Shu yil 22 aprel' kuni Saudiya Arabistonining Madina shahrida birinchi "Umra va ziyorat" xalqaro forumi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi tomonidan tashkil etilgan anjumandan maqsad "Vision 2030" dasturini hayotga tadbiq etish doirasida Makka va Madinaga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar va sayyohlar uchun yanada keng qulayliklar va shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
Tadbirda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatdan kelgan delegatsiyalar, jumladan, 300 dan ortiq umra xizmatini tashkil etuvchi sayyohlik agentliklari, mehmonxona, oziq-ovqat va aviakompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, forum ishida O'zbekiston Bosh konsulxona xodimlari ham qatnashdi.
Anjumanning ochilish qismida Saudiya Arabistoni haj va umra vaziri, doktor Tavfiq ar-Robiya va Madina amiri Salmon bin Sulton bin Abdulaziz Ol Saud ishtirokchilarni qutladi.
Forum doirasida turizm industriyasini rivojlantirish, xorijiy mehmonlarni qabul qilishda yaratilgan shart-sharoitlar, qulay viza tizimi, sayyohlik yo'nalishlarini diversifikatsiya qilish, sayyohlar xavfsizligini ta'minlash va boshqa mavzularda taqdimotlar o'tkazilmoqda.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi, "Al Rajhi Group" korporatsiyasi va "Marmara Group" kompaniyasi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv o'tkazdilar.
Muzokaralar chog'ida o'zbekistonlik ziyoratchilarga yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirilib, "Umra – 2025" mavsumida o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Birinchi "Umra va ziyorat" xalqaro forumi 24 aprelga qadar davom etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
Bugungi qabul davomida yurtimizning turli hududlaridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Ana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati