 500 ming funt sterling va 300 ming funt rag'batlantiruvchi mukofot topshiriladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi